date

«Manchester Siti» himoyasida katta o‘zgarishlar kutilmoqda

«Manchester Siti» himoyasida katta o‘zgarishlar kutilmoqda

Angliya chempioni «Manchester Siti» bosh murabbiyi Xosep Gvardiola jamoa tarkibini yangilash jarayonini izchil davom ettirmoqda. Yanvar oyida Abduqodir Husanovning kelishi bilan boshlangan bu jarayon hali ham yakunlangani yo‘q va hozirda ham katta o‘zgarishlar kutilyapti.

Ispaniyalik murabbiy bir qator yulduzlarga yo‘l berib yubordi. Asosiy tarkibga kirish imkonini topolmagan o‘yinchilar esa ijaraga jo‘natildi. Masalan, markaziy himoyachilardan Manuel Akanji Turkiya chempionatiga yo‘l oldi va katta ehtimol bilan yozda «shaharliklar» bilan xayrlashadi. Yosh himoyachilar Vitor Reys va Maks Alleyn esa tajriba orttirish maqsadida «Jirona» hamda «Uotford»ga topshirildi.

Himoya markazida tajribali Natan Ake zaxirada qolgan, Jon Stounz esa jarohatlarga moyil bo‘lib qolgani bois uzoq muddat maydonga tusha olmayapti. Bu holat yoshi katta himoyachilarning kelajagini yanada noaniq qilib qo‘ydi.

Gvardiola esa himoya chizig‘i kelajagini Abduqodir Husanov, Ruben Diash va Yoshko Gvardiolga bog‘lab qo‘ygan. Biroq jahon grandlari uchun bu yetarli emas. Kuchli rotatsiya va ichki raqobat zarur. Shuning uchun ham «Manchester Siti» Angliya Premer-ligasining eng munosib markaziy himoyachilaridan biri — «Kristal Pelas» sardori Mark Gexiga jiddiy qiziqish bildirmoqda.

Ma’lumki, Gexi yozda «Liverpul»ga qo‘shilishiga juda yaqin kelgandi, ammo turli sabablarga ko‘ra bu transfer amalga oshmay qoldi. Uning «Kristal Pelas» bilan shartnomasi mavsum yakunida tugaydi. «Liverpul» uni yozda erkin agent sifatida olib kelishni rejalashtiryapti.

Biroq «Kristal Pelas» rahbariyati shartnomani uzaytirishdan bosh tortgan sardorini yanvar oyidayoq sotib, pul ishlab olish tarafdori. «Siti» esa shu imkoniyatdan foydalanib qolishga tayyor.

Daily Mirror ma’lumotlariga ko‘ra, «Manchester Siti»ning Gexini qo‘lga kiritishi oson kechmaydi. Chunki Angliya terma jamoasi himoyachisini «Real», «Barselona», «Bavariya», «Inter» va «Yuventus» kabi jahonning yirik klublari ham kuzatib bormoqda va ular ham transferni qishki oylarda amalga oshirish uchun harakat boshlagan.

Shunday ekan, Mark Gexining kelajagi qaysi klub bilan bog‘lanishi hali ham sirli bo‘lib turibdi. Ammo aniqki, Gvardiola himoyada yangi qudratli nomni ko‘rishni istayapti.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » «Manchester Siti» himoyasida katta o‘zgarishlar kutilmoqda