09:30 / 05.10.2019
2 459

Rustam Ashurmatov: "Terma jamoadan chaqiruvni anchadan buyon kutayotgan edim"

Rustam Ashurmatov: "Terma jamoadan chaqiruvni anchadan buyon kutayotgan edim"
Janubiy Koreyaning "Gvangju" klubida faoliyat olib borayotgan Rustam Ashurmatov O‘zbekiston terma jamoaning oktyabr oyidagi yig‘iniga chaqirildi.
Koreya birinchi ligasida birinchi mavsumni muvaffaqiyatli tarzda o‘tkazayotgan himoyachi bilan Toshkentga kelishidan avval suhbatlashdik.

- Uzoq tanaffusdan so‘ng yana milliy terma jamoadan chaqiruv oldingiz. Bu xabarni eshitganda nimalarni his qildingiz?
- Milliy termaga chaqirilishimni to‘g‘risi anchadan beri kutayotgandim, sababi oxirgi payt terma jamoadan ancha uzoqlashib qolgandim. Bu chaqiruv men uchun oldinga qo‘yilgan yangi qadam bo‘ladi deb o‘ylayman. Ichimdagi hissiyotlarni so‘z bilan ta’riflash qiyin, lekin murabbiylarning e’tiboriga tushganimdan juda ham xursandman. Xudo xohlasa ularning ishonchni oqlashga harakat qilaman.

- Oldinda JCh-2022 saralashi doirasida Yaman va Singapur bilan o‘yinlar kutib turibdi. Bu bahslardan nima kutayapsiz?
- Albatta jamoa faqat g‘alaba uchun maydonga chiqadi va g‘alaba bo‘lishi uchun ham murabbiylar shtabi o‘zgartirildi deb o‘ylayman. Meni o‘yinlardan nima kutishim emas, nima qila olishim ko‘proq qiziqtiradi. Terma jamoaga kim chaqirilsa ham bor kuchimiz bilan o‘ynashimiz shart va bunga majburmiz. Sababi mamlakat bosh jamoasida o‘ynash hammaga ham nasib etavermaydi.

- Vadim Abramov bosh murabbiy bo‘lganiga qanday munosabatdasiz?
- Albatta ijobiy. Lekin murabbiy almashishi bu oddiy hol. Sababi natija bo‘lmaganda albatta birinchi murabbiydan so‘raladi. Shuning uchun Ektor Kuperning o‘rniga Vadim Karlenovich tayinlandi deb hisoblayman. Jahon chempionatiga chiqish uchun murabbiylar ham, futbolchilar ham qo‘limizdan kelgan ishni qilamiz, xato qilishga umuman haqqimiz yo‘q. Xalqimiz uzoq yillardan beri Jahon chempionatini kutadi, 2022 yil Qatardagi mundialga yo‘llanma olish uchun barchamiz harakat qilamiz.

- Siz o‘ynayotgan "Gvangju" klubi Janubiy Koreya birinchi ligasida peshqadamlik qilmoqda. Oliy ligaga chiqish klub uchun qanchalik katta muvaffaqiyat bo‘ladi?
- To‘g‘ri aytdingiz, jamoamiz hozirda chempionatda 1-o‘rinda bormoqda. Niyatimiz K1-ligaga chiqish. Bu biz uchun juda ham muhim hisoblanadi. Klub rahbariyati, murabbiylar va biz futbolchilar bir yoqadan bosh chiqargan holda ishlayapmiz. Jamoamiz juda ham ahil, nimadir bo‘lib yuqori ligaga chiqa olmasak bu biz uchun haqiqiy fojiaga aylanadi.

- Koreyadagi o‘ynayotganingizda deyarli bir yil bo‘ldi. Bu mavsum siz uchun qanday o‘tmoqda?
- Men uchun juda ham yaxshi o‘tmoqda deb bemalol ayta olaman. Chunki klubimizning asosiy o‘yinchilaridan biriga aylana oldim va g‘alabalarga munosib hissa qo‘shyapman. Nasib bo‘lsa shu ruhda davom etishim kerak.

- Janubiy Koreyada sizga nima yetishmayapti?
- Nimadir yetishmayapti deb aytolmayman, lekin oilam yonimda bo‘lganda yahshiroq bo‘lardi. Onamni, akamni va singlimni juda ham sog‘inayapman.

- Klubdagi futbolchilar bilan qanday tilda gaplashayapsiz?
- Jamoadoshlarim bilan ingliz tilida gaplashaman. To‘g‘ri koreyalik futbolchilar ingliz tilini uncha yaxshi bilishmaydi, lekin amallab til topishayapmiz, shu qatorda o‘zim ham ham koreys tilidan ba’zi so‘zlarni o‘rganib olganman. Faoliyatimni yuqori saviyada davom ettirish uchun qo‘ldan kelganicha harakat qilyapman.

Narzulla Saydullayev suhbatlashdi

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Rustam Ashurmatov: "Terma jamoadan chaqiruvni anchadan buyon kutayotgan edim"