23:30 / 09.04.2021
2 978

"Mash’al" darvozasiga urilgan gol bo‘yicha Mo‘min Meliyevga e’tirozlar bildirilyapti yoxud "menda nima ayb?!"

"Mash’al" darvozasiga urilgan gol bo‘yicha Mo‘min Meliyevga e’tirozlar bildirilyapti yoxud "menda nima ayb?!"
Foto: sports.uz
Endi “Mash’al” – “Qo‘qon-1912” o‘rtasidagi o‘yin hammaning diqqat-markaziga tushdi, kiritilgan birinchi gol tufayli. Shu bois Mo‘min Meliyev antiqahramonmi yoki...Yanada qizig‘i, u bir necha yil “Mash’al”da to‘p surgach, bu yil qo‘qonliklar safiga qo‘shilgandi.

Aynan u birinchi gol muallifi bo‘ldi. Ammo qanday gol urdi? Takroriy vaziyat shuni ko‘rsatdiki, to‘p darvozaning tashqi setkasidan kirib ketgan. Xo‘sh, bu vaziyatda ayb kimda? Futbolchidami? Kechirasiz, bu yerda ayb Meliyevda emas! U o‘z ishini qildi, golni hakamlar hisobga oldi. Demak, barcha mas’uliyat ularning zimmasida. Lekin Mo‘min “Mash’al”ning sobiq o‘yinchisi bo‘lgani sababli unga ham turli e’tirozlar bildirilyapti. Uchrashuvdan keyin ushbu futbolchi vaziyat bo‘yicha sports.uz muxbiriga o‘z fikrlarini bildirdi.

- Ko‘pchilik menga noto‘g‘ri fikrlar bildiryapti, - deya gap boshladi, Mo‘min. - Telegramga kirsam, hamma menga, sen shu yerni nonini yegansan va hokazo deyishyapti. Meni “Mash’al”da haydovchisidan tortib rahbarigacha hurmatim baland. Axir u yerda shuncha yil to‘p surganman. Odamlarning gapiga quloq solmaganimning sababi shuki, tepgan to‘pim darvozaning tashqi tomonidan kirib ketganini televizorda takroriy efirda qayta-qayta ko‘rishdi. Lekin men o‘sha vaziyatda zarba berdim, to‘p darvoza ichiga kirib ketdi, qanot hakamiga qarasam, u markaz tomon yugurib ketdi. Shunda men ham gol deb o‘yladim. Axir qaysi futbolchi gol emas deb o‘ylaydi?

Aytaylik, jarima maydoni ichida to‘pni qo‘lim bilan ushlab darvozaga otib yuborsam-u, hakam buni hisobga olsa, shunda unga qo‘lim bilan urdim, degan bo‘lardim. O‘sha holatda tepdim va gol deb o‘yladim. Bu ham omad va Xudodan. Kim qanday fikrdaligini o‘zlari bilishadi. “Mash’al”dagilardan uzr so‘rashim mumkin. Ammo ular golni nishonlading deyishdi. Men esa 100 foiz gol deb o‘yladim. Keyin videosida to‘p tashqi tomondan kirib ketgani ko‘rinyapti. Bungacha ham o‘yin paytda hamma berilgan zarbalar tashqi tomonga tepilsa, albatta setkaga tegib qaytgan. Lekin mening zarbam gol bo‘ldi.

Endi o‘zingiz o‘ylang, bunday paytda qaysi o‘yinchi gol deb o‘ylamaydi? Axir aytyapman-ku, darhol qanot hakamiga qaradim, u markazga qarab yugurib ketdi va men ham gol deb o‘yladim. Men zarba berayotgan mahalda darvozabon yaqin burchakda turgandi. Albatta, zarbadan keyin ikkilandim. Ammo hech qanaqasiga to‘p darvoza to‘ridan o‘tib ketmaydi-ku. Qarasam, to‘p darvoza ichida edi va omadli gol deb hisobladim. Qanot hakamining harakatini ko‘rgach, bu gol ekan deb yanada ishonch hosil qildim. To‘g‘ri, uchrashuvdan keyin gol bo‘lgan vaziyatni har tomonlama ko‘rsatishyapti. Ammo u paytda mening ham aybim emas-da! Aybim gol urganim yoki darvoza tomon tepganimmi?

- Golni takror ko‘rganingizdan keyin qanday xulosaga keldingiz?
- Hamma o‘shanda gol bo‘lmadi, deb aytsang bo‘lardi deyishyapti. Hattoki, videoda ko‘rib ham ishonmayapman. Axir qanday qilib tashqi tomondan kirib ketishi mumkin? Bu ham omad-da! Sen hech kimdan uzr so‘ramading ham deyishdi. Albatta, o‘shanda to‘p darvoza ichida bo‘lgach, gol deb hisoblayman-da!

