00:23 / 01.02.2020
2 729

Endi O‘zbekiston U-17 va U-20 ko‘rinishda shakllanadi, buning “plyuslari“ haqida batafsil

Endi O‘zbekiston U-17 va U-20 ko‘rinishda shakllanadi, buning “plyuslari“ haqida batafsil
Valeriy Lobanovsiy tomonidan mukammal ishlab chiqilgan nazariyani Yevropa amalda qo‘llab, uni takomillashtirdi va dunyoda futbol vatani mavh etgan Janubiy Amerikadan, yana avvalgi mundiallardagi chempionliklarni qaytarib oldi.
So‘nggi 16 yilda jahon chempionati Yevropa vakillariga nasib qilib kelyapti. Qatarda ham ular tan-tana qilsalar ajablanmaymiz. Demak, OFK UYEFA ketidan yursa foydasi bo‘lsa, bo‘ladiki, zarari bo‘lmaydi.

Bu maqola balki ancha kech chiqayotgandir, lekin hechdan ko‘ra. Bu mavzu hali bizda ko‘tarilmaganligi uchun, buni taqqoslash orqali Sizlarga tahlil qilib beraman.

Biz o‘rganib qolganimiz o‘smirlar U-16 va U-19 musobaqalari endi U-17 hamda U-20 deb ataladi. Ya’ni Azamat Abduraimov va Timur Kapadze boshchiligidagi o‘smir va yoshlar terma jamoalari qit’a birinchiliklarida 16 va 19 yoshga to‘lgan paytlari qatnashadigan bo‘lsalar, keyingi qit’a chempionatlaridan boshlab ular JCHda bo‘lgani kabi, 17 va 20 yoshga to‘lgan bo‘ladilar. Buning foydali tomonlari haqida quyida tushuntirib o‘taman.

Yevropa bu tizimga 2002 yil o‘tgan. Unga qadar u yerda ham musobaqa 16 yoshli futbolchilar uchun tashkil etilib kelingan. Yoshlar terma jamoasi esa ularda 2002 yilga qadar 18 yoshni, undan keyin 19ga o‘zgartirilgan. OFK esa bir yo‘la yoshlar terma jamoasi musobaqalarini ham JCH yoshiga moslab qo‘ydi. Bunga asosiy sabab etib OFK terma jamoalarini JCHlarga o‘sha yilni o‘zidayoq munosib tayyorgarlik ko‘rishi etib ko‘rsatilgan. Bu albatta yaxshi qaror. Endi bu holatlarni o‘zimizning futboldagi plyuslarini ko‘rib chiqamiz.

Quvondiq Ro‘ziyev, Ikrom Aliboyev, Jaloliddin Masharipov va yana bir necha nafar futbolchilar paytida Osiyo chempionatlarining na saralash bahslarida, na o‘zida qatnashmaganlar. Chunki bu futbolchilar o‘sha vaqtda jamoadoshlariga qaraganda jismonan imkoniyatni boy berganlar. Ularning fikrlashi esa murabbiylarga qiziq bo‘lmagan, achchiq haqiqat bu. Jismonan kuchli, ammo fikrlashi yetuk bo‘lgan bola, bari-bir muvaffaqiyat qozonadi, faqat ularga vaqt kerak bo‘ladi. OFK tomonidan yoshlar va o‘smirlar terma jamoalarini 1 yilga kattalashtirishi orqali esa biz mana shunday iste’dod egalari uchun imkoniyat yarata olamiz.

2004 yillar terma jamoasi 2 yil avval yig‘ilganida asosiy tarkib “Nasaf“ va “Bunyodkor“ a’zolaridan tuzildi. “Paxtakor“ning bollari esa asosan zaxiradan maydonga tushar edilar. Sababi ular aynan o‘sha davrda jismonan oqsar edilar. Bugunga kelib esa “Paxtakor“ futbolchilari ham jismonan yetildilar. Endi ularning navbati asosiy tarkibga kirish. Ammo shunisi borki, ular asosiy tarkib vakili bo‘lgan paytga kelib vaqt o‘tib bo‘lgan edi. Mana shuning uchun ham OFK tomonidan amalga oshirilgan yuqoridagi o‘zgarish, murabbiy uchun yana bir yil imkoniyat beradi, fikrlaydigan futbolchini jismoniy holatini boshqalarga yetkazib olish uchun.

Endi Server Jeparov ikkilanmay, jismoniy holati tayyor bo‘lmagan futbolchilarni qo‘rqmay o‘zining kengaytirilgan tarkibida olib yurishi mumkin. 14 yoshda yig‘ilgan tarkib hech qachon optimal bo‘lmaydi. Bu yoshda bolani qaysi vaqtda o‘sib, kuchga to‘lishini faqat tabiat hal qiladi. Kimdir 14 yoshda to‘lishsa, kimdir 16 yoshga kelganda cho‘zilib ketadi. Shu kungacha Osiyo chempionati saralash o‘yinlari 15 yoshda, chempionat 16 yoshda bo‘lardi. Tabiiyki, organizmini o‘sishida “kechikayotgan“ bola tarkibdan tushib qolishma majbur bo‘lardi.

