“Manchester Siti” tarkibi oxirgi ikki transfer oynasida jiddiy yangilangan bo‘lsa-da, jamoa hali ham to‘liq muvozanatga kela olgani yo‘q, deb yozadi inglaterrafootball.com.
Xosep Gvardiola boshqaruvidagi jamoa keyingi paytlarda ayniqsa himoya chizig‘ida jiddiy muammolarga duch kelmoqda. Bu masalada eng katta muammo — o‘ng qanot himoyasi bo‘lib turibdi. Gvardiolani hozircha faqat 21 yoshli o‘zbekistonlik Abduqodir Husanovning o‘yini qoniqtirmoqda.
Abduqodir aslida markaziy himoyachi bo‘lsa-da, “Siti”da uning tezligi va pozitsion fikrlashi o‘ng qanotni yopishda katta yordam berayapti. Shuning uchun Gvardiola uni aynan o‘sha chiziqda sinovdan o‘tkazmoqda.
Markazda esa Ruben Diash, Yoshko Gvardiol, Jon Stounz va Husanov kabi futbolchilar raqobatda. Biroq Stounz yoshi katta va jarohatlarga moyil. Uning sog‘ayish jarayoni ham ancha uzoq davom etmoqda.
Shu orada xorvatiyalik Yoshko Gvardiol ham jarohatdan keyin to‘liq formaga kirishda qiynalayotganini tan oldi:
— Tizzamdagi jarohat uzoq vaqt o‘ynashimga to‘sqinlik qildi. Hozir barchasi nazoratda, lekin kuchli charchoq sezilyapti. Bu mavsum oldi tayyorgarlik yetarli bo‘lmagani bilan bog‘liq, — dedi u.
Gvardiolning bu holati ortidan “Siti”da markaziy himoya uchun navbatdagi ishonch Abduqodir Husanovga qaratila boshlandi. U nafaqat markazda, balki o‘ng qanotda ham ishonch bilan harakat qilib, universal o‘yinchi sifatida ko‘zga tashlanmoqda.
Shu tariqa, “Siti” himoyasidagi yangi kombinatsiyalar ichida Husanov uchun yangi imkoniyatlar ochilyapti. Gvardiola uning maydondagi irodasi va jismoniy barqarorligidan mamnun. Shu sababli ingliz klubining kelajak rejalarida ham o‘zbekistonlik himoyachiga alohida o‘rin ajratilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!