date

"Andijon" bosh murabbiyi mag‘lubiyatdan so‘ng rost gapirdi va tan oldi

"Andijon" bosh murabbiyi mag‘lubiyatdan so‘ng rost gapirdi va tan oldi

Superliga 18-turidan o‘rin olgan “Andijon” – “Navbahor” (0:1) bahsi shiddatli va keskin ruhda o‘tdi. Mazkur uchrashuvdan keyin “Andijon” jamoasi bosh murabbiyi Maksim Shatskix matbuot anjumanida ishtirok etib, o‘yin haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu bahs natijasi haqiqatan ham durangga mos kelgan, ammo futbolda ba’zan birgina zarba ham taqdirni hal qilishi mumkin.

— Durangga mos o‘yin edi. Ba’zan shunday holatlar bo‘lib turadi — raqib bitta hujumga o‘tib, gol uradi va g‘alabani qo‘lga kiritadi. Bugun ham xuddi shunday bo‘ldi. Biz ham ko‘p imkoniyat yaratmadik, ammo o‘yin sifati jihatidan yaxshiroq edik. Bu — futbol, mag‘lubiyat esa har doim yoqimsiz. Yana bir bor takrorlayman: bu bahs natijasi durangga arziydi. Endi o‘yinni tahlil qilib, xatolardan xulosa chiqaramiz, — dedi murabbiy.

Murabbiy jurnalistlar savollariga javob berar ekan, bu mag‘lubiyat uchun shaxsan o‘zini aybdor deb hisoblashini ham ochiq tan oldi:

— Albatta, o‘zimni aybdor deb hisoblayman. Jamoa yutqazsa, birinchi navbatda murabbiy mas’ul. Balki noto‘g‘ri almashtirish qilgandirman yoki tarkib tanlashda adashgandirman. Balki futbolchilarni ruhan to‘g‘ri tayyorlay olmagandirman. Lekin ikkinchi tarafdan, bunday bahslardan so‘ng ortiqcha bahs qilish shart emas. Kuchli raqiblar bilan o‘yinlarda hamma ruhan tayyor bo‘lishi shart. Hatto yutib chiqqanimizda ham “bu bahs durangga mos edi” derdim. Men rostgo‘yman — bitta zarba, bitta gol. Bizda ham zarbalar bo‘ldi, ammo omad yuz o‘girdi. Mashg‘ulotlarda har kuni zarbalarni golga aylantirish ustida ishlaymiz, lekin o‘yin paytida shunga erisha olmayapmiz. Nega shunday bo‘layotganini o‘zim ham anglay olmayapman.

Jurnalistlar Kreziu Altin haqida ham so‘rashdi:

— Kreziu Altin — tayanch yarim himoyachi, u orqaroqda harakat qiladi. Biz esa hujumni kuchaytirish maqsadida oldinga hujumkor yarim himoyachi qo‘yishimiz kerak edi. Shu bois uni maydonga tushirish mantiqan to‘g‘ri emas edi, — dedi Shatskix.

Shuningdek, Saidnurullayev o‘rniga Islom Mamatkazin maydonga tushirilgani haqida ham izoh berildi:

— O‘yin oxirlariga kelib “ikkinchi qavat”dagi kurashlar kuchaydi. Mamatkazin bosh bilan yaxshi o‘ynashi bilan tanilgan, shu bois undan standart vaziyatlarda foyda chiqar, deb o‘yladik, — dedi murabbiy.

Uning bu chiqishi muxlislar tomonidan samimiylik va ochiqlik sifatida qabul qilindi. Shatskix tanqiddan qochmadi va o‘z javobgarligini tan oldi, bu esa jamoa ichida ishonchni mustahkamlashi mumkin.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Andijon" bosh murabbiyi mag‘lubiyatdan so‘ng rost gapirdi va tan oldi