07:25 / 09.04.2021
2 544

Firdavs Norsafarovning qarori to‘g‘rimi yoki noto‘g‘rimi? Dadasi xolis fikr bildirdi

Firdavs Norsafarovning qarori to‘g‘rimi yoki noto‘g‘rimi? Dadasi xolis fikr bildirdi
Muhokama uchun mavzu qidiradiganlarga “Navbahor” – “Paxtakor” o‘yini va undagi hakamlik ayni muddao bo‘ldi. Aslida Namangandagi uchrashuvda bosh hakam Firdavs Norsafarov yomon ishlagani yo‘q. Faqat uchrashuv oxirida VAR orqali belgilangan penalti yakunda o‘yin taqdirini hal qildi. Tabiiyki, bu “Navbahor” jamoasi va uning muxlislariga mutlaqo yoqmadi, jiddiy tarzda e’tirozlar bildirildi.

Haligacha Firdavs Norsafarovning o‘yin oxirida belgilagan penaltisi muhokamalarga sabab bo‘lyapti. Bu borada turli xil fikrlar bildirayotgan mutaxassislarni uchratish mumkin. Biz ushbu holat bo‘yicha o‘sha hakamga yanada yaqinroq inson bilan Namangandagi o‘yin bo‘yicha gaplashib, munosabatini bilishga qiziqdik. Buning uchun eng yaxshi variant shubhasiz uning dadasi – Bahrom Norsafarov edi.

Bugungi kunda O‘zbekiston ayollar terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida ishlab kelayotgan mutaxassis hech qachon hakamlik bilan shug‘ullanayotgan o‘g‘lining faoliyatini e’tibordan chetda qoldirmasligi aniq. Aslida Firdavs hakamlikni tanlashiga dadasi sababchi. Chunki Bahrom Norsafarov ayollar futbolida ishlashdan avval uzoq yillar mobaynida hakamlik qilib kelgan. Sports.uz muxbiri Firdavs Norsafarovning “Navbahor” – “Paxtakor” uchrashuvidagi hakamligi yuzasidan dadasi Bahrom Norsafarov bilan bog‘landi.

- O‘yin haqida nima deya olaman? Firdavs o‘sha penalti belgilanishidan oldin VAR orqali vaziyatni ancha ko‘rdi. Men ham o‘sha holatni ikki marta ko‘rib chiqdim. Qaror qabul qiladigan bosh hakam. Penaltiga sabab bo‘lgan vaziyatni televizorda hamma ko‘rdi. Futbolchi tomonidan raqib o‘yinchisining tovoniga “kontakt” bo‘lgan. Agar o‘sha vaziyatni hakam ko‘rib turib penalti bermasa-chi? Futbolda hamma narsa bo‘lishi mumkin. Har qanday holatda ham professional yondashish kerak. O‘zim ham 15 yil davomida professional hakamlik qilganman. Ammo o‘shanda VAR yo‘q edi.

Kechagi uchrashuvda shunday bo‘ldiki, hakam VAR orqali epizodni takroran 10 marta ko‘rib keyin aniq qaror chiqaryapti. Hakam o‘z bilimiga tayanib qaror qabul qildi. Avvaliga Firdavs o‘sha vaziyatda o‘yinni davom ettirdi. VARdagi hakamlar esa unga jarima maydoni ichidagi holat bo‘yicha ko‘rib chiqishni tavsiya qilishdi. Bu jiddiy jarayon edi. Shuning uchun hakam tomonidan tavakkaliga qaror chiqarilgani yo‘q.

Nima uchun VARni olib keldik? Mana shunday bahsli vaziyatlarga aniqlik kiritish uchun. Doim inson faktori degan tushuncha bo‘ladi. Hakam vaziyatni ko‘rmay qoldi, VAR esa ko‘rsatib berdi. Hakamlikdan ketganimga ancha bo‘lgani uchun qarorlar ham o‘zgarib ketgan. Men penalti belgilangan vaziyatni to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri deb ayta olmayman. O‘g‘limning yonini olib gapirmayapman. Ko‘rdingiz, hakam avvaliga penalti bermadi.

VARdagi hakamlar takroran ko‘rgach, Firdavsga ma’lum qilishdi. O‘sha ekrandagi epizodni hamma ko‘rdi. Vaziyat murakkabligi uchun bir ko‘rishdayoq qaror chiqarish qiyin edi. O‘zboshimchalik bilan qaror qabul qilinmadi. Firdavs reytingini ko‘tarish uchun o‘yinni odilona boshqarishga harakat qildi. U penalti belgilashga ishonch hosil qilgach, shu qarorga keldi. Men hakamning ishiga aralashmayman, - deya fikr bildirdi, Firdavsning dadasi.

