22:30 / 17.08.2021
2 529

Jahon chempionatiga chiqsak, futbolimiz rivojlanib ketadimi?!

Jahon chempionatiga chiqsak, futbolimiz rivojlanib ketadimi?!
“Xayr, OFK—Salom, UYEFA!”, deyishga jur’at bormi yoxud “Jahon chempionati uchun” degan sarobni unutib, “Futbolimiz rivoji uchun” degan strategiya bilan UYEFAga ko‘chib o‘tish vaqti keldi, mavzusining davomi.
Bir muddat avval O‘zbekistonning UYEFAga o‘tish imkoniyatlari va 30 yilki sarobligicha qolib ketayotgan Jahon chempionati orzusi haqida maqola yozgan edik. Bugun ana shu mavzuning mantiqiy davomi o‘laroq, biz doim orzu qiladigan, ammo hanuz yetisha olmayotgan Jahon chempionati istagi haqida gaplashamiz.

Jahon chempionati barcha orzu qiladigan, futbol dunyosidagi eng muhim va asosiy musobaqasi, 4 yillikning katta turniri – mundial! Mustaqillikni qo‘lga kiritganimizdan buyon ana shu orzu ishtiyoqida yonamiz. 32 ta jamoa safida bo‘lishga, oz emas, ko‘p emas, naqd 7 bor harakat va xarajat qilganmiz. Lekin doim «bir bahya» qoladi, doim nechtadir ochko yoki nechtadir gol yetishmaydi. Yoki Osiyolik hakamlarning kulgili qarorlari to‘sqinlik qilib qoladi.

Ya’ni Jahon chempionatlari saralash bosqichi o‘yinlaridagi natijalar va ulardagi turli-tuman hisob-kitoblar, «shans bor» degan umidlar, shuningdek, Baxrayn, Qatar, Koreya, Saudiya Arabistoni, Xitoy kabi terma jamoalarga qarshi «hayot-mamot» uchrashuvlaridagi omadsizliklarimiz, guruhimizdagi boshqa jamoalarning «qoqilishini» kutishimiz va hokazolar unutib bo‘lmaydigan “sug‘ur kuni”dek o‘xshash voqeliklardir.

Keling, o‘tmishni biroz unutib, milliy terma jamoamizning Jahon chempionatiga chiqdi, deb faraz qilaylik. O‘zbekiston biz kutgan mundialga yo‘l oldi va qur’a natijasida Yevropa, Janubiy Amerika va Afrika qit’alarining eng kuchli jamoalari guruhiga tushdi. Mantiqan olib qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekistonning FIFA reytingidagi o‘rniga ko‘ra, terma jamoamiz eng kuchsiz hisoblangan 4-savatchadan joy olishi aniq.

Demak, boshqa kuchliroq savatchalardan qur’a natijasida quyidagi jamoalar bizga raqib bo‘lishini misol qilib qo‘rsatish mumkin.

«A» guruhi - Braziliya, Turkiya, Kosta Rika, O‘zbekiston

Yoki «B» guruhi - Ispaniya, Ukraina, Tunis, O‘zbekiston

Yoki «S» guruxi - Portugaliya, Braziliya, Kot D`ivuar, O‘zbekiston

Ana endi bir savol paydo bo‘ladi? Xo‘sh, O‘zbekiston futbol ahli uzoq yillar kutgan Jahon chempionatidagi guruhimizga shunday raqiblar tushishidan qanchalik xursand bo‘lishi mumkin?!

Keling, tasavvurimizdagi raqiblar JCHning guruh bosqichida qayerdan paydo bo‘lganini tushuntirib o‘tsak.

«A» guruhidagi raqiblar 2002 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etgan Xitoy jamoasining guruhdagi raqiblari edi. Xitoyning ushbu jamoalar bilan 3 o‘yinda ko‘rsatgan natijalari quyidagicha:

Kosta Rika – Xitoy: 2-0. Braziliya – Xitoy: 4-0. Turkiya – Xitoy. 3-0.
Xitoy jamoasi 9 gol o‘tkazib musobaqani golsiz tark etgan.

«B» guruhidagi raqiblar 2006 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etgan Saudiya Arabistoni jamoasining guruhidagi raqiblari edi. Saudiya Arabistonining ushbu jamoalar bilan 3 o‘yinda ko‘rsatgan natijalari quyidagicha:
Tunis – Saudiya: 2-2. Ukraina – Saudiya: 4-0. Ispaniya – Saudiya. 1-0.
Saudiya Arabistoni jamoasi 2 gol urib, 7 gol o‘tkazib yuborgan.

«S» guruhidagi raqiblar 2010 yilgi Jahon chempionatida ishtirok etgan KXDR jamoasining guruhidagi raqiblari edi. KXDRning ushbu jamoalar bilan 3 o‘yinda ko‘rsatgan natijalari yodingizdan ko‘tarilgan bo‘lishi mumkin. Ular quyidagicha:
Braziliya – KXDR: 2-1. Portugaliya – KXDR: 7-0. Kot Divuar – KXDR. 3-0.
KXDR jamoasi 1 gol urib, 12 gol o‘tkazib yuborgan.

