10:30 / 10.04.2021
2 461

“Isroil Madrimov o‘ziga ziyon qilmoqda!”

“Isroil Madrimov o‘ziga ziyon qilmoqda!”
Xorijlik ekspertlar professional boksning super yarim o‘rta vazn toifasida (69,8 kg) yaqin kelajakda haqiqiy yulduz kim bo‘lishi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirmoqda. Xususan, Eye of the Tiger Management promouterlik kompaniyasi raisi Kamil Estefan o‘zining mijozlari – Sadriddin Ahmedov va rossiyalik Artyom Oganesyan ushbu vaznda yuqori marralarni zabt etishini ta’kidlamoqda.

Ma’lumki, bu vaznda Isroil Madrimovni ko‘plab mutaxassislar bo‘lajak jahon chempioni sifatida e’tirof etyapti.

ESPN jurnalisti Stiv Kim o‘zbekistonlik charm qo‘lqop ustasi o‘z vaznida yetakchi bo‘lishi uchun ayrim jihatlarga e’tibor qaratishi lozimligini bildirdi.

- Isroil Madrimov sodda shaklda jang olib borsa, haqiqatan juda kuchli bokschiga aylanadi. Menda shunday tuyg‘u borki, uning ko‘pqirrali bokschi bo‘lishga harakat qilayotgani o‘zining ziyoniga ishlayotgandek. Hech narsaga qaramay ishonch bilan aytishim mumkinki, menga uning iste’dodi juda yoqadi va Isroil ko‘proq “pishishi” kerak bo‘ladi, - deb yozadi Stiv Kim.

Eye of the Tiger Management promouterlik kompaniyasi raisi Kamil Estefan Stiv Kimning bu izohiga javob yozib, sobiq Ittifoq hududidan chiqqan yana ikki bokschi bu vaznda yuqori maqsadlar uchun kurashishga tayyorligi va Madrimov singari ularga ham e’tibor qaratish kerakligini ta’kidladi.

- Stiv, sening Sadriddin Ahmedov va Artyom Oganesyan janglarini jonli tarzda tomosha qilishingni intizorlik bilan kutyapman. Chunki, ular o‘z vaznining kelajagi, - deb yozdi Kamil Estefan.

Isroil Madrimov ayni paytda o‘z vazn toifasida jahon reytingida Sadriddin Ahmedov va Artyom Oganesyandan yuqorida - 15 pog‘onada bormoqda. Xivalik bokschi yaqinda jiddiy jarohatini operatsiya qildirganiga qaramay, kuni kecha Toshkentda o‘tkazilgan jangda ringga chiqdi. Isroil kuchli raqib – 14 jangining barchasida raqiblarini nokautga uchratgan kongolik Emmani Kolomboni o‘n raundlik to‘qnashuvda ochkolar hisobida yengdi.

Umumiy hisobda, Isroil Madrimov 7 ta g‘alabali jangdan beshtasida raqiblarini muddatidan oldin taslim qilgan. Aytish joizki, Isroilning barcha raqiblari professional ringda katta tajriba to‘plagan reytingi baland bokschilar bo‘lgan.

Uch yildan beri professional janglarda qatnashayotgan Sadriddin Ahmedov esa barcha – 12 ta bahsda zafar quchgan va o‘n marta raqiblarini ringga qulatgan.

Sadriddin shu yilning 29 yanvar kuni Meksikada o‘tkazilgan jangda niderlandiyalik Stiven Danoni ochkolar hisobida yengib, WBA, NABF va WBC yo‘nalishlaridagi mintaqaviy kamarlarni qo‘lga kiritdi. Ahmedov jahon reytingida 36-qatorda qayd etilgan.

Rossiyalik Artyom Oganesyan ham Sadriddin singari 12ta uchrashuvning hammasida raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan. O‘nta jangni muddatidan oldin yakunlagan. Bu g‘alabalari evaziga o‘z vazn toifasida dunyo bokschilari orasida 40-o‘ringa ko‘tarilib oldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » “Isroil Madrimov o‘ziga ziyon qilmoqda!”