11:26 / 04.08.2019
2 285

"Paxtakor"ning peshqadamligi va "Qo‘qon-1912"ning autsayderligi ostida o‘tayotgan Superliga

"Paxtakor"ning peshqadamligi va "Qo‘qon-1912"ning autsayderligi ostida o‘tayotgan Superliga
Yozgi tayyorgarlik jarayonlari ham yakuniga yetib, Superliganing ikkinchi davra bahslari ham boshlandi va dastlabki ikkita tur ortda qoldi. Aytish mumkinki, endilikda ikkinchi davra barcha jamoalar uchun hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Jamoalar o‘z imkoniyatiga qarab tarkibda seleksiya ishlarini olib borishdi. Yozgi «repetitsiya» tugab, hamma yana «sahnaga» qaytdi deyish mumkin. Biz esa ikkinchi davraning dastlabki ikkita turidan so‘ng jamoalarning holati va imkoniyatlari haqida so‘z yuritamiz.

“Paxtakor” chempionlik uchun odimlashda davom etmoqda
“Paxtakor” klubi chempionlik uchun katta qadam tashlashda davom etyapti. Kutilganidek, Shota Arveladze jamoasi ikkinchi davrani ham g‘alabalar bilan boshlashdi. Avvaliga Toshkentda “Qo‘qon-1912” 3:1 hisobida taslim etildi. So‘ngra, Navoiyda “Qizilqum”ga qarshi kechgan uchrashuvda “Sherlar” raqibini yana bir bor “g‘ajib” tashladi. Bu safar “Paxtakor” javobsiz beshta gol urdi.

Yodingizda bo‘lsa, birinchi davrada Toshkentda o‘tgan uchrashuvda mezbonlar “Qizilqum”ni 8:0 hisobida tor-mor keltirgandi. Shubha yo‘qki, “Paxtakor” bugungi kunda chindan ham hammadan kuchli klub bo‘lib turibdi. Arveladze esa o‘z jamoasini bunday ko‘rinishga keltirishi uchun salkam uch yil vaqt sarflashiga to‘g‘ri keldi. E’tibor bergan bo‘lsangiz, birinchi davradan keyin bosh murabbiy tarkibda u qadar o‘zgarishlarga qo‘l urgani ham yo‘q.

Chunki o‘zi shundoq ham “Paxtakor”ning tarkibi deyarli mukammal ko‘rinishga kelib ulgurgandi. Shu bois “Lokomotiv”dan Husniddin G‘ofurov taklif qilindi. O‘zbekistondagi aksariyat kuchli o‘yinchilar hozirda “Paxtakor” sharafini himoya qilishmoqda. Ochig‘i, bu yil “Paxtakor”ning chempionlikni qo‘lga kiritishida ko‘pchilikda shubha yo‘q.

Babayan boshchiligidagi “Loko” chempionlik uchun kurashdan chetga chiqdimi?
Samvel Babayan “Lokomotiv” klubi bosh murabbiyi etib tayinlanganidan keyin chempionatdagi intriga yanada kuchayishi kutilayotgandi. Ayniqsa, ikkinchi davrada chempionlik uchun kurashda “Lokomotiv” ham faollikni oshirishi taxmin qilingandi. Lekin buni qarangki, ikkinchi davraning boshlanishiyoq chempionlik uchun kurashdagi intrigani go‘yoki yo‘qotgandek.

