Taniqli fantast-yozuvchi Diyego Torres hamda fransiyalik futbol afsonasi o‘rtasidagi mazkur muloqot 2002|2003 yillar mavsumida, Ispaniya chempionatining «Valensiya»ga qarshi kechgan 34-tur uchrashuvidan keyin bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda «Qirollik klubi» «Real Sosedad» bilan chempionlik uchun ayovsiz kurash olib borayotgan, oxirgi 4 ta o‘yinni muvaffaqiyatli o‘tkazishi talab etilardi. Boz ustiga, jamoaning YeChL yarim finalida «Yuve»dan yengilgani futbolchilarni ruhiy tushkunlikka mahkum etgandi.
Bir yil avval «Xempden Park»dagi goli evaziga Florentino Peresga dastlabki «shalpangquloq»ni tortiq etgan fransiyalik afsona endi o‘z kolleksiyasida yetishmayotgan La Liga g‘olibi unvonini qo‘lga kiritishi lozim edi. Shunday murakkab vaziyatda ham Zayniddin o‘ziga xos xotirjamlik va ko‘tarinki kayfiyatini yo‘qotmagandi. Endi u bosh murabbiy sifatida Madrid klubini yana bir marta inqirozdan xalos etishga urinayotgani beixtiyor o‘sha futbolchilik damlarini eslatdi.
- Joriy mavsumda «Real Sosedad» jamoangizga nisbatan 1000 daqiqa kamroq to‘p surdi. Muxlislar va jamoadoshlaringiz o‘rtasida sizning ancha toliqib qolganingiz haqida gap-so‘zlar yuribdi. O‘zingiz qanday fikrdasiz?
- Men bu fikrga qo‘shilmayman. G‘oliblikka erishish uchun ruhan tayyormiz. Hozir 4 jamoa - «Deportivo», «Valensiya», «Real Sosedad» va biz asosiy da’vogarmiz. Avvalgi tur natijalari imkoniyatlarimiz ko‘proq ekanligini ko‘rsatib turibdi.
- Sizni nafis uslub va mukammal texnika sohibi sifatida hurmat qilishadi. Lekin so‘nggi paytlarda biroz qo‘pollik, jizzakilik xislatlari ham ko‘zga tashlanmoqda. Velasko, Emerson, Puyol va Aureliolar bunga bevosita guvoh bo‘lishdi.
- Futbol shunaqa sport turi. Kurashish shart. Texnika va nafislikning o‘zi ba’zan muvaffaqiyat uchun kamlik qiladi, ayovsiz jang qilishga to‘g‘ri keladi. Maydondagi harakatlarim o‘z-o‘zidan paydo bo‘ladi.
- Bir yil avval Glazgodagi finalda urgan golingiz «Real»ga mavsumdagi yagona sovrinni taqdim etgandi. O‘shanda to‘p o‘ng oyog‘ingizga uzatilgan, zarba yo‘llash uchun qulay turgandi. Biroq siz negadir chap oyog‘ingizdan foydalandingiz...
- Yo‘q, aslida chap oyog‘im kuchliroq. Shu bois, men uni ko‘proq ishga solaman.
- Glazgodagi o‘sha tarixiy goldan qanday taassurotlar qolgan?
- U to‘pni to‘xtatmasdan yo‘llangan dastlabki zarba emasdi, mashg‘ulotlarda ham juda ko‘p mashq qilganman. Ammo o‘sha zarba... avvalgilariga sira o‘xshamasdi. Nishablik burchagi, aylanma harakati mukammal darajada bo‘lgandi. Bunday voqealar juda kam uchraydi.
- Lekin nima bo‘lganda ham, siz «zaif» oyog‘i bilan yaxshiroq zarba beradigan futbolchilar sirasidan emassiz.
