date

Urugvay bosh murabbiyi: O‘zbekistonga qarshi sinov, yangi yuzlar va imkoniyatlar

Urugvay bosh murabbiyi: O‘zbekistonga qarshi sinov, yangi yuzlar va imkoniyatlar

Urugvay terma jamoasi bosh murabbiyi Marselo Belsa Malayziyadagi matbuot anjumanida Dominikan Respublikasiga qarshi o‘yin oldidan fikr bildirdi. Unga ko‘ra, Janubi-Sharqiy Osiyodagi yig‘in jamoaga yangi tajriba beradi va ikki o‘rtoqlik bahsi — Dominikan hamda O‘zbekistonga qarshi uchrashuvlar — tarkibni sinchkovlik bilan ko‘zdan kechirish uchun qulay maydonga aylanadi. «Ertaga juda qiziqarli bellashuv bo‘ladi. Malayziyada bo‘lib turganimdan juda mamnunman», — dedi argentinalik mutaxassis.

Belsa raqiblar borasida alohida to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonning mundialga chiqqani o‘zi har jihatdan katta yutuq va ochiq signal: «O‘zbekiston jahon chempionatiga borayotgan jamoa — buning o‘zi yetarlicha omil. Dominikan Respublikasida esa Yevropada to‘p surayotgan o‘yinchilar ko‘p. Har ikki raqib ham bizdan yuqori darajadagi o‘yin talab qiladi». Belsa aniq chegara chizdi: bu ikki jamoaning farqi — o‘rindosh emas, maqsad va maqomda: birinchisi mundialga yo‘llanma olgan, ikkinchisi esa yo‘q. Shunga qaramay, u ikkisi ham Urugvay uchun jiddiy sinov bo‘lishini qayd etdi.

Yig‘inga ayrim yetakchilar qatnasha olmagani sababi ham tushuntirildi. Xose Mariya Ximenes va Darvin Nunes jarohat tufayli chetda qolgan, Rodrigo Bentankur, Manuel Ugarte va Federiko Valverde esa bu safar Malayziyaga olib kelinmadi. Belsa bu qarorni «ko‘lamli sinov» zarurati bilan izohladi: «Mundialga oz qoldi. Chaqirilishga arziydigan har bir nomzodga amalda imkoniyat berib ko‘rish shart. Bu kunlarda har bir futbolchining o‘yinini ko‘rib, 2026-yil iyunda terma jamoada bo‘lishi mumkin bo‘lganlarni baholaymiz».

Uning falsafasi o‘zgarmagan: yuqori intensivlik, jismoniy tayyorgarlik va tinimsiz pressing. «Ikki yildan beri Urugvay futbolidaman. Hozirgi yig‘inlarda uslubimizga sayqal berayapmiz», — deya qisqacha nuqta qo‘ydi u. Shu payt Kike Oliveyraning bu yig‘inda yo‘qligi haqidagi savolga ham javob qaytardi: «U ham nomzodlar ro‘yxatida. Hozircha hech kimga to‘liq kafolat berilgani yo‘q, hech kim ham butunlay chetlatilmagan».

Yig‘in ishtirokchisi Rodrigo Salazar esa Malayziyadagi sharoitlar haqida gapirdi: iqlim issiqroq, biroq jamoa bir necha kundayoq moslashib olgan. Belsadan olayotgan saboqlari haqida: «Imkon qadar ko‘proq o‘rganishga tirishyapman. Uning terma jamoada ishlayottani — katta yutuq. Har birimiz bu yerda o‘z maksimumizni ko‘rsatishni istaymiz», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston — Urugvay uchrashuvi 13-oktyabr kuni Malayziyaning Malakka shahridagi «Xang Jebat» stadionida bo‘lib o‘tadi. Bellashuv Toshkent vaqti bilan 17:45 da start oladi. Shuningdek, Urugvay Dominikan Respublikasiga qarshi ham o‘rtoqlik o‘yini o‘tkazadi — har ikki bahs ham Belsa uchun tarkibni kengaytirish, yangi yuzlarni sinovdan o‘tkazish va mundialga tayyorgarlikni bir qadam olg‘a siljitish imkoniyatidir.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Urugvay bosh murabbiyi: O‘zbekistonga qarshi sinov, yangi yuzlar va imkoniyatlar