23:56 / 20.02.2020
2 754

Sportga juda tashna odam va narkoman: nega ularning farqi deyarli yo‘q?

Sportga juda tashna odam va narkoman: nega ularning farqi deyarli yo‘q?
Foto: Google Images
Inson ba’zan biz foydali deb hisoblaydigan mashg‘ulotlarga ham qaramlikka duch kelishi, bu esa ko‘pincha narkotik moddalardan kam bo‘lmagan darajada jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Sportga qaramlikning oqibatlari va undan chiqish yo‘llari haqida psixolog Sarvinoz Omonova hikoya qiladi.

Bir paytlar narkotik va alkogolga qaramlikdan aziyat chekkan Eminem bir necha bor o‘lim yoqasiga kelib qoladi. Shunday holatlarning birida bunga chek qo‘yishga qaror qiladi. 2009 yildan so‘ng qo‘shiqchi spirtli ichimliklar iste’moli va narkotikdan voz kechadi. Ammo unda yangi qaramlik paydo bo‘ladi — yugurish. Uning o‘zi shunday deydi: «Boshida kuniga uch mil yugurdim, keyin esa — olti, keyin — o‘n, so‘ng — o‘n besh, so‘ngra — o‘n yetti… Aqldan ozayotganimni tushundim. Shunchaki bir qaramlikni boshqasiga almashtirgandim. Ba’zi kunlari oyoqda zo‘rg‘a turardim».

Ha, yugurish Eminem uchun haqiqiy qaramlikka aylangandi.

Ko‘pchilik qaramlik deganda ko‘z oldiga narkotik moddalar, alkogol mahsulotlariga ruju qo‘yish, chekish, videoo‘yinlar va ijtimoiy tarmoqlarga mukkasidan ketish singari zararli odatlarni ko‘z oldiga keltiradi. Ammo biz foydali deb hisoblaydigan mashg‘ulotlarga ham qaramlik mavjud. Ular narkotik moddalardan kam bo‘lmagan darajada jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin.

Yana bir salbiy jihati shundaki, ijobiy hisoblanuvchi mashg‘ulotlarga qaramlikni ko‘pchilik zararli ekanini bilmaydi, aksincha, u g‘urur manbayiga aylanadi, atrofdagilar olqishiga sazovor bo‘ladi. Jumladan, sportga qaram odamlarni ijtimoiy tarmoqlarda sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchilari sifatida olqishlanadi, ular ham o‘z «ustunligi»dan faxrlanadi. Lekin tanganing ikkinchi tomonida nima borligiga qiziqib ko‘rish kerak. Ushbu maqolada sportga qaramlik va uning belgilari haqida gaplashamiz. Bu qaramlikning oqibatlari va undan chiqish yo‘llarini bilib olamiz.

Kun davomida sizda paydo bo‘ladigan (xoh ijobiy, xoh salbiy) hissiyotlarning asosiy qismi nima ta’siridan kelib chiqadi? Bu savolga javob berish orqali nafaqat sport, balki har qanday mashg‘ulotga qaramligingiz bor-yo‘qligini bilib olish mumkin. Masalan, mutolaaga, mehnatga va hokazo…

Sportga qaramlik sabablari
Sog‘lom hayot tarziga qaramlik haqida ilk bor 1997 yildan boshlab gapira boshlandi. Amerikalik Stiven Bretman bunga alohida nom — «Ortoreksiya» atamasini o‘ylab topdi. To‘g‘ri, Bretman ushbu so‘zda faqat to‘g‘ri ovqatlanishga qaramlikni nazarda tutgan, keyinchalik uning ma’nosi tarkibiga sog‘lom turmush tarzi va qomatga haddan tashqari ko‘p e’tibor ham kiritilgan. Ularning asosini esa sport tashkil qiladi.

Sportga qaramlikning ikki turi bor: birlamchi va ikkilamchi.
Birlamchi qaramlikda sport o‘z holicha qaramlik ob’ektiga aylanadi.

