Yuk ko‘taruvchi devorlarni buzish xavfi keskin oshdi

O‘zbekistonda ko‘p qavatli uylarda yuk ko‘taruvchi devor va konstruksiyalarni o‘zboshimchalik bilan buzish holatlari jiddiy darajada ko‘paygan. 2025 yilda bunday qoidabuzarliklar bo‘yicha 2,4 mingdan ortiq holat aniqlangan. Taqqoslash uchun, uch yil avval bu ko‘rsatkich bor-yo‘g‘i 563 tani tashkil etgan edi.
Bu raqamlar oddiy statistika emas. Gap insonlar yashaydigan ko‘p qavatli uylar, oilalar xavfsizligi va butun bino mustahkamligi haqida ketmoqda. Chunki yuk ko‘taruvchi devorni buzish — faqat ta’mir yoki qayta rejalashtirish emas, balki butun uy konstruksiyasiga xavf soladigan o‘ta mas’uliyatsiz harakatdir.
Prezidentga taqdim etilgan ma’lumotlarda aytilishicha, ayrim fuqarolar xonadonni kengaytirish, tijorat obyektiga aylantirish yoki ichki rejani o‘zgartirish maqsadida yuk ko‘taruvchi qismlarga aralashmoqda. Ammo bunday ishlarni mutaxassis xulosasisiz amalga oshirish binoning zilzilabardoshligiga, mustahkamligiga va umumiy xavfsizligiga jiddiy tahdid tug‘diradi.
Ayniqsa, foydalanish muddati 50 yildan oshgan uylar alohida xavf guruhiga kiradi. Ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda bunday ko‘p qavatli uylar soni 15,2 mingtani tashkil etadi. Bu uylarda har qanday o‘zboshimcha rekonstruksiya, devor buzish yoki toifani o‘zgartirish yanada katta xavf keltirib chiqarishi mumkin.
Muammoning yana bir og‘riqli tomoni — nazorat mexanizmlari yetarlicha samara bermayotgani. Amaldagi tartiblar bino xavfsizligiga tahdid soluvchi qoidabuzarliklarni to‘liq to‘xtata olmayapti. Odamlar esa ba’zan “uy o‘zimniki, xohlaganimni qilaman” degan noto‘g‘ri qarash bilan harakat qiladi. Lekin ko‘p qavatli uyda bitta xonadondagi xato butun pod’ezd uchun xavfga aylanishi mumkin.
Shu sababli turar-joy sektorida qator qat’iy choralar taklif etilmoqda. Jumladan, 50 yildan oshgan uylarda toifani o‘zgartirish, rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish va xavfli qayta rejalashtirishlarni cheklash masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Bu, avvalo, ehtimoliy texnogen ofatlarning oldini olishga qaratilgan.
Bundan tashqari, Qurilish inspeksiyasiga yuk ko‘taruvchi konstruksiyalarni o‘zboshimchalik bilan demontaj qilganlarga joyida jarima solish vakolatini berish taklif qilinmoqda. Ya’ni endilikda uzoq qog‘ozbozliksiz, xavfli holat aniqlangan zahoti tegishli chora ko‘rish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin.
Bu islohotning asosiy maqsadi — aholi xavfsizligini ta’minlash, ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqarolar hayotini himoya qilish va bino mustahkamligiga putur yetkazadigan o‘zboshimchaliklarni to‘xtatishdir.
Qisqasi, devor buzish oddiy ta’mir emas. Ayniqsa, u yuk ko‘taruvchi konstruksiya bo‘lsa, bu butun uy taqdiriga daxl qiladigan masala. Bir xonadonni “chiroyliroq” qilish ortidan butun binoni xavf ostiga qo‘yish — juda qimmatga tushishi mumkin. Tutun chiqmasidan oldin olovni o‘chirish kerak.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!