18:48 / 15.02.2021
727

Jasur Yaxshiboyev Polshada yulduzga aylana oladimi?

Jasur Yaxshiboyev Polshada yulduzga aylana oladimi?
Ko‘pchilik Jasur Yaxshiboyevni o‘tgan yili taniy boshladi. “Paxtakor” asosiy tarkibiga kira olmagan futbolchi Superligada ijarada o‘ynagandan, o‘zbek futbol muxlislari e’tiboridan ancha chetda bo‘lgan Belarus chempionatiga o‘tishni ma’qul ko‘rdi.

Oxir-oqibat, bu to‘g‘ri qaror bo‘lib chiqdi. Jasur bir yil ichida ikki klub – “Energetik—BGU” va “Shaxtyor” jamoalari sharafini himoya qildi. Soligorskliklar tarkibida Belarus chempioni bo‘ldi. Musobaqa to‘purarlari bahsida ikkinchi o‘rinni egalladi. 16 ta gol va oltita golli pas bilan chempionatning eng foydali o‘yinchisi, deb e’tirof etildi.

Eng muhimi esa, Jasur Yaxshiboyev o‘zining yaxshi futbolchi ekanini ko‘rsatdi, yevropalik mutaxassislar va muxlislar e’tiborini qozondi, o‘zbek futbolini ma’lum ma’noda reklama qila oldi. Yangi mavsumda “Shaxtyor” Yaxshiboyev o‘rnini yana bir hamyurtimiz Shahzod Ubaydullayev bila to‘ldirgani ham bejiz emas, albatta. Qolaversa, Jasurni Belarusga borishiga sababchi bo‘lgan Shahboz Umarov ham faoliyatini ushbu mamlakatning eng qudratli jamoalaridan hisoblangan BATEda davom ettiradi.

Jasur Yaxshiboyev bir necha klub e’tiborida turganiga qaramay, Polshaning “Legiya” jamoasi bilan shartnoma imzolashga qaror qildi. Bu jamoa mamlakatning amaldagi chempioni va so‘nggi yillardagi eng qudratli klubi hisoblanadi.

Ma’lumotlarga qaraganda, Jasur Yaxshiboyev “Legiya” bilan 2023 yilning yozigacha shartnoma imzolagan. Polsha klubi o‘zbekistonlik futbolchi uchun 300 ming yevro sarflagani haqida xabarlar tarqatildi.Transfermarkt portali Yaxshiboyevning transferini 750 mingga baholamoqda. Jasur Polsha chempionatida ham o‘zi uchun qadrli 7-raqamda to‘p tepadi.

- O‘tgan yili Belarus chempionatida hujumchi sifatida o‘ynadim. Hujumda o‘zimni juda yaxshi his qilaman. Hujumkor futbolni xush ko‘raman. “Legiya” Yevropa Chempionlar ligasida o‘ynaganini, jamoaning muxlislari ajoyib va talabchanligini, ichki muhit a’lo darajada ekanini yaxshi bilaman, - dedi Jasur Yaxshiboyev.

Shu o‘rinda, Jasur Yaxshiboyev tanlagan “Legiya” jamoasi haqida ma’lumot berishga qaror qildik. Bu Polshaning eng qadimiy klublaridan biridir. Klub Birinchi jahon urushi vaqtida, ya’ni 1916 yilning mart oyida Polsha legionlari boshqaruv shtabi huzurida tashkil etilgan. Asosan harbiy xizmatchilardan tuzilgan tarkib bir yildan so‘ng, mahalliy jamoalar bilan futbol uchrashuvlarida ishtirok eta boshlagan.

“Legiya” tashkil etilganidan beri turli sabablar tufayli uning faoliyatida bir necha bor to‘xtalishlar yuzaga kelgan, jamoa nomi ham ko‘p marta o‘zgartirilgan. Jamoaning hozirgi nomi 1957 yilning 2 iyulida qaytarildi.

“Legiya” o‘tgan asrning boshida tashkil etilganiga qaramay, dastlabki chempionlik unvonini qo‘lga kiritish uchun uzoq yillar kerak bo‘ldi. Bu klub vakillari 1955 yilga kelibgina milliy chempionat g‘olibiga aylandi. Ungacha varshavaliklar ilk sovriniga 1928 yilda erishgan bo‘lib, o‘shanda “Legiya” chempionatda uchinchi o‘rinni egallagan va bronza medalga loyiq ko‘rilgandi.

Jasur Yaxshiboyevning yangi jamoasi umumiy hisobda 14 marotaba mamlakat chempioni bo‘lgan. 13 marta kumush va 14 bor bronza medalga ega chiqqan. “Legiya” hozirga paytda Polshaning eng qudratli klubi hisoblanadi. Varshavaliklar so‘nggi o‘n yilda olti marta chempionlik unvoniga sazovor bo‘ldi.

Shuningdek, “Legiya” Polsha kubogi finalida 25 marta o‘ynagan va shulardan 19 tasida bosh sovrinni o‘ziniki qilgan. Polsha ligasi kubogini bir marta, mamlakat Superkubogini to‘rt bor olgan.

“Legiya” hisobidagi jami sovrinlar soni 37 tani tashkil qilmoqda.

Bu yilgi chempionatda “Legiya” 16 ta uchrashuvdan so‘ng, 32 ochko bilan ikkinchi o‘rinda bormoqda. Polsha Ekstraklassasida peshqadamlik qilayotgan “Pogon” jamoasi hisobida bitta ko‘p o‘yin va 35 ochko bor. Jamoaning chexiyalik legioneri Tomash Pekxart 14 ta gol bilan to‘purarlar bahsida yetakchilik qilmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)