Boisi, Babayan jamoasi Jizzaxda “So‘g‘diyona”ga yutqazgach, “Paxtakor” bilan ochkolar o‘rtasidagi farq 11 taga yetdi. Aftidan, Samvel Babayanning “Lokomotiv”ga o‘zining o‘yin uslubini moslashtirishi uchun ancha vaqt kerakka o‘xshaydi. Bu orada esa ma’lum ochkolar yo‘qotilishi ham mumkin. Ustiga-ustak bugungi kunda “Paxtakor” yaxshi sport formasida va bu jamoani to‘xtatib qolish uning raqiblari uchun katta qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Ko‘rib turganingizdek, “Paxtakor” raqiblar darvozasiga kerak bo‘lsa o‘zi istagancha gol ham urmoqda. Bunday vaziyatda esa “Lokomotiv”ning ochko yo‘qotishi “Sherlar” uchun ham ayni muddao bo‘lmoqda. To‘g‘ri, oldinda yana 11 ta tur bor. Lekin o‘rtadagi 11 ochkolik farqning yo‘qolishiga ishonish qiyin bo‘lmoqda.

“Qaldirg‘ochlar”ning parvozi yana boshlanayotgandek...
Mavsum boshida turli qiyinchiliklarga duch kelgan “Bunyodkor” ayni paytga kelib o‘zini ancha tiklab olgani quvonarli, albatta. Bu jamoa yozgi yig‘inni Belorussiyaning Minsk shahrida olib bordi. E’tiborlisi, Superligadagi boshqa hech bir klub xorij yig‘inini tashkil etgani yo‘q.

Bosh murabbiy Vadim Abramov esa jamoasining yozgi yig‘inidan qoniqqanini alohida aytgandi. Bunga isbot sifatida “Bunyodkor”ning ikkinchi davrani g‘alabalar bilan boshlaganini aytish mumkin. O‘z maydonida “Dinamo” hamda “Surxon” jamoalarini yengish “qaldirg‘ochlar” uchun katta muammo tug‘dirgani yo‘q.

“Bunyodkor” biriga to‘rtta, ikkinchisiga esa uchta gol urdi. Jamoadagi iqtidorli futbolchilar esa Abramovning g‘oya va uslubini yaxshi o‘zlashtirib borishmoqda. Natijada boshida ko‘pchilik tomonidan hisobdan chiqarib yuborilgan “Bunyodkor” yana kimligini eslatib qo‘ymoqda. Natijada ushbu klub misolida chempionatimizdagi intriga yana kuchayayotgandek. Buning ustiga Vadim Abramov ham kamtarona tarkibdan qanday jamoa va o‘yin tashkil qilishini barchaga ko‘rsatib qo‘ymoqchi ko‘rinadi.

O‘yin chizgisi o‘zgarmayotgan “Nasaf”
“Bunyodkor”dagi vaziyatni “Nasaf” bilan ham o‘xshatish mumkin. Negaki, mavsum boshida qarshiliklar safida ham o‘zgarishlar bo‘ldi, yetakchilar ketishdi. Tarkib asosan yosh va mahalliy tarbiyalanuvchilar hisobiga to‘ldirildi. Moliyaviy tomondan ham muammolar jiddiy edi. Endi klubda oldingidek tajribali yoki nomi chiqqan futbolchilar yo‘q edi. Shunga qaramay, u yerda klub akademiyasi va eng muhimi Ro‘ziqul Berdiyev bor.

Shu bois “Nasaf” turli qiyinchiliklarga qaramasdan hamon o‘z mavqeini yo‘qotmasdan kelmoqda. Berdiyev u yerda shunday jamoani yaratganki, qancha futbolchi kelib ketmasin baribir “Nasaf”ning o‘yin chizgisi sira o‘zgarmaydi. Ko‘pchilik esa Berdiyev yoshlar bilan qiyinchiliklarga uchrashini o‘ylashgandi. Biroq ular shunday o‘yinlar ko‘rsatishyaptiki, hali hamon sovrinli o‘rinlar uchun kurashishmoqda. To‘g‘ri, “Nasaf” oxirgi turda Qarshida “Metallurg”ga yutqazib qo‘ydi.

