date

Mavsum oldidan “Manchester Siti”da Abduqodir Husanov muhokamasi avjida

Mavsum oldidan “Manchester Siti”da Abduqodir Husanov muhokamasi avjida

Angliya Premer-ligasining eng nufuzli va qudratli klublaridan biri sanalgan “Manchester Siti” yangi mavsumda katta sinovlar va jiddiy imtihonlar oldida turibdi.

O‘tgan mavsumdagi keskin inqiroz va natijalarning pasayishi sababli, Xosep Gvardiola boshqaruvidagi jamoa ketma-ket to‘rt yil davomida saqlab kelgan chempionlik unvonini “Liverpul”ga topshirishga majbur bo‘ldi. Shu bilan birga, ichki musobaqalarda ham, xalqaro turnirlarda ham jamoa birorta sovrin qo‘lga kirita olmadi.

Bu vaziyatdan so‘ng Xosep Gvardiola tarkibni qayta qurish, jamoani yoshartirish va yangi qon olib kirish haqida qaror qabul qildi. 2025 yilning qishki transfer oynasida o‘zbekistonlik yosh himoyachi Abduqodir Husanovning kelishi bilan boshlangan yangilanish siyosati hanuzgacha davom etmoqda.

Garchi jamoada avlodlar almashinuvi kechayotgan bo‘lsa-da, “shaharlik”larning qat’iy va talabchan muxlislari futbolchilardan har doimgidek yuqori saviyadagi natijalarni talab qilmoqda. Ayniqsa, klubning butun dunyo bo‘ylab tarqalgan fanatlari ijtimoiy tarmoqlarda har bir qaror, har bir harakat va har bir o‘yin haqida o‘z munosabatini bildirmoqda.

Sports.uz portali “Manchester Siti”ning rasmiy ijtimoiy tarmoq sahifalarida Abduqodir Husanov haqida yozilgan eng qiziqarli fikr va izohlarni to‘plab, o‘zbekistonlik futbol ishqibozlariga taqdim etdi:

Samuel Aikhomu:
— Husanov o‘tgan mavsum Pep Gvardiola qarorlari tufayli ko‘pincha zaxirada qolib ketdi. Endi unga haqiqiy imkoniyat berish vaqti keldi!

Mojuta King Knox:
— Bu yigitni oldinda ulkan ishlar va katta yutuqlar kutyapti.

James Ryan:
— Yangi mavsumda Abduqodir ko‘proq o‘yin amaliyoti oladi, degan umiddaman. Debyutdagi kichik xatodan keyin u qolgan barcha uchrashuvlarda mustahkam va ishonchli o‘ynadi.

Nicklas Andreasen:
— Biz muxlislar Husanovni chin dildan yaxshi ko‘ramiz.

Leader Falcons:
— Husanov – eng zo‘r himoyachilardan biri.

Devotion Baloyi:
— Bu yigit hali Rodri darajasiga yetadi.

Raymond Kamau:
— Abduqodir bu mavsumda yanada ko‘proq maydonga tushishi lozim.

Jason Rusholme:
— Unga darrov asosiy tarkibdan joy berish kerak.

Tinotenda Kaifa:
— O‘zbek futbolchisi o‘ng qanot himoyasida ham o‘zini ko‘rsata oladi.

Busi Dlahmini:
— Husanov – jamoamizning haqiqiy devori.

Rubayet Adnan Partho:
— Iltimos, unga yetarli o‘yin vaqti bering.

Thant Zin Aung:
— Bu yigit – kelajakda jamoaning asosiy ustuni.

Arafat Rahaman Akash Jr:
— Mening orzum – uning “Siti”dagi o‘yinlarini stadiondan ko‘rish.

Ernst Jamal KE:
— Pep, Abduqodirsiz bo‘lmaydi!

Zama S Shabalala:
— Iltimos, uni maydonga tushiring.

Sfundo Mkhwanazi:
— Dunyoning eng zo‘r markaziy himoyachisi rivojlanish jarayonida.

Bella Romans:
— Nunes o‘rniga Husanovni o‘ynating.

Kipkorir Xandros:
— Abduqodir – haqiqiy jangchi.

Kumbirai Kelvin Tsapo:
— U – O‘zbekiston futboli afsonasi.

Eslatib o‘tamiz, “Manchester Siti” yangi Premer-liga mavsumini 16 avgust kuni safarda “Vulverxempton”ga qarshi uchrashuv bilan boshlaydi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mavsum oldidan “Manchester Siti”da Abduqodir Husanov muhokamasi avjida