10:14 / 09.12.2018
2 328

Diyego Simeone: «Mumkin emas» iborasini yomon ko‘raman

Diyego Simeone: «Mumkin emas» iborasini yomon ko‘raman
Madridning «Atletiko» klubi bosh murabbiyi Diyego Simeone Chempionlar Ligasi doirasidagi «Monako»ga qarshi bahs (2:0) arafasida jamoasining o‘yini qanday tashkil etilishi va Ispaniya chempionatida nega yaqqol favorit yo‘qligi haqida fikr bildirdi.

- Ispaniya chempionatining joriy mavsumi har qachongidan o‘zgacha o‘tmoqda, istalgan jamoa raqibini mag‘lubiyatga uchratmoqda...
- Barcha klublar yetakchilarga yaqinlashib borishmoqda. Murabbiylar kerakli yo‘nalishda ishlashmoqda, raqiblarni qanday zararsizlantirishni bilishadi. Mana, Rossiyada o‘tkazilgan JChda ham yaqqol favoritni ko‘rmadik. Bir nechta jamoa «oltin» uchun kurashdi. Ispaniyada ham xuddi shunday – taktika tobora katta rol o‘ynamoqda. Balki bu o‘yin tomoshabopligiga ta’sir o‘tkazayotgandir, biroq hammaga natija kerak.

- Aytmoqchisizki, futbolda murabbiyning roli oshmoqda?
- Xuddi shunday. Buni Rossiyadagi mundialda ko‘rdik, o‘ylashimcha, murabbiylar asosiy planga chiqishdi. La Ligada ham murabbiylar qo‘l ostidagi jamoadan maksimum natija olishga intilishmoqda. Hech kim muayyan ideal uslubga tayanmagan, har bir yo‘nalish o‘ziga yarasha yaxshi. Hammasi futbolchilar, ularning murabbiy g‘oyalarini amalga oshirishdagi imkoniyatiga bog‘liq.

- Sizning nazdingizda, raqobatbardosh jamoa qanday bo‘lishi lozim?
- U murabbiy sifatida topshiriladigan har qanday vazifani yechishi kerak. Mashg‘ulotlar jarayonida ishlangan narsalarni o‘yinda ko‘rsatadi. Ha, bu mag‘lubiyatga uchramaslikni kafolatlamaydi, ammo jamoa to‘g‘ri harakat qilsa, mamnun bo‘laman. YeChL doirasida Dortmunddagi bahsda 0:4 hisobida yengildik. Ushbu natijadan tushkunlikka tushdim, deb o‘ylaysizmi? Aslo! Chunki biz rejadagidek o‘yin ko‘rsatdik. Shunchaki, ayrim vaziyatlarda ishlar chala ekanligi ko‘rindi va bu bizga qimmatga tushdi. Jamoamiz o‘yini shakllangan, hech narsani o‘zgartirish shartmas va oradan uch kun o‘tib, Ispaniya chempionati doirasidagi «Real Sosedad»ga qarshi bahsda yigitlar buni isbotlashdi – biz g‘alaba qozondik (2:0). Qisqasi, qanday o‘ynash kerakligini bilgan jamoa hamisha kurashga shay bo‘ladi.

- Yaxshi. Jangga shay bo‘lmaganlarning xarakteristikasi qanday?
- O‘zini butun jamoadan ustun qo‘yadigan futbolchilari bor joyda shunday nuqson kuzatiladi.

- Joriy mavsum La Ligada yetakchilar haddan ziyod ochko yo‘qotishdi...
- Shunchaki, avval ochko ololmaganlar otni qamchilashdi. To‘g‘ri usulni topishdi. Jamoalar saviyasi tenglashmoqda, chempionatning uchdan bir qismi ortda qoldi, qarang, birinchi bilan o‘ninchi o‘rinni necha ochko ajratib turibdi? Bunaqasi avval kuzatilmagandi.