Lekin bunday mag‘lubiyat jamoaning shashtini sindira olmaydi. Asosiysi, klubdagi yosh futbolchilar bosh murabbiy qo‘l ostida yangi kashfiyotlar sifatida yetishib chiqishmoqda. Natijada ertaga ular yana futbolimiz uchun foyda keltiradigan darajaga yetishib chiqadilar. Shunday ekan, to‘g‘ri yo‘nalishga tushib olgan “Nasaf” va Ro‘ziqul Berdiyevdan hali ko‘p syurprizlarni ko‘rsak ajab emas.

O‘zidan yaxshi taassurot qoldirayotgan Ulug‘bek Baqoyev va “So‘g‘diyona”
Chempionatimizdagi yosh murabbiylar orasida gap ketganda Ulug‘bek Baqoyevga alohida to‘xtalmaslikning iloji yo‘q. U “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi sifatida ishga kirishgach, jizzaxliklarni raqobatbardosh jamoaga aylantirayotgani quvonarlidir. Yozgi tanaffus chog‘ida “So‘g‘diyona” seleksiya ishlarida puxta ish ko‘rishga harakat qildi. Ayniqsa, Jasur Hasanov va Ivan Nagayev kabi futbolchilarning taklif etilgani shubhasiz jamoa o‘yinini kuchaytirmoqda.

Baqoyev bu safargi seleksiyada songa emas, balki sifatga e’tibor qaratgani sezilib turibdi. Shu bilan birga u o‘zining murabbiylik salohiyatini ham namoyish eta olmoqda. Natijada futbolchilar uning ko‘rsatmalari asosida o‘yin ko‘rsatib, muxlislarini xushnud etmoqda. E’tibor bering, “So‘g‘diyona” ikkinchi davrani 100 foizli natija bilan boshladi. Avvaliga o‘z maydonida chempionlik uchun kurashayotgan “Lokomotiv”ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi.

Aytish joizki, “Loko” ustozi Samvel Babayan Superligadagi ilk mag‘lubiyatini aynan Jizzaxda qabul qilib oldi. Oqibatda ularning chempionlik uchun kurashdagi imkoniyatlari tushib ketdi. Bunga esa Baqoyev va “So‘g‘diyona” sababchi ekanligini unutmaslik kerak. Shundan so‘ng jizzaxliklar Qo‘qonga safar uyushtirishdi. Ochig‘ini aytganda, ushbu bellashuvda oxirgi o‘rinda borayotgan “Qo‘qon-1912”ga g‘alaba suv va havodek zarur edi va ko‘pchilik bu safar mezbonlarning g‘alabasini taxmin qilgandi.

Lekin o‘yindan avval bir hamkasbim ushbu juftlikda “So‘g‘diyona” kamida durang o‘ynashi yoki yutib ketishi haqida fikr bildirgandi. Chunki bugungi kunga kelib Ulug‘bek Baqoyev yaxshi jamoa shakllantira olganini alohida ta’kidlagandi. Chindan ham jizzaxliklar Qo‘qonda murabbiyning rejasi asosida o‘yin ko‘rsatishdi va natijada yakunda qimmatli uch ochkoga ega bo‘lishdi. Ko‘rinib turibdiki, “So‘g‘diyona” jamoasi hali barcha jamoalarga muammolar tug‘diradigan darajada.

-5 ochkolik zarar bilan boshlagan “Navbahor”
Afsuski, o‘z oldiga katta maqsadlarni qo‘ygan “Navbahor” sovrinli o‘rinlar uchun kurashishdagi imkoniyatlarini pasaytirib bormoqda. Ular ikkinchi davrani -5 ochkolik zarar bilan boshlashdi. Avvaliga o‘z uyida kutilmaganda “Qizilqum”ga yutqazib qo‘yishdi. Keyin safarda “Buxoro” bilan nursiz durang o‘ynashdi. Ochig‘i, “Navbahor” ustozi Deyan Jurjevichning o‘yin uslubiga moslashishi futbolchilar uchun oson kechmayapti. “Qizilqum”ga boy berilgan o‘yindan keyin esa serbiyalik mutaxassis aynan biz kutgan javoblarni aytdi.