- Rostdan feyr-pleyga amal qilinmagani haqida ham gap-so‘zlar bo‘lyapti...
- Boya sizga aytdim-ku, agar qo‘lim bilan gol ursam, shunda hakamga aytsam bo‘lardi. Men darvozaga tepdim, to‘p uni ichiga kirib ketdi, gol-da. Menda qanaqa ayb? Professionalman, o‘z jamoamga nisbatan hurmatim bor. Bilasizmi, hammasi bir soniyadayoq yuz berdi.

- Bu hakamning xatosimi? Nimagaki, sizda ayb yo‘q, chunki o‘z ishingizni qildingiz va darvozaga zarba yo‘lladingiz. Ammo golni inobatga olish yoki olmaslik hakamlarga bog‘liq edi...
- Bilmadim. Men o‘shanda qanot hakamidan ham yaqinroq edim. Agar o‘zim ham to‘p darvozaning tashqi tomonidan kirib ketganini bilganimda hakamga aytgan bo‘lardim. Hozir aytganimdek, barchasi bir soniyada bo‘lyapti. Bunaqasi faoliyatimda hali bo‘lmagan. Muxlislar qanday fikrdaligini bilmadim-u, ammo doim ularni hurmat qilib kelganman. Kim gol ursa, xursand bo‘lmaydi? Siz ham gol ursangiz nishonlaysiz.

Men gol urgach, futbolkamni yechib, stadionni aylandimmi? Yoki baqir-chaqir qildimmi? Murabbiyimiz betob edi, uni xursand qilish maqsadida goldan keyin hammamiz uning yoniga bordik. Masalan, o‘sha vaziyatni VAR bo‘lganida takroran ko‘rishsin edi. Yana qaytaraman, bu meni aybim emas. Men gol deb o‘yladim. Yolg‘ondan gol deb hisoblamadim, menga rostdan chinakam goldek ko‘rindi.

- “Qo‘qon-1912”ga “Mash’al”dan o‘tdingiz. Shu bois sobiq klubingizga gol uraman, degan niyatingiz kattamidi?
- To‘g‘risi, hammaga ham o‘ynab ketgan jamoasiga qarshi to‘p surishi qiyinroq bo‘ladi. Mening qanday o‘ynashimni “Mash’al”dagilar yaxshi biladi. Men ham ularni bilaman. Muborakda har doim to‘p surish qiyin bo‘lgan. “Mash’al” ham sovg‘a jamoa emas. “Paxtakor” ham bu yerdan osongina yutib ketmagan. Men ham doim o‘zimga yarasha tayyorlanaman. “Mash’al”dan ketgan bo‘lsam, qo‘qonlik muxlislar bor va ularni xursand qilishni xohlayman. Jamoamga foydam tegishini va gol urishni istayman.

Ishonsangiz, telegramim xabarlarga to‘lib ketdi. Sen shunday gol urding, nega ishonlading, qabilidagi savollarni yozishyapti. Ko‘rgan bo‘lsangiz, o‘yin paytida murabbiylar besh daqiqacha gaplashib qolishdi. Muxlislar esa gol emas deb baqirishyapti. Ammo o‘shanda vaziyatni kamera orqali takror ko‘rsatishganida va gol tashqaridan urilganini bilganimda buni tan olardim.

- G‘alabadan keyin odatda hammada xursandchilik bo‘ladi. Lekin o‘zingiz aytganingizdek, sizga e’tirozlar kelib tushyapti. Shunday ekan, bu g‘alaba qanchalik tatiyapti? Kayfiyatingizga ta’sir ko‘rsatyaptimi?
- Bugungi o‘yindan ko‘nglim to‘lgani yo‘q. Bundan ham yaxshiroq o‘ynay olaman. Kayfiyatim ham yaxshi emas. Ha, jamoam yutdi, o‘ziga yarasha xursandchilik bor. Biz muxlislarning haqoratlarini eshitish uchun maydonga chiqmaymiz. Biz ham katta maqsadlarni, jahon chempionatlariga chiqishni xohlaymiz. Hech qaysi futbolchi maydonga shunchaki yurish uchun chiqmaydi. Hammaning o‘z maqsadi bo‘ladi. Ayniqsa, gol uraman, jamoamga foyda keltiraman, degan niyati bo‘ladi. Agar o‘sha vaziyatda Xudo xohlamaganida to‘p maydon tashqarisiga chiqib ketishi mumkin edi, lekin bunday bo‘lmadi va darvoza ichiga kirib ketdi. Bu ham taqdir.

Shuhratbek Jo‘rayev

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Mash’al" darvozasiga urilgan gol bo‘yicha Mo‘min Meliyevga e’tirozlar bildirilyapti yoxud "menda nima ayb?!"