- Baribir, 0:4 hisobidagi mag‘lubiyat stressga sabab bo‘ladi. Yigitlardagi o‘zlariga bo‘lgan ishonchni qaytarish uchun murabbiy nima qilishi kerak?
- Mag‘lubiyatdan bir kun o‘tib, ularga o‘yin yozuvini, qaysi vaziyatda to‘g‘ri harakat qilishganini ko‘rsatdim. Har bir jamoaning o‘ziga yarasha ustunlik va kamchiliklari bo‘ladi. Xatolarni oddiy ko‘z bilan ilg‘ash mumkin. Ularga e’tibor qaratish lozim! Yaxshisi, o‘zimizning kuchli tomonlarimizni inobatga olib, eplaydigan jihatlarni kuchaytiramiz. Xatolar esa barchada uchraydi!

- O‘yinlar payti hissiyotlaringiz junbushga kelishini ko‘rib, savol tug‘iladi – shuncha kuch qayerdan olinyapti?
- Kecha, bir va ikki yil avval ro‘y bergan voqealarni yoddan chiqarib yuborishga intilaman, ertaga qanday g‘alaba qozonishni o‘ylayman. Qo‘l ostimdagi futbolchilarning o‘sishga erishishlari asosiy omil deb bilaman. Har gal safimizga iqtidorli o‘yinchi qo‘shilsa, unda ko‘plab kamchiliklarni ko‘raman – bu murabbiy sifatida men uchun o‘ziga xos chorlovdir. Aslida murabbiy nafaqat bilim beradi, balki futbolchilariga hissiyot borasida ham ta’sir o‘tkazishi lozim.

- Ushbu masalada aniqroq tushuntirish bersangiz...
- Bu hayot qonuni. Bosh tanani nazorat qiladi. Yillar o‘tib, futbolchilarimning holatini tushunadigan bo‘ldim. Ularning mashg‘ulotlarga yo‘l olishlariga qarab, qandaydir muammosi borligin sezaman. Atrofimdagilarning energiyasini his qilaman. Har tong uyg‘onganimda menda bir motivatsiya bo‘ladi – to‘xtash yo‘q, murabbiy sifatida o‘sish darkor. Ko‘pincha mendan «Atletiko»da uzoq vaqt ushlanib qolishimga nima sabab bo‘layotgani haqida so‘rashadi va men bunga quyidagicha javob beraman: bu yerda o‘zimni juda qulay sezaman. Dunyoda biz mag‘lub etolmaydigan jamoalar ko‘pmi? «Mumkin emas» iborasini juda yomon ko‘raman.

- Bir o‘yinda necha kilogramm vazn yo‘qotasiz?
- Darhaqiqat, terlashga to‘g‘ri keladi... (Kuladi). O‘zimni xotirjam tutishni xohlayman, ammo buni uddalash qiyin. Maydonda nimadir sodir bo‘layotganini ko‘rsa, qonim qaynaydi, o‘zimni nazorat qilolmayman. Imkon qadar o‘zimni qo‘lga olishga intilaman. Jamoa uchun ko‘p narsaga ko‘z yumishga to‘g‘ri keladi.

- Juda charchasangiz kerak...
- Albatta. Ba’zan charchoq seziladi. Ayrim hollarda esa uning o‘rnini qo‘rquv egallaydi. Gohida esa ertaga chiqish eshiklarini ko‘rsatishlari mumkinligi haqida o‘ylayman.

- «Atletiko»da yulduzlar bilan qanday chiqishasiz?
- Biz ko‘p yillardan birgalikda buyon ishlayapmiz. Munosabatlarimiz a’lo, hurmat joyiga qo‘yiladi. Albatta, bu yigitlar mashhur, maydonga tushirmaganingda, norozi bo‘lishadi. O‘zim ham futbol o‘ynaganman, balki Grizmann darajasiga chiqmagandirman, ammo jangovarlikni saqlab qolardim. O‘shanda murabbiylar menga to‘g‘ri yo‘nalish berish uchun provokatordek harakat qilishardi. Futbolchining murabbiyga munosabati uni maydonda qancha o‘ynatgani emas, balki kunlik mashg‘ulotlardagi ishga bog‘liqdir. Men imkon qadar qo‘l ostimdagi o‘yinchining yorqin qirralarini ochishim, nimalargadir da’vat etishim kerak. Mabodo uning jahli chiqsa, yaxshi, chunki bu g‘azab muvaffaqiyatga yetaklashi mumkin.