Ya’ni, u jamoasining o‘yin uslubiga moslashishi uchun vaqt kerakligini aytdi. Aslida bu oldindan ma’lum edi. Shuningdek, Joze Mourino yaxshi jamoa tuzish uchun kamida ikki yil vaqt kerak bo‘ladi, degan gapni ham orada qo‘shib o‘tgandi. Jurjevichning bunday gaplaridan xulosa qilish mumkinki, undan mo‘’jiza kutib bo‘lmaydi. Yozgi yig‘inda o‘zi istaganchalik jamoani shug‘ullantirdi, seleksiya ishlarini olib bordi. Biroq jamoa yetakchisi bo‘lgan Oston O‘runovning nima uchun raqobatchilaridan biri bo‘lgan “Lokomotiv”ga qo‘yib yuborilgani tushunarsiz bo‘ldi.

O‘zi shundoq ham Jurjevichga O‘runov kabi futbolchilar kerak edi. Ammo u Ostonni “Loko”ga ketishiga rozi bo‘ldi. To‘g‘ri, Aziz Turg‘unboyev yarim yillik diskvalifikatsiyadan so‘ng qaytdi. Ammo baribir birinchi davrada o‘ynamagani o‘z ta’sirini ko‘rsatmoqda. Natijada hozircha uning maydonda bor-yo‘qligi ham bilinmayapti. Hozirgi paytda esa “Navbahor”ga Oston O‘runovdek jangchi futbolchi yetishmayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi. Qolaversa, “Navbahor”ning birinchi davradagi tarkibi hozirgisiga qaraganda kuchliroq ko‘ringandi. Deyan Jurjevich o‘zining o‘yin uslubini moslashtirgunicha mavsum tugab qolmasa bo‘ldi edi...

“Surxon”ning o‘yinida mazmun ko‘rinmayapti
“Surxon”da nimalar bo‘lmoqda? Murabbiylarni almashtiraverish orqali ko‘zga tashlanib borayotgan termizliklar aslida nimani maqsad qilishgani tushunarsiz bo‘lib qolmoqda. Birinchi davrada ishlari binoyidek ketayotgan bir mahalda bosh murabbiyni o‘zgartirishdi va Baxtiyor Ashurmatovni olib kelishdi. Yozgi yig‘inda esa u jamoa bilan astoydil ishladi, tarkibda ham jiddiy o‘zgarishlarga qo‘l urdi.

Lekin futbolda doim g‘alaba bilan mag‘lubiyat yonma-yon yuradi. Aksiga olib, “Surxon” “Nasaf”ga uyda ham safarda ham yutqazdi va bu o‘yinlar Ashurmatov bosh murabbiyligi ostida sodir bo‘ldi. Lekin bir oy ishlab-ishlamay turib, murabbiyni iste’foga chiqarish ochig‘i tushunarsiz. Natijada “Surxon”ning o‘yinida parokandalik kuzatilayotgandek.

Masalan, “Bunyodkor”ga qarshi bahsda termizliklar 0:3 hisobida yutqazishgan o‘yinda jamoaning o‘yinida mazmun ko‘rinmadi. Murabbiy almashgani futbolchilarga hamda jamoa o‘yiniga salbiy ta’sir ko‘rsatgani yaqqol ko‘rinib turgandi. Xo‘sh, klubga yana yangi bosh murabbiy olib kelinadimi yoki yo‘qmi? Buni vaqt ko‘rsatadi.