Ko‘pincha, sportga qaramlikning sababi — jiddiy hayotiy qiyinchiliklar, masalan, oiladagi muammolar, yolg‘izlik, ishdagi kelishmovchiliklar bo‘lishi mumkin. Ta’sir qilish qiyin bo‘lgan vaziyat bilan yuzma-yuz kelish — qo‘rqinchli va yoqimsiz. Mashg‘ulotlar zalida esa hamma narsa nazoratingiz ostida: gavda tuzilishingiz, qomatingiz qanday bo‘lishi sizga, sizning urinishlaringizga bog‘liq.

Sport bilan shug‘ullanishni ko‘p hollarda to‘liqmaslik kompleksi tufayli boshlaymiz. Kimdir o‘zini xunuk, kimdir esa ojiz deb o‘ylaydi, yana birov esa kimdandir xafa bo‘lib, o‘ziga nisbatan bahosini oshirish uchun reablitatsiya vositasi sifatida sportga murojaat qiladi. Bundan kelib chiqadiki, sportga qaramlikning bosh sababi ruhiy muammolardir. Ayniqsa, o‘smirlarda sportga qaramlikni ko‘p uchratish mumkin.

To‘g‘ri, o‘smirlikda sport bilan shug‘ullanish — to‘lib-toshayotgan energiyani sarflashning foydali yo‘llaridan biri. Ammo bu o‘ziga nisbatan bahoni oshirish istagi oldida juda kichik sabab. Tashqi ko‘rinishidan qoniqmaslik va tengdoshlarining oldida darajasini tushirmaslik o‘smirni sport bilan shug‘ullanishga undaydi. Mashg‘ulotlardagi progress o‘ziga ishonch hissini beradi. Bu ishonchni mustahkamlash uchun mashg‘ulotlar kuchayib boraveradi.

Ijtimoiy tarmoqlarda, ayniqsa, Instagram’da sog‘lom va chiroyli tanani — oliy maqsadga aylantirgan blogerlar mustaqil fikrli odamlarga hech qanday ta’sir qilmasligi mumkin, biroq bu ta’sirchan va o‘ziga nisbatan bahosi past o‘smirga sport muammolarning qulay yechimi bo‘lib ko‘rinadi. Buni hech kim taqiqlamasligi, aksincha, olqishlashi ayni muddao. Sport zaliga abonement esa — baxtli hayot sari chipta…

Sportga nisbatan qaramlik yoxud sport addiksiyasi qanday shakllanadi? Juda oddiy: jismoniy mashqlar vaqtida miyada zavq gormoni – endorfinlar ishlab chiqariladi. Qanchalik ko‘p shug‘ullansangiz, uning organizmdagi darajasi shunchalik oshadi. Navbatdagi porsiyani olish uchun sport zaliga qarab otlanasiz. Zavqlanish kimga ham yoqmaydi? Asta-sekin sport narkotikka aylanadi, usiz o‘zingizni yomon his qila boshlaysiz.

Endi ikkilamchi qaramlikka to‘xtalsak. Bunda sportga qaramlik asosida oziqaviy qaramlik yotadi. Ushbu holatda vazn kamaytirish yoki qomat ko‘rinishini o‘zgaritish zarurati tufayli sport bilan shug‘ullanishga kuchli ishtiyoq paydo bo‘ladi.

Ko‘pincha, bunday qaramlar tanani ayamaydi, uni ayyor va dangasa hayvonday bilib, imkoniyatlar chegarasidan tashqarida ishlashga majbur qiladi.

Sportga qaramlikni aniqlash yo‘llari
Performance in Mind sayti muallifi, sport psixologi Jozefin Perri ko‘p shug‘ullanish bilan juda ko‘p shug‘ullanish o‘rtasidagi nozik chegarani belgilaydi: «sportga munosabatingiz jiddiy bo‘lsa, unga ko‘p kuch va vaqt sarflasangiz, qoldirgan mashg‘ulotlaringiz uchun afsuslansangiz — sizni intiluvchan sportchi deya atash mumkin. Ammo qanday bo‘lmasin, mashg‘ulotlarga borishni kanda qilmasangiz, sportni deb oilangiz, do‘stlaringiz o‘rtasida ziddiyat paydo bo‘lsa, nosog‘lom qurbonliklar qilsangiz — chegaradan oshib o‘tgan bo‘lasiz».

