00:23 / 26.06.2020
2 324

Diyor Imomxo‘jayev - Kamchiligi, "Futbol sharhi", futzal, Superliga qisqarishi, "Surxon" va totalizator haqida (2-qism)

Diyor Imomxo‘jayev - Kamchiligi, "Futbol sharhi", futzal, Superliga qisqarishi, "Surxon" va totalizator haqida (2-qism)
Diyor Imomxo‘jayev yaqindagina PFL bosh direktori vazifasini bajaruvchi etib tayinlanganidan xabardorsiz.
Bir necha kun oldin saytimizda "Muxlisdan savol" rukni orqali Diyor Imomxo‘jayevga savol yo‘llang deb e’lon bergandik. O‘quvchilarimizdan 100dan ortiq savollar kelib tushdi. PFL bosh direktoriga o‘zimiz tanlab olgan eng sara 22ta savol bilan yuzlandik. Biroz oldin mana shu savollarning dastlabki 10tasiga berilgan javoblarni taqdim etgandik. Quyida esa qolgan 12ta savolning javobini o‘qishingiz mumkin.

11. Diyor Imomxo‘jayev o‘zbek futbolini boshqarishga o‘z iqtidorini yetarli deb hisoblaydimi?! Men negadir umuman ishonmayapman.
Menga bo‘lgan bu kabi ishonchsizlik — qo‘shimcha kuch beradi. Men uchun muhimi o‘zimga bo‘lgan ishonch. Shukrki, o‘zimga ishonaman va albatta qilgan ishlarim uchun har yil so‘ngida ochiq hisobot beraman. Hisobotni O‘FA oldida emas, jamoatchilik oldida beraman.

12. Diyorjon sizga tilagim, televideniye orqali chiqqanda shevada emas, adabiy tilda gapiring. Har qalay o‘zingiz ham bilasiz oynai jahon boshqa, ko‘cha boshqa.
Bu borada Sizning fikringizni to‘g‘ri deb hisoblayman va shevadagi gaplarimni qoralayman. Bu mening kamchiligim, uni albatta to‘g‘rilashim kerak.

13. Raqobatdosh klublarni tashkil etish yoki rivojlantirish uchun nimalar to‘sqinlik qilmoqda?
Boqimandalik. Men 2030 yil tezroq kelishini va klublar tayyor homiydan pul kutib o‘tiravermasligini istardim. Raqobat bozor iqtisodiyoti mexanizmlarida aks etadi, bizda esa uch xil klubga uch xil smeta tasdiqlangandayoq raqobat darz ketadi, puliga qarab kimning muvaffaqiyati yaqinroq ekanini his qila olishimiz mumkin.

14. 2021 yilgi Superligada PFL yoki siz uchun qanday eng muhim o‘zgarish bo‘ladi?
2021 yilgi mavsumdan keyin Superligani biryo‘la to‘rt klub tark etib, Pro ligadan ikki klub elitaga chiqishini rejalashtiryapmiz. To‘rtta klubda tushib ketish xavfining borligiyoq Superliga klublari uchun yangi chaqiriq va muxlislar uchun ajoyib raqobat taqdim etadi. Biz har birida 12 tadan jamoasi bor bo‘lgan va kuch jihatdan bir-biriga juda yaqin Superliga hamda Pro ligaga ega bo‘lish yo‘lida ishlaymiz. Shuningdek, Pro liga uchrashuvlari ham jonli namoyish etilishi rejasini ishlab chiqamiz.

15. Taklif PFL direktori sifatida o‘zbek klublarining OFK kubogida ham qatnashishini ta’minlasangiz.
Buni biz ta’minlay olmaymiz, ammo o‘zimizga bog‘liq hamma tomonlarini ishga solib, shunga erishishga harakat qilamiz, bundan manfaatdormiz. Boisi, OFK kubogi g‘olibi 1,5 million dollarga ega chiqishi mumkin. Bu ko‘plab klublarimizning bir yillik smetasiga teng. Nega endi uni muntazam yutib turishga harakat qilmasligimiz kerak?

16. Direktor sifatida o‘z atrofingizda o‘zingiz o‘ylagan jamoa yig‘a oldingizmi?
Men bilan birga mehnat qilayotgan yigitlarga ishonaman. Birga ishlash rejamda bo‘lmaganlaridan voz kechdik, yana 3-4 kishiga mavsum yakunigacha imkoniyat berganmiz. Ungacha o‘zim shu yerda bo‘lsam, bizga tegayotgan foydalaridan kelib chiqib, 2021 yil uchun navbatdagi qarorlarni qabul qilamiz.