“Metallurg” o‘ziga kelganga o‘xshaydi
Birinchi davrada kutilgan o‘yin va natijani ko‘rsata olmagan “Metallurg” ikkinchi davrani ajoyib tarzda boshladi. Dastlab o‘z uyida AGMKni 2:1 hisobida yenggan bo‘lsa, Qarshida “Nasaf” ustidan ham xuddi shunday hisobda g‘alaba qozondi. Ayniqsa, “Nasaf”ning maydonida uch ochko bilan qaytish ancha-muncha jamoaning qo‘lidan kelmaydi. Lekin bu safar bekobodliklar ustozi Andrey Shipilov “ajdarlar”ni yengish yo‘lini topa oldi. Qolaversa, u yozgi yig‘in chog‘ida deyarli seleksiya ishlarida o‘zgarishlarga qo‘l urgani ham yo‘q.

Asosan birinchi davradagi futbolchilarga ishonch bildirishda davom etmoqda. Ular esa o‘tgan vaqt davomida murabbiyning uslubini yaxshigina o‘zlashtirib oldilar. Shu bois Shipilov tarkibda o‘zgarish qilmasdan maqsadiga hozirgi futbolchilar bilan erisha olishiga ishondi. Endi esa birinchi davradagi ayrim salbiy natijalar tasodif bo‘lganini ikkinchi davrada isbotlashga tushdilar.

Davron Fayziyevning tashvishi o‘rinli bo‘lib chiqdi
Birinchi davra qahramonlaridan biriga aylangan “Dinamo” klubi uchun ikkinchi davra omadsiz boshlandi. Ochig‘i, jamoa bosh murabbiyi Davron Fayziyev ikkinchi davra “Dinamo” uchun juda qiyin boshlanishini oldin ham aytib o‘tgandi. Chunki har qanday jamoa uchun ketma-ket “Bunyodkor” hamda “Lokomotiv” maydonida o‘yin o‘tkazishi oson emas. Afsuski, samarqandliklar ikkala uchrashuvda ham imkoniyatni boy berishdi. Biroq “Dinamo” o‘yin bo‘yicha yomon taassurot qoldirmadi.

Baribir Davron Fayziyevning jamoasida nimadir borligi ko‘rinib turibdi. U yozgi yig‘in chog‘ida ham tarkibida katta o‘zgarishlarga qo‘l urgani yo‘q. Asosan qo‘lidagi bor “materiallardan” foydalanishda davom etmoqda. Ko‘pchilik esa “Dinamo”ning ikkinchi davrani mag‘lubiyatlar bilan boshlagani jamoaning ruhiyatiga salbiy ta’sir o‘tkazmasligini aytishmoqda. Chunki bunga Davron Fayziyevning yo‘l qo‘ymasligiga ishonishadi.

“Navbahor”ni uyida yutib, Navoyida yana qaqshatgich mag‘lubiyatga uchragan “Qizilqum”
Yozgi tayyorgarlik jarayonida “Qizilqum” tarkibida ham e’tiborga molik o‘zgarishlar kuzatildi. Jamoani bir qator yetakchilar tark etishdi. Ularning o‘rniga esa legionerlar olib kelindi. To‘g‘risi, ikkinchi davraning ilk turida Namanganda “Navbahor” ustidan g‘alaba qozonishi ko‘pchilik tomonidan kutilmagan natija sifatida qayd etildi.

Chindan ham o‘sha kuni “Qizilqum” yaxshi taassurot qoldirdi. Biroq shundan so‘ng o‘z maydonida “Paxtakor” bilan kechgan bahsda “Qizilqum” yana birinchi davradagi kabi “sochilib” ketdi. Bu safar Hamidjon Aktamov jamoasi o‘z maydonida javobsiz beshta gol o‘tkazib yuborishdi.

Lekin dastlabki ikkita o‘yindan uch ochkoni qo‘lga kiritgani chakki emas. Baribir ularning “Navbahor” maydonida g‘olib bo‘lishgani maqtovga sazovor. Shunchaki “Paxtakor” bilan bahsda navoiyliklarning raqibdan har jihatdan kuchsizligi yana bir bor bilinib qoldi. Bu mag‘lubiyat jamoa a’zolariga qanchalik ta’sir ko‘rsatishini esa keyingi o‘yinlarda bilib olamiz.