- Bu savolga javobni bolalikdagi odatlarimdan qidirish lozim, deb o‘ylayman. Albatta, o‘rtoqlarim bilan ko‘chada o‘ynagan paytlarda ikkala oyog‘imdan unumli foydalanishga urinardim. Darvozabon bilan yakkama-yakka holatlarda ikki oyoqda ham zarba berishga odatlanish zarur. To‘g‘ri, ko‘pincha bolalar bu jihatga ortiqcha ahamiyat berishmaydi.
- Ayting-chi, qachon tug‘ma iqtidor o‘rnini o‘yindan olingan tajriba egallaydi?
- Men bor mahoratimni tug‘ilganimdan keyin topganman, deb hisoblayman. Buning uchun juda ko‘p ter to‘kish talab etiladi. Kannda o‘ynagan paytimda tinim nimaligini bilmasdim. Har kuni 3 martadan mashq qilardim, ikkala oyog‘im bilan soatlab to‘p tepardim, sherik bo‘lmagan paytlarda devor bilan o‘ynardim.
- Sizga shunday talab qo‘yilganmidi?
- Yo‘q, murabbiy qandaydir elementni ko‘rsatsa, uni mashg‘ulotdan keyin, yolg‘iz holda o‘zlashtirishga intilganman. Chunki xalal beradigan kishi qolmasdi. Shu zaylda ko‘p narsalarni o‘rgandim. Yolg‘iz qolishga hech kim majbur qilgan emas, bu taxlit shug‘ullanish o‘zimga juda yoqardi.
- Hozir bunday qilmaysiz, to‘g‘rimi?
- «Bordo»ga o‘tganimdan keyin kamroq shug‘ullanadigan bo‘ldim, asosan jamoa bilan mashq qildim. Keyin «Yuventus», «Real»da... Yo‘q, yoshing 30ga chiqqanda mashq qilishning hojati yo‘q, degan fikrdan yiroqman. Shuningdek, hammasini o‘rganib bo‘ldim, demoqchi ham emasman. Shunchaki, vaqt o‘tishi bilan kishining mentaliteti o‘zgarib boradi. Bolalikdagi devorga to‘p tepishlarga vaqt yetishmaydi. Ayniqsa, oila, farzandlar paydo bo‘lganidan keyin. Qisqasi, hozir har kuni ikki mahal mashq qilaman: Syudad Deportivada va o‘g‘lim bilan o‘z bog‘imizda.
- Fintlarni namoyish etayotganda muxlislarni o‘ylaysizmi?
- Ha, albatta. «Real» tarkibida maydonga tushganda iloji boricha yaxshiroq to‘p surishni istaydi. Muxlislarni o‘ylamaslikning imkoni yo‘q.
- Ya’ni, fintlarni ularga yoqish uchun amalga oshirasiz, shundaymi?
- Yo‘q, men hech qachon bunday maqsadni oldimga qo‘ymaganman, muxlislarga yoqish yoki raqiblarimga ustunligimni namoyish etish uchun o‘ynamayman. Bu mening tabiiy uslubim. Asosiysi, jamoaga manfaat keltirish. To‘g‘ri, xatoliklardan hech kim kafolatlangan emas.
- Nima uchun jarima zarbalarini amalga oshirishga intilmaysiz, doimo to‘pga jamoadoshlaringiz yaqinlashadilar?
- Sababini bilmayman... Jamoamizda zarba yo‘llay oladigan o‘yinchilar yetarli: Roberto Karlos, Figu, Yerro, Guti... Men ham tepa olaman, ammo mendan yaxshiroq tepadiganlar bor. «Bordo»da mendan boshqa hech kim yo‘q edi, faqat o‘zim tepardim.
- «Bordo»da ajoyib gollar urgansiz. Nahotki, bu yerda davom ettirishni istamaysiz?
- Hamma gap shundaki, u jamoada zarbadan avval o‘ylash uchun vaqt yetarli edi. Bu yerda bunday imkoniyat yo‘q.