Yoshlar terma jamoasiga ham buning foydasi katta. 2001 yilda tavallud topgan terma jamoalarni misol keltiramiz. Saralash o‘yinlariga asosan o‘rinbosarlar safida harakat qilayotgan futbolchilar ishtirok etdilar. Afsuski bizda klublar deyarli o‘tgan mavsumda 2001 yilda tug‘ilgan bolalarga ishonch bildirmadilar. Faqatgina, “Paxtakor“, “Bunyodkor“ va “Nasaf“da bu ishlarni ko‘rdik. Shuning uchun ham terma jamoa mazkur klublar orqali shakllandi.

Juda ko‘plab yaxshi futbolchilar esa o‘z klublarining o‘rinbosarlar ligasida imkoniyat ololmasliklari tufayli terma jamoaga kira olmadilar. Bu yil aksar klublar PFL reglamenti asosida 2001-yillarda tug‘ilgan futbolchilarni o‘ynatishlari kerak bo‘ladi. Agar Osiyo chempionati saralash o‘yinlari OFKning yangi qoidasiga ko‘ra 18 yoshda emas, 19 yoshda bo‘lganida, murabbiydagi tanlash imkoniyati juda katta foizga oshgan bo‘lardi. Endi bu imkoniyat 2003-yillarda tug‘ilgan yoshlar terma jamoasining ustozida bo‘ladi.

2003-yillar murabbiyi kim bo‘lsa ham, uning ishi ancha yengillashadi. Endi 2003-yillar terma jamoamiz 2022 yil Osiyo chempionati saralash bosqichida ishtirok etadi. Bu paytda PFL talabiga ko‘ra U-21 ligada 3 nafar 2003 yilda tug‘ilgan futbolchi o‘ynashi majburiy bo‘ladi. Superligadan farqli ravishda, yoshlar ligasida yoshlarni tushirishni majburlash bu to‘g‘ri, chunki ularning asosiy vazifasi yoshlarni tarbiyalash aslida.

Yuqorida ko‘rib turganingizdek, OFK tomonidan yo‘lga qo‘yilgan bu ishlar biz uchun ayni muddao bo‘ladi. Endi yoshi katta futbolchilarga qarshi jiddiy kirishsak bo‘laveradi. 17 va 20 yoshda deyarli barchaning jismoniy imkoniyatlari tenglashib bo‘lgan bo‘ladi. Shuning uchun ishni bugundan boshlashimiz va bu musobaqalarga tizimli tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak bo‘ladi. Lekin turnirlarga chiqa olmasak, bundan katta muammo yasash kerak emas.

Boisi asosiy e’tibor O‘TJ, YOTJ, OTJ emas, balki MTJ bo‘lishi kerak. Yevropaga bir nazar tashlaydigan bo‘lsak, Germaniya yoshlar terma jamoasi so‘nggi 10 yillikda faqatgina 1 marotaba qit’a chempionatida yarim finalga yetib kelgan. 2009 — 2019 yillar davomida o‘tkazilgan musobaqalarda faqatgina 2014 yil Vengriyada bo‘lib o‘tgan turnirda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan. Qolganlarida esa yo qatnashgan, yo ikkinchi tarkibni olib borgan.

Chunki bu yoshda Germaniya klublarining asosiy tarkiblarida o‘ynaydigan futbolchilarni terma jamoadan bezovta qilishmaydi. Sababi bu kabi tizim amal qiladigan davlatlarda bosh e’tibor MTJning qit’a va JCHlardagi ishtirokiga qaratiladi. Aksincha yoshlar terma jamoalari asosiy tarkibga kira olmayotgan futbolchilar uchun “bozor“ vazifasini o‘tab beradi.

So‘nggi yillarda o‘smirlar futbolida tub burilish yasay olgan Belgiya terma jamoasi esa tarixda bir marotaba ham yarim finalga ham yetib kelmagan. Ammo bugun Germaniya va Belgiyaning milliy terma jamoalarisiz Yevropani tasavvur qilib bo‘lmaydi.

Osiyo ham bizsiz o‘zini tasavvur qila olmasligi uchun katta burilish qilish shart emas. O‘smirlar o‘rtasidagi musobaqalarni ko‘paytirishimiz va murabbiylar malakasini oshirishimiz kerak. Undan keyin bitta chiqib qoladigan iste’dodni har ko‘yga solmasligimiz kerak. Agar Masharipovni o‘sha yillari kuchga to‘ldirib, bir emas 3talab terma jamoaga “sudrashganida“ balki bugun uni yo‘qotgan bo‘lardik-mi?

Yevropada yoshlar va o‘smirlar o‘rtasidagi chempionatlar Osiyodagi kabi 2 yilda bir emas, har yili bo‘ladi. Ularning biri JCH yo‘llanmasini bersa, biri shunchaki o‘tadi. Bu bilan Yevropada barcha yillarda tug‘ilgan bolalari uchun musobaqani yo‘lga qo‘yib olgan. UYEFA uchun toq va juft yil degan narsa yo‘q. OFK ham bir kun kelib shu tizimga o‘tadi, faqat buning uchun mablag‘ kerak.

Nadirkhuja Yuldashev

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Endi O‘zbekiston U-17 va U-20 ko‘rinishda shakllanadi, buning “plyuslari“ haqida batafsil