AGMKning muvaffaqiyatsizligi qachon barham topadi?
AGMK yana hayron qoldirishda davom etyapti. Birinchi davrani juda omadsiz o‘tkazgan Mirjalol Qosimov jamoasi ikkinchi davraga tayyorgarlik ko‘rish jarayonida tarkibni yaxshi saviyadagi o‘yinchilar bilan to‘ldirishdi. Elguja Grigalashvili, Erkin Boydullayev va yana yangi legionerlar ham jalb etildi. Ko‘pchilik esa AGMK endi o‘yinini topib oladi deb o‘ylashdi. Lekin hali chuchvarani xom sanagan ko‘rinamiz.

Avvaliga Bekobodda “Metallurg”ga yutqazishgan bo‘lsa, o‘z maydonida “Andijon” bilan o‘tkazilgan uchrashuvda arang mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi. Natijada yil boshida sovrinli o‘rinlar uchun kurashishi aytilgan olmaliqliklar hali hamon pastki o‘rinlardan birida qolib ketmoqda. Borgan sari esa jamoa bosim ostida qolib ketmoqda. Chunki ularning g‘alaba qozonishi negadir katta qiyinchilikka aylanib bormoqda.

Vaholanki, bu klubda moliyaviy tomondan hech qanday muammo yo‘q. Aslida esa shunday klublarimiz borki, ular moliyaviy tarafdan qiyinchiliklarga duch kelishsa-da, hozirda AGMKdan yuqori o‘rinlarda borishmoqda. Tezroq Mirjalol Qosimov vaziyatni o‘nglamasa bo‘lmaydi. Aslida bunday tarkib bilan jamoa yuqori o‘rinlarda bo‘lishga munosib.

Aleksandr Xomyakov “Andijon”ni o‘zgartira olyapti!
“Andijon” jamoasi ikkinchi davrani mag‘lubiyatsiz boshladi. O‘z uyida “Buxoro”ni 2:0 hisobida yengishgan bo‘lsa, safarda AGMK bilan 2:2 hisobida durang o‘ynadi. Ammo bu durang andijonliklar uchun juda alamli bo‘ldi. Agarda hisob 2:0 bo‘la turib, yakunda mehmonlar ikkita gol urishganida mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi desak bo‘laverardi. Lekin bunday bo‘lgani yo‘q.

Ikkinchi bo‘limda Aleksandr Xomyakov jamoasi birin-ketin ikkita gol urib 0:2 hisobida oldinga chiqib olgandi. Ammo uchrashuv oxirigacha mehmonlar o‘z darvozasidan ikkita gol o‘tkazib yuborishdi va muhim g‘alabani qo‘ldan chiqarib yuborishdi. Shunday bo‘lsa-da, jamoa o‘yinida ikkinchi davraga kelib ijobiy o‘zgarishlar bo‘layotgani bilinib turibdi. Seleksiyada esa tarkibga 5-6 nafar futbolchilar qo‘shib olindi.

Muhimi, bosh murabbiy tajribali va u futbolchilarga nimani xohlayotganini yetkazib bera olmoqda. E’tibor bergan bo‘lsangiz, oxirgi paytlarda andijonliklarning gol urish borasidagi sermahsulligi ham ortib boryapti. Ko‘rinib turibdiki, “Andijon” Xomyakov boshchiligida nimagadir umid qilsa bo‘ladi.

Muhsin Muhammadiyevga “Buxoro”da hali ish ko‘p shekilli...
Birinchi davra oxirlarida jamoani qabul qilib olgan Muhsin Muhammadiyevning kuchiga ikkinchi davrada baho berilishi aytilgandi. Boisi, u klubga kelgan mahalda o‘yin izdan chiqqan va muhit ham yaxshi emasdi. Bunday pallada esa istalgan murabbiyga og‘ir bo‘lardi. Muhammadiyev birinchi davradan keyin tarkibda o‘zgarishlarni amalga oshirdi. Yangi o‘yinchilar va legionerlar olib kelindi.