Shuningdek, bunday yuqori bosim ostidagi o‘yinga yanada tajribaliroq hakam tayinlansa bo‘lmasmidi, qabilidagi savollar ham uchrab turibdi. Bahrom Norsafarovning javobi esa quyidagicha bo‘ldi.

- Ha, o‘g‘lim yosh hakam. Ammo uning saviyasi qandayligini PFL biladi. Hakamlar qo‘mitasi referilarning tayyorgarligi va jismoniy holati qanaqaligini yaxshi biladi. U yana boshqa qiyin o‘yinlarda ham hakamlik qilgan. “Navbahor” – “Paxtakor” o‘yinida Firdavsning o‘zini tutishi, futbolchilar bilan gaplashishi meni qoniqtirdi. Har bir qoidabuzarlikka e’tibor qaratib, bir necha bor sariq kartochkalar ko‘rsatdi. Esankirab qolgani yo‘q. VAR noto‘g‘ri qarorlar chiqarish uchun o‘ylab topilmagan-ku!

Xo‘p, bugungi qaror “Navbahor”ning zarariga ishlagandir, ammo ertaga VAR orqali uning foydasiga qaror qabul qilinishi mumkin. Umuman olganda, o‘yinni yomon boshqarmadi. Uchrashuvga 5 daqiqa qo‘shgach, uning ichidagi to‘xtalishlar uchun hammasi bo‘lib o‘yin yana 8 daqiqa davom etdi. Balki qayerdadir xatolari bo‘lgandir, axir men o‘yinning har bir vaziyatini mikroskop orqali kuzatganim yo‘q. O‘yinni va hakamlikni muhokama qiladigan mutaxassislar bor.

Lekin bunday yuqori bosim ostida hakamlik qilish ham oson emas. Buning ustiga VAR orqali epizodni qayta-qayta ko‘rib, mezbonlar darvozasi tomon penalti belgilash uchun ham katta jur’at kerak. Kichik Norsafarov barcha mas’uliyatni o‘z zimmasiga olib o‘yin taqdirini belgilab beruvchi qarorni qabul qildi. Bunday og‘ir uchrashuvdan keyin Firdavs Norsafarovga ham oson tutib bo‘lmasdi. Dadasi o‘sha o‘yindan keyingi holat va uning hakamlikka kirib kelishi haqida ham gapirdi.

- Bilasizmi, o‘yindan keyin Firdavs bilan gaplashganim yo‘q. Biz ham hamma qatori o‘yinni tomosha qildik. Hozir biror nima desam, o‘g‘liga yon bosyapti deb o‘ylashlari mumkin. Lekin sizga betaraf inson sifatida fikrimni aytdim. O‘yinlardan keyinoq Firdavsga qo‘ng‘iroq qilmayman, uning xarakterini bilaman. Doim uyga kelgach, xotirjam gaplashishimiz mumkin. Ha, kechagi bellashuvdan keyin o‘g‘lim ayasi bilan gaplashganida hammasi yaxshi deb aytgan.

Uning hakamlikka kirib kelishi xususida to‘xtaladigan bo‘lsam, “Mash’al”dagi akademiya ilk bor ochilganida Firdavsni olib borganman, u futbolchi bo‘lishni istagandi. U yerda qo‘li sindi va olti oy o‘ynamadi. Keyin “Nasaf” akademiyasi ishga tushdi. So‘ng o‘g‘limni o‘sha yerga o‘tkazdik. Lekin yana jarohati bezovta qilaverdi. Oilaviy maslahatlashib uni boshqa sohaga berishni o‘yladik. O‘zi esa futbolni juda yaxshi ko‘rardi.

Men hakam sifatida viloyat ikkinchi liga va o‘rinbosarlar o‘yinlarida ham ishlardim va Firdavsni o‘zim bilan birga olib borardim. Bir kuni o‘rinbosarlar bahsiga hakam kelmay qoldi. Shunda o‘g‘limga bayroqchani berdim va o‘rniga hakamlik qildi. Keyinchalik yonimga kelib dada, o‘zimni hakam sifatida his qilyapman dedi. Viloyat ikkinchi liga musobaqasida hakamlik qilishni boshladi.

Shunday qilib, hakamlikka o‘qidi. Mana, endi professional hakam bo‘lib yetishdi. O‘zim ham unga hakamlikni endi boshlaganida yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatardim. Hakam ham albatta o‘yinga tayyorgarlik ko‘radi. Ayniqsa, futbolchilarni ham obdon o‘rganishi zarur, chunki ayyor o‘yinchilar ham uchraydi. O‘g‘lim birinchi ligaga o‘tgan paytida men oliy ligada hakamlikning oxirgi yilini tugatayotgandim, - dedi Bahrom Norsafarov.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Firdavs Norsafarovning qarori to‘g‘rimi yoki noto‘g‘rimi? Dadasi xolis fikr bildirdi