Begona kredit uchun plastik kartangizdan pul yechilsa, nima qilish kerak?

So‘nggi paytlarda “Potrebitel.uz” hamjamiyatida fuqarolardan jiddiy shikoyatlar ko‘paymoqda. Ayrim odamlar o‘zlari umuman tanimaydigan shaxslarning krediti uchun kafil sifatida rasmiylashtirilganini, bu haqda esa faqat hisob raqamidan pul yechib olinganidan keyin bilib qolganini aytmoqda.
Eng xavotirli jihati shundaki, bunday holatlarda odamlar bankka shaxsan bormagan, hech qanday shartnomaga imzo qo‘ymagan va o‘z roziligini bildirmagan bo‘ladi. Ammo keyin ma’lum bo‘lishicha, ular go‘yoki boshqa bir shaxsning krediti bo‘yicha kafil sifatida ko‘rsatilgan. Ya’ni inson bilmagan holda moliyaviy majburiyatga “ulanib” qoladi. Bu esa hazil emas — cho‘ntakka kirilganda har qanday “texnik xato” ham juda og‘riqli seziladi.
Agar siz ham noqonuniy ravishda kafil sifatida rasmiylashtirilganingizni sezsangiz yoki hisobingizdan begona kredit uchun pul yechilgan bo‘lsa, avvalo bankka rasmiy so‘rov yuborish kerak. Unda kafillik shartnomasining nusxasini taqdim etishni talab qilish lozim. Agar shartnomada sizning haqiqiy imzongiz bo‘lmasa yoki imzo qalbakilashtirilgan bo‘lsa, bu to‘g‘ridan to‘g‘ri qonunbuzarlik hisoblanadi.
Ikkinchi muhim qadam — Markaziy bankka shikoyat qilish. Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, ayrim holatlarda bank menejerlari bilan uzoq suhbatlashishdan ko‘ra, Markaziy bankka virtual qabulxona yoki ishonch telefoni orqali murojaat qilish muammoni tezroq harakatga keltiradi. Chunki nazorat organiga rasmiy shikoyat tushsa, bank ham vaziyatga jiddiyroq yondashishga majbur bo‘ladi.
Uchinchi qadam — ichki ishlar organlariga ariza berish. Agar sizdan ruxsatsiz foydalanilgan, shaxsiy ma’lumotlaringiz ishlatilgan yoki hujjatlarda imzongiz qalbakilashtirilgan bo‘lsa, bu jinoiy holat sifatida ko‘rilishi mumkin. TIIBga berilgan ariza keyinchalik hisobdan yechilgan mablag‘larni qaytarish jarayonida ham muhim dalil bo‘lib xizmat qiladi.
Shuningdek, o‘zingiz kimningdir kreditiga kafil sifatida kiritilmaganingizni tekshirib turish ham foydali. Buni KATM, ya’ni Kredit byurosi ilovasi orqali maxsus pullik so‘rov asosida bilib olish mumkin. Bunday tekshiruv ortiqcha xarajatdek ko‘rinishi mumkin, ammo ba’zida kichik to‘lov katta muammoni oldindan aniqlashga yordam beradi.
Huquqshunoslarning ta’kidlashicha, fuqaroning shaxsiy roziligi va haqiqiy imzosisiz o‘zganing krediti bo‘yicha kafillik majburiyati yuridik kuchga ega bo‘lmaydi. Agar inson shartnomani ko‘rmagan, imzolamagan va bankda ishtirok etmagan bo‘lsa, uning nomidan rasmiylashtirilgan kafillik jiddiy tekshirilishi shart.
Bunday holatlar qarz oluvchining firibgarligi, shaxsiy ma’lumotlardan noqonuniy foydalanish yoki bank xodimlarining mas’uliyatsizligi, hatto nayrangi natijasida yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun fuqaro “mayli, o‘zi hal bo‘lar” deb o‘tirmasligi kerak. Moliyaviy masalada sukut ba’zan rozilikdek qabul qilinib qolishi mumkin.
Eng to‘g‘ri yo‘l — hujjat talab qilish, rasmiy shikoyat kiritish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish va o‘z kredit tarixingizni tekshirish. Chunki bugun begona kredit uchun yechilgan kichik summa ertaga kattaroq muammoga aylanishi mumkin.
Qisqasi, hisobingizdan tushunarsiz pul yechilsa, darhol harakat qiling. Pul o‘z-o‘zidan qaytib kelmaydi, bank ham har doim birinchi bo‘lib “uzr, xato ketibdi” demaydi. Huquqingizni bilsangiz va rasmiy yo‘l bilan talab qilsangiz, vaziyatni o‘z foydangizga hal qilish imkoniyati ancha yuqori bo‘ladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!