- Enso Francheskolining aytishicha, sizdagi asl futbolchi fazilati o‘tgan mavsumda «Bernabeu»da «Deportivo» darvozasiga urgan golingizda namoyon bo‘lgan. «Yuve» safida «Redjina» va «Ayaks» darvozalarini ajoyib uslubda zabt etgansiz: o‘ng oyoqda zarbaga chog‘lanish, aldamchi harakat, chap oyoq bilan to‘pni bir metrga chetga olish va zarba! O‘sha usullaringiz qayerda qoldi?
- O‘zimni aldamchi harakatlarni amalga oshiradigan yakka-yu yagona futbolchi deb hisoblamayman. Lekin siz zikr etgan o‘sha gollar uslubimni belgilab berishini tan olaman.
- Ularning mualliflik gollari ekanini his etasizmi?
- Yo‘q, ammo kutilmagan tarzda amalga oshirgan gollarim o‘zgacha zavq berishi haqiqat. Chunki uni futbolni qadrlay oladigan kishilar ham tomosha qiladilar. O‘zim ham Raul yoki Ronaldoning o‘yinlarini yoqtiraman. Ular ham men kabi juda tez qaror qabul qilishadi.
- La Ligada qaysi kasbdoshingiz e’tiboringizni ko‘proq qozongan?
- Aymar.
- U ham siz kabi «devor» uslubini xush ko‘radi. Biroq sheriklari ko‘pincha to‘pni Aymarga qaytarishmaydi.
- Ehtimol, men bu borada ko‘proq braziliyaliklarga yaqinroqdirman. Yevropada «devor» uslubi Braziliya, Argentina va Urugvaydagi kabi keng tarqalgan emas. Bu o‘ta tezkor usul, raqib himoyachilariga qiyinchilik tug‘diradi.
- Jismoniy tayyorgarlik shaxsan siz uchun muhimmi yoki yolg‘iz texnikaga suyangan holda maydonga tushaverasizmi?
- Yo‘q, eng asosiysi, yaxshi sport formasida bo‘lish. Agar u bo‘lmasa, texnik elementlarni amalga oshirib bo‘lmaydi. To‘g‘ri, ko‘p yugurmagan holda o‘ynaydigan futbolchilar ham yo‘q emas. Biroq ular 20-25 metr uzoqlikda to‘pni qabul qilib natijaga erishgunlaricha ko‘p vaqt o‘tadi. Romario shunday uslubda o‘ynagan. Men esa maydonda harakatsiz tura olmayman.
- Parhezga rioya qilasizmi?
- Ha, lekin o‘ta qat’iy tarzda emas. Pasta, baliq va ko‘katlarni xush ko‘raman, salqin ichimliklardan yiroqman.
- Fransiya terma jamoasidagi vorisingiz kim?
- «Lion»da ajoyib bir futbolchi bor. Uning ismi Vikash Doraso.
- Ortingizda bo‘shliq qolishidan xavotirga tushmaysizmi?
- Har doim o‘rinbosar topiladi. Barchamiz vaqtinchalik mehmonmiz. Bu sinov dunyosida hech kim abadiy emas. Terma jamoaga ham, «Yuve» va «Real»ga ham munosib o‘yinchilar topiladi. «Yuve» mendan avval ham, mening davrimda ham, hozir ham nomdor jamoa. Milliy jamoamizda men va Dorasoga joy topiladi. Shunday ekan, xavotirga o‘rin yo‘q!
U.UMAROV tayyorladi.
Manba: interfutbol.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Turkiya Isroil prezidenti samolyotini havo hududiga kiritmadi
Dunyoning mashhur ayollari kunni qanday boshlaydi?
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Global ochlik va qashshoqlikka qarshi kurash alyansiga 82 mamlakat a’zo bo‘ldi
Tyumen oblastiga O‘zbekistondan mehnat migrantlari ishga jalb qilinadi
Ijtimoiy tarmoqlar davrida ruhiy salomatlikni qanday saqlash mumkin?
KXDR Rossiyaga 100 minggacha harbiy yuborishi mumkin