Amerikalik olimlar sportga qaramlikni aniqlaydigan ikkita asosiy mezonni belgilagan: biri mashg‘ulotlarning qoldirilishiga o‘ta salbiy reaksiya, ikkinchisi esa jismoniy yuklamalar hajmining normasidan oshib ketishi.

O‘zingizda sportga qaramlik bor-yo‘qligini aniqlamoqchi bo‘lsangiz, quyidagi jumlalarni o‘qing va ularning qanchalik haqiqatga yaqinligi haqida o‘ylab ko‘ring:
- Mashg‘ulotlar — men uchun juda muhim;
- mashg‘ulotlar hajmini doimiy oshirib boraman;
- kayfiyatim yaxshilanishi uchun shug‘ullanaman;
- shug‘ullanolmasam, azoblanaman;
- shug‘ullanmagan paytimda aybdorlik hissini tuyaman;
- mashg‘ulotlar orasida tanaffus bo‘lsa, ularning sonini ko‘paytirish orqali «aybimni yuvaman»;
- sport hayotimning mazmuni, usiz boshqa maqsad qo‘yolmayman.
Bu jumlalar asosiy ishi sport bo‘lgan professionallar uchun normal bo‘lishi mumkin, ammo shundoq ham boshqa majburiyat va ishlari bor havaskorlar uchun emas.

Oqibatlari
Sportga qaramlar har safar zo‘riqishlar miqdorini oshirib borgani uchun organizmni stressga, charchoqqa va hatto jarohatlarga duchor qiladi. Yetarlicha ovqatlanmaslik tufayli yuzaga keladigan kaloriya yetishmasligi depressiya hamda ochlikdan hushni yo‘qotishgacha olib kelishi mumkin.

Ortiqcha shug‘ullanganda quyidagi holatlar paydo bo‘ladi:
- Mushak va bo‘g‘imlardagi og‘riq;
- keyingi mashg‘ulotgacha o‘zini tiklab ololmaslik;
- tez charchash;
- xotirjamlik vaqtida ham yurakning tez urishi;
- mashg‘ulotlardan so‘ng hamda dam olish vaqtida ishtahaning yo‘qolishi;
- bosh og‘rig‘i;
- ko‘ngil aynishi;
- uyqusizlik;
- immunitetning zaiflashuvi.

Sportga qaramlikdan qanday chiqish mumkin?
Yuqoridagi holatlarning aksariyati sizda bo‘lsa, chora ko‘rish vaqti keldi. Birinchidan, endorfinga qaramlikni kamaytirish uchun haftasiga besh soatdan ko‘p shug‘ullanmang. Mashg‘ulotlarsiz hech bo‘lmasa, bir hafta yashasangiz, organizmning nafas rostlab olishiga imkon berasiz. Vaqtingizni esa qiziqarli boshqa bir ishga sarflab ko‘rishingiz mumkin. Masalan, toza havoda sayr qilish, do‘stlar bilan uchrashish, kitob o‘qish va hokazo.

Shaxsiy trener xizmatidan foydalaning: u organizmingiz ehtiyojlaridan kelib chiqib, zaruriy yuklama miqdorini hisoblab beradi. Sportga qaramlik qandaydir og‘ir hayotiy muammolarga olib kelayotgan bo‘lsa, psixolog kabinetiga ham mo‘ralab ko‘rish foydali.

Sportga qaramlikdan qutulishning eng muhim yo‘li — «Mashg‘ulotlarga qatnashimga sabab nima?» deya savol berishdir. To‘g‘ri savollar to‘g‘ri yechimlarga olib keladi. Shuni biling, sport miya ovozini o‘chirib qo‘yadigan, ba’zi mummolarni unutishga yordam beradigan «narkotik»ka aylanishi mumkin. Buning o‘rniga muammolarga tik qarab boring va hal qiling.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Sportga juda tashna odam va narkoman: nega ularning farqi deyarli yo‘q?