Xo‘sh, ushbu guruhlarga O‘zbekiston terma jamoasi tushib qolganda, natijalar qanchalik darajada farq qilgan bo‘lar edi? Taxminiy hisoblar xayolingizdan o‘tgan bo‘lsa kerak...

Biz Osiyoning o‘sha paytdagi eng kuchli 4 talikka kirgan jamoalarini misol qilib ko‘rsatib o‘tdik. Nega Yaponiya va Koreya misol qilinmadi, degan savol tug‘ilgan bo‘lishi mumkin. Ularning futboli darajasi Osiyo futbolidan anchagina ildamlab ketgan...

Aytgancha, bu taxminiy guruhlar barchasi Osiyo jamoalari misolida ko‘rsatilganiga e’tibor qarating.

Jahon chempionati bu – futbol rivoji uchun kafolatmi?!
Yuqorida ko‘rsatib o‘tilgan misollarda Xitoy va KXDRning Jahon chempionatlardagi ishtiroki va ularning ko‘rsatgan natijalariga e’tibor qildingiz. Boshqa Konfederatsiyalarning Jahon chempionatlaridagi o‘yinlari va natijalariga bir nazar solsak, quyidagilarni ko‘rsatib o‘tish mumkin.

1998 yilgi mundialda Yamayka, 2006 yilda Trinidad Tobago, 2014 yilda Gonduras va 2018 yilda Panama terma jamoalari ham ishtirok etdi.

Xo‘sh, bundan ularning futbolida qandaydir o‘zgarish yoki o‘sish bo‘ldimi?! Jahon chempionatidan so‘ng ularning futboliga qiziqishlar ortdimi?! Ushbu jamoalarning futbolchilari JCHdan so‘ng biror bir nomdor klub tarkibiga borib qo‘shildimi? Ichki futboli qandaydir ko‘zga ko‘rinarli o‘sishga erishdimi?! Bu savollarning barchasiga «yo‘q» yoki «xabardor emasman» degan javobni berishingiz aniq.

Bunday paydar-pay savollarni farazan mundialga chiqqan O‘zbekiston terma jamoasiga ham berish mumkin, albatta. 4 yilda o‘tkaziladigan mundialdagi 3 tadan ko‘p bo‘lmagan o‘yinlar bizning futbolimiz uchun yakkayu-yagona orzu va maqsad sifatida qaralishi qanchalik to‘g‘ri?! Nahotki, o‘zbek futbolining rivoji aynan JCHdagi ishtirokimizga bog‘liq bo‘lib qolgan bo‘lsa?!

To‘g‘ri, JCHga chiqishni uddalasak, albatta, bu bilan ichki futbolimizga bo‘lgan qiziqishni bir oz oshirishimiz, futbolni yoshlar ichida yanada ommalashtirishimiz ehtimoli yo‘q emas. JCHda ishtirokimiz boshqa yana ko‘plab yaxshi imkoniyatlarni ochib berishi bor gap. Ammo Jahon Chempionati va undagi 3 ta o‘yin bizning yakkayu yagona maqsadimiz sifatida qaralishi juda jo‘n va oniy istak, fikrimizcha.

Masalaning po‘st kallasini aytganda, biz istayotgan «Jahon chempionati»ni, ya’ni haqiqiy futbol bayramini aynan UYEFAdan topishimiz aniq.

Nega? UYEFA taqvimini ochamiz: O‘zbekiston terma (U-17, U-20, U-23 va Milliy) jamoalari va klublari Yevropaning kuchli jamoalariga qarshi (4 yilda emas) har 1 yoki 2 oyda o‘yinlarda ishtirok etishi «Jahon chempionati» emasmi?! Uzluksiz o‘yinlar futbolchilarimiz, murabbiylarimizni o‘sishga, o‘z ustida ishlashga majbur qiladi, standartlar ham o‘zgaradi.

Agar siz futbol o‘ynagan yoki unga yaqin odam bo‘lsangiz, qancha kuchli jamoalar bilan o‘yin ko‘p bo‘lsa, shunda o‘sish bo‘lishini yaxshi bilasiz. Demakki, Yevropa bizga ana shunday eshiklarni ochadi.

UYEFA – yoshlarimiz uchun yevrofutbolga kirish «eshigi»
Ha, aynan «eshik». Tramplin emas. Yorqin misol o‘laroq Eldor Shomurodovning “Roma”ga o‘tishini aytish mumkin. Mustaqilligimizga deyarli 30 yil bo‘libdi-ki, o‘zbek futboli tarixida birgina futbolchi Yevropaning eng kuchli jamoalaridan birining tarkibiga kelib qo‘shildi. Ammo “Roma”gacha bo‘lgan «tramplin»larni barchangiz yoddan ayta olsangiz kerak. “Mash’al” akademiyasi tarbiyalanuvchisi sifatida faoliyatini boshlab, 9 yildan so‘ng (