date

Jahon chempionlariga pul mukofotlari va BYD avtomobillari topshirildi

Jahon chempionlariga pul mukofotlari va BYD avtomobillari topshirildi

Bugun, 18 sentyabr kuni Milliy Olimpiya qo‘mitasida boks bo‘yicha Liverpulda o‘tgan 2025 yilgi jahon chempionatida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan sportchilarni taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

O‘zbekiston sharafini munosib himoya qilgan va jahon arenasida yuqori natija ko‘rsatgan milliy jamoa a’zolari hamda ularning murabbiylari Prezident sovg‘asi – qiymatli pul mukofotlari va BYD avtomobillari bilan taqdirlandi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Prezidentining sport bo‘yicha vakili Odil Abdurahmonov, Sport vaziri Adham Ikromov, MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, shuningdek, keng sport jamoatchiligi va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Qarorga ko‘ra, jahon chempionatida oltin medalga ega chiqqan 6 nafar bokschiga BYD avtomobili bilan birga 15 ming AQSH dollaridan taqdim etildi. Kumush medali uchun 7 ming dollar, bronza medali uchun esa 3 750 dollar mukofot ajratildi. G‘olib sportchilarning murabbiylari ham e’tibordan chetda qolmadi – ularga 7 ming dollar va avtomobil kalitlari topshirildi.

O‘zbekiston milliy jamoasiga medal keltirgan chempionlar quyidagilar:

Oltin medal sohiblari:
-60 kg: Abdumalik Xalokov
-65 kg: Asadxo‘ja Mo‘ydinxo‘jayev
-75 kg: Fazliddin Erkinboyev
-80 kg: Javohir Ummataliyev
-85 kg: Akmaljon Isroilov
-90 kg: To‘rabek Habibullayev

Kumush medal sohiblari:
-65 kg: Navbahor Hamidova
+90 kg: Jahongir Zokirov

Bronza medal sohiblari:
-48 kg: Sabina Boboqulova
-51 kg: Feruza Kazakova
-70 kg: Aziza Zokirova

Shu tariqa, Liverpul chempionatida yurtimiz bokschilari yuksak marralarni zabt etib, nafaqat medallar, balki Prezident sovg‘alari bilan ham yurt sharafini yanada baland qildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jahon chempionlariga pul mukofotlari va BYD avtomobillari topshirildi