Ayniqsa, kanadalik himoyachi Milovan Kapor o‘zidan yaxshi taassurot qoldirmoqda. Lekin hozircha hamma o‘yinchisi haqida ham bunday fikr bildira olmaymiz. “Buxoro” Andijonda 0:2 hisobida yutqazgan bo‘lsa, o‘z uyida “Navbahor” bilan durang o‘ynadi. Hozircha ikkita o‘yinda ham gol urishgani yo‘q. Namanganliklarga qarshi uchrashuvda esa “Buxoro” g‘alabaga loyiq o‘yin ko‘rsatmadi. Jamoa o‘yinida pala-partishlik va tushunarsiz holatlar ko‘zga tashlanmoqda.

Futbolchilar hali bir-birlarini yaxshi tushunib olishganicha yo‘q. Shu bois Muhammadiyev hali ko‘p ishlashiga to‘g‘ri keladi. Aks holda “Buxoro”ning ligada jon saqlab qolishi qiyin bo‘lib qoladi. Yana bir gap: Muhsin Muhammadiyev «Andijon»ga qarshi uchrashuvda maydonning holati bo‘yicha shikoyat qilgandi va go‘yoki buni mag‘lubiyat uchun sabab qilib ko‘rsatgandi.

Biroq “Buxoro” hamda “Navbahor” o‘rtasidagi uchrashuvni ko‘rdikki, buxoroliklarning maydoni ham bu borada andijonliklarning maydonidan qolishmas ekan. Eng qizig‘i, Muhammadiyev bu haqida lom-mim degani yo‘q. Qaytanga, bu safar u jamoasining g‘alaba qozona olmaganini ob-havoning issiqligi bilan izohladi.

“Qo‘qon-1912” quyiga sho‘ng‘ishda davom etmoqda
“Qo‘qon-1912” birinchi davrani juda omadsiz o‘tkazgandi. Mahalliy muxlislar esa ikkinchi davradan umid qilib turishgandi. Biroq aksiga olib qo‘qonliklar uchun ikkinchi davraning dastlabki ikkita uchrashuvi ham mag‘lubiyat bilan boshlandi. Toshkentda “Paxtakor”ga yutqazishini tushunsa bo‘ladi. Ammo o‘z uyida “So‘g‘diyona”ga ham imkoniyatni boy bergani ishqibozlarni yana ranjitib qo‘ydi.

8 ochko bilan oxirgi o‘rinda borayotgan “Qo‘qon-1912” bu ketishda yaqqol autsayderga aylanib bormoqda va quyiga sho‘ng‘ishda davom etyapti. Negadir yozgi yig‘inda tarkibga tajribaliroq o‘yinchilar taklif etilmadi. Hozircha esa yangi kelgan futbolchilar klubga yordam bera olishmayapti. Ikkita o‘yindagi mag‘lubiyat esa futbolchilarga yana qo‘shimcha ruhiy zarba bo‘lgani aniq. Vaholanki, bosh murabbiy Aziz To‘xtaboyev ikkinchi davra boshlanishidan avval jamoasining Superligada qolishiga ishonishini aytgandi.

Shunday ekan, qolgan har bir uchrashuv uning va jamoasi uchun final kabi o‘tishi muqarrar. Yo‘qotiladigan ochkolar esa keragidan ortiq darajada boy berib bo‘lindi. Vaziyat o‘nglanmasa qo‘qonliklar pro-ligaga tushib ketishining ehtimoli yuqori bo‘lib qoladi.
Shuhratbek Jo‘rayev

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Paxtakor"ning peshqadamligi va "Qo‘qon-1912"ning autsayderligi ostida o‘tayotgan Superliga