“Manchester Siti”da yangilanish to‘lqini 2025-yil 20-yanvarda “Lans”dan kelgan Abduqodir Husanov bilan amaliy tarzda boshlangan, hozir ham sur’at oshirmoqda. Endi esa bu jarayonning qay darajada samarali kechishi ko‘p jihatdan o‘zbek himoyachisining o‘yini va sog‘ligiga bog‘liq bo‘lib qoldi.
Kayl Uoker ketgach, “shaharliklar”ning eng nozik bo‘g‘ini — o‘ng qanot himoyasida bo‘shliq paydo bo‘lgani yashirin emas. Uning o‘rnini bosishi kutilgan Riko Lyuis va yarimhimoyachi tabiatli Mateush Nunesh bu pozitsiyada yetarlicha ishonch uyg‘otolmadi, natijada muhim bahslarda ochkolar yo‘qotildi. Pep Gvardiola yozda maxsus transfer qilmagani uchun ichki resurslarni sinab ko‘rishga majbur bo‘ldi va tabiatan markaziy himoyachi bo‘lgan Husanovni o‘ng qanotga surdi.
Bu qadam o‘zini oqladi: 21 yoshli legionerimiz ketma-ket to‘rt uchrashuvda o‘ng qanotni “qulflab”, tezkor reaksiyasi va pozitsion o‘yini bilan murabbiylar shtabiga ham, muxlislarga ham yoqimli taassurot qoldirdi. Husanovning bu yerdagi imkoni ham mantiqiy: markazda Jon Stounz, Ruben Diash, Yoshko Gvardiol va Natan Ake bilan katta raqobat bor, o‘ngda esa uning himoyaviy ustunliklari Lyuis va Nuneshdan ko‘proq seziladi.
Afsuski, “Arsenal”ga qarshi bahsda olgan jarohat tempni sekinlatdi. Ilk bashoratlarda aytilgan ikki haftadan ko‘proq reabilitatsiya kerak bo‘layotgani fonida o‘ng qanot masalasi yana kun tartibiga qaytdi. Daily Mail’ning bosh muxbiri Jek Gogan yozishicha, “Siti” qishda o‘ng himoyachi olish-olmaslikni aynan Husanovning qaytishi va formasiga qarab belgilaydi: agar FIFA kunlaridan keyin yana yuqori darajada o‘ynashni davom ettirsa — yanvarda bozorga kirilmaydi; aks holda, o‘ng qanot uchun manzilli transfer amalga oshiriladi.
Ya’ni Abduqodir oldida start tarkibida muqim rolni mustaxkamlash uchun real imkoniyat ochilgan. Gvardiola hozirning o‘zida mavsum oxirigacha unga muntazam maydon vaqti berishga tayyorligini ko‘rsatdi — futbolchimizdan talab bitta: so‘nggi to‘rt uchrashuvdagi barqaror o‘yinni yana takrorlash.
“Manchester Siti”ning navbatdagi uchrashuvi 18 oktyabr kuni “Olimpiyada”da “Everton”ga qarshi. Husanov shu bahsgacha to‘liq safga qaytishi kutilmoqda. Agar o‘ziga xos chidam va intizomni yana namoyish etsa, klubning qishki transfer rejasiga ham “o‘ngdan” tegishli tuzatish kiritadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!