17. Keyingi yildan bukmeker kontoralari bizdan qonuniy ish boshlashadi. Bu futbolimizga qanchalik ijobiy va salbiy ta’sir qiladi?
Moliyaviy tomondan yutamiz. Qolaversa, yuz minglab hamyurtlarimiz total o‘ynashi sir emas. Madomiki shunday ekan, nega ularning faoliyatlarini qonuniylashtirib bermaslik kerak? Tikilayotgan pullarning ichki bozorda aylanishi ham iqtisodga foyda, ham rasman ish boshlaydigan kompaniyalar davlatga soliq to‘laydi, ham odamlarimiz qonun bilan taqiqlangan ishni qilmaydi, ular nazoratda turgan masala yuzasidan o‘yin o‘ynaydi. Biroq unutmaslik kerakki, totalizatorga pul tikish ahmoqgarchilikdan boshqa narsa emas, buning oxiri yaxshilik bilan tugamaydi. Endi bunisini har bir inson ongli ravishda tushunishi kerak, toki boshi devorga borib urilmasin.

18. Jahongir Usmonov davridagi futzal qachon qaytadi?
U futzal qaytmaydi, chunki o‘tmishning o‘zi qaytmaydi. Ammo biz futzalni yo alohida tashkilot sifatida chiqarib yuborish yoki uni Siz aytgan davrdagidan ham yaxshilash ustida ishlaymiz. Futzalga yangilik olib kirish uchun rejalarimiz bor.

19. Bizning klublar ham qachondir o‘zining an’anaviy ranggiga ega bo‘larmikin?
Yaxshi savol, ammo bu savolga aslida klublar javob berishi kerak. Men bitta tashkilot tepasiga rahbar bo‘lib keldim va ishni PFL logotipini o‘zgartirishdan boshlamadim. Bu boradagi an’analarni saqlab qolishimiz kerak. An’anasiga va qarashlariga ega bo‘lmagan klublarga esa albatta yordam beramiz.

20. "Futbol sharhi" ko‘rsatuvini tiklashning iloji bormi?
Iloji yo‘q. Chunki muallifi butunlay boshqa tashkilotda faoliyat olib boradi. Qolaversa, o‘tayotgan yillar va orttirilgan tajribalar bilan eski ishlarni takrorlab bo‘lmaydi. Tiklasangiz ham, odamlar baribir eski sonlarini sog‘inaveradi.

21. "Surxon" klubi Toshkentda yashab faqat o‘yinnni o‘tkazish uchun Termizga borishiga qanday qaraysiz?
Yaxshi emas, biz bu borada bir necha bor fikr bildirdik. Klub futbolchilari yomon bo‘lsa ham o‘sha hududdagi stadionda mashg‘ulot olib borsa, demak o‘sha stadion ham yaxshilanadi, atrofi go‘zallashadi, tabiiy ravishda futbol maktablari vujudga keladi va oxir-oqibat bundan surxondaryoliklarning o‘zlari yutadi, ularning farzandlarida “Surxon” futbol maktabi yoki akademiyasi orqali porlash imkoniyati vujudga keladi. Agar futbolchilar faqat Toshkentdan qatnayversa, ular maoshini oladi, yaxshi yashaydi, Termizda esa hech narsa bunyod bo‘lmaydi.

22. Liga Kubogida qo‘shni davlat klublari ishtirok etishi ko‘zda tutilgandi. Karantin sabab bekor bo‘ldi. Keyingi yillarda bu musobaqani o‘tkazish rejada bormi?
Albatta. Bu turnirni o‘tkazish uchun bor kuchimizni ishga solamiz.

"Muxlisdan savol" ruknining navbatdagi mehmoni kim bo‘lishini istaysiz? Futbolchi, jurnalist yoki rahbar farqi yo‘q. Fikr qoldirish bo‘limida yozing. Eng ko‘p so‘ralgan insonlar bilan bog‘lanamiz va agar rozi bo‘lsa albatta unga savollarni yo‘llaysiz.

Manba: championat.asia

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Diyor Imomxo‘jayev - Kamchiligi, "Futbol sharhi", futzal, Superliga qisqarishi, "Surxon" va totalizator haqida (2-qism)