- Bordi-yu kimdir sizdan ranjimasa-chi?
- Omadini boshqa jamoadan izlayversin!

- Yulduz futbolchi jamoada alohida mavqega ega bo‘lishi lozimmi?
- Bu xususda ko‘p gapirilgan. OAVda shunday to‘qima obraz paydo bo‘lgan – jamoadagi yulduz. Boshqa tomondan, murabbiylar matbuotning xabarlariga ko‘ra ish tutishlari kerakmi? Shaxsan men bu borada hech nima demoqchi emasman.

- Lekin jamoa o‘yini aynan yulduzlari hisobiga quriladi-ku?!
- To‘g‘ri. Biroq jamoa yulduzga qanchalik bog‘liq bo‘lsa, yulduzning ham jamoaga bog‘liqligi bundan kam emas. Uning shu darajaga yetishida sheriklarining hissasi katta bo‘ladi. Grizmann o‘ziga kerakli bo‘lgan jamoalar – «Atletiko» hamda Fransiya termasida to‘p surayotgani uchun ham hozirgi mavqeiga erishdi.

- Futbolchilar bilan suhbatlashish chog‘ida murabbiy ma’lum masofani saqlashi kerakmi?
- Shubhasiz. Ammo ko‘pincha o‘yinchilarning o‘zlari masofa saqlashadi. Har kim mustaqil bo‘lishga intiladi. Muhimi, bunday intilish yaqinlaringizni xafa qilmasin.

- Futbolchi murabbiydan qo‘rqishi kerakmi?
- Agar otasidan qo‘rqqan o‘g‘il singari bo‘lsa, mayli.

- Yaxshi o‘yinchi, kerak paytda jamoasi uchun o‘zini qurbon qilishi lozimmi?
- Haqiqiy yuqori saviyali futbolchi bo‘lsa – ha. Aynan shuning uchun uning darajasi baland bo‘ladi. Bir og‘aynim shunday degandi: «Ajoyib futbolchi hech qachon muammo tug‘dirmaydi. Saviya ham aynan shundan kelib chiqadi!» U haq. Barcha muammolar aslida yulduz bo‘lmasada, o‘zini osmonda yurgandek his qiladiganlardan kelib chiqadi.

- Antuan Grizmann – yulduzmi?
- Albatta! Yanada aniqroq aytadigan bo‘lsam, u o‘zidagi yulduzlikni Fransiya termasiga ham yuqtirgan. Ajoyib futbolchi, o‘z oldiga yuksak maqsadlar qo‘yadigan jamoa aynan shundaylarga ehtiyoj sezadi. Men «Atletiko» va Fransiya termasini nazarda tutyapman. Antuan ma’lum muddat soyada yurib, kerakli pallada katta sahnaga chiqishi mumkin. JCh yarim finali doirasidagi Belgiyaga qarshi bahs (1:0)ning bir vaziyatini yaxshi eslayman. Qarshi hujum payti Grizmann Mbappega uzatma yo‘lladi, Kilian esa oldinga intildi. Rejaga ko‘ra, Antuan ham unga qo‘shilishi lozim edi. Ammo u nima qildi? Raqibning eng xavfli o‘yinchi Azarning qayerda turganini ko‘rdi va mazkur holatda jamoasi manfaati uchun to‘g‘ri yo‘lni tanladi. O‘shandayoq miyamda bir fikr charx urgandi: uning miyasiga kompyuter o‘rnatilgan! U har bir vaziyatda kerakli ishni bajaradi. O‘sha holatda ham Grizmann barchasini to‘g‘ri hisob-kitob qildi, hujum samarasiz yakunlanishini sezib, keyingi o‘yin holatiga tayyorlandi.

- Antuan «Atletiko»ga kelgani yili (2014) uning «miyasida kompyuteri bormidi»?
- Tug‘ma iqtidor sohibi ekani yaqqol ko‘ringandi. «Atletiko»ga kelishidan avval («Real Sosedad»da) Grizmann chap yarim himoyada o‘ynardi, men esa uni hujumga qo‘ydim. Shunda mendan ranjishdi. Axir klub unga qanot yarim himoyachisi sifatida 30 million yevro to‘lagandi-da. Rahbariyatga Grizmann ikkinchi hujumchi vazifasini a’lo darajada bajarishi mumkinligini tushuntirishga to‘g‘ri keldi. Buning uchun unda hamma narsa yetarli: gol sezish qobiliyati, ajoyib zarba, sog‘lom fikr... Yangi pozitsiyaga tezda moslashishiga ishonchim komil edi. Ammo buning uchun ko‘p ishlashga to‘g‘ri keldi, xususan, uning jismoniy holati bo‘yicha. Antuan «Atletiko»da ko‘p jihatlar bo‘yicha rivojlanishga erishdi.

- Ba’zan omma Grizmann nega bor mas’uliyatni o‘z zimmasiga olmayotganini tushunmaydi...
- Nima demoqchiligingizni tushundim... 2018 yili Grizmann Fransiya termasi va «Atletiko»ga juda ko‘p narsa berdi, hali hech bir futbolchi bunday qilganini ko‘rmadim. Mana hamma gap qayerda! Agar yigit butun jamoa o‘yinini to‘g‘ri yo‘nalishga solayotgan bo‘lsa – u bebaho futbolchidir!

- Sizningcha, Rossiyada o‘tgan mundialda aynan Grizmann terma jamoaning miyasi bo‘libdi-da?
- Xuddi shunday. Antuan yuqori sport formasida ekan, dunyoda undan aqlli futbolchini topish qiyin.

- U «Oltin to‘p»ga loyiqmi?
- Agar ushbu sovrinni olsa, «Atletiko»da hamma quvonadi, u shunga loyiq. Axir iqtidordan tashqari, mashaqqatli mehnat qilish ham kerak. Ha, qaysidir ma’noda, Messi va Ronaldu jahonning eng yaxshi futbolchisi bo‘lishlari mumkin, faqat 2018 yilda emas! Bu safar Antuan tengsiz!

- Toma Lemar haqida fikringiz...
- Ajoyib futbolchi!

- Grizmanni yarim yil zaxira o‘rindig‘ida saqlagansiz, Tomani esa darhol asosiy tarkibda tushirdingiz...
- Haqiqatni inkor etmayman. Ammo Toma hali ko‘p mehnat qilishi lozim. Unga aytdim: «Deshamga termaga munosibligingni isbotlashing lozim!» Bu ajoyib motivatsiya. Agar milliy jamoaga chaqirishmasa, futbolchi o‘zini qandaydir kamchiligi bordek sezadi. Lemar futbol nafaqat o‘yin, balki aniq ish ekanligini ham tushunishi kerak. Albatta, seni olqishlashayotgani yoqimli, lekin birinchi navbatda jamoa manfaatlarini o‘ylash darkor. Ishonchim komilki, Toma hammasini uddalaydi. U aqlli, uni chuv tushirish mushkul.

- Lukas Ernandes haqida fikringiz qanday?
- Markaziy himoyachi sifatida – bu haqiqiy yirtqich. Shuncha kuchni qayerdan olarkin? Va eng muhimi, u jangchi hamdir. Lekin u «Atletiko»dagi dastlabki rasmiy o‘yinida (kubok bahsida) qanotda to‘p surib, Krishtianu Ronalduni qo‘riqladi. O‘shanda menga «Aqldan ozibsan! Endigina 17 yoshga to‘lgan yigitcha sinib qolishi mumkin», deyishgandi. Lukas esa ajoyib o‘yin ko‘rsatgandi. Ayrim jihatlar bo‘yicha ishlashi lozim, ammo quvvatiga gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas! Unga qarab turib, o‘ylanib qolaman: «Agar jamoamizda shunday o‘yinchilardan yana o‘n nafari bo‘lsa, bizni hech qaysi raqib mag‘lub etolmasdi!»
J.BOBOXONOV tayyorladi

Manba: interfutbol.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Diyego Simeone: «Mumkin emas» iborasini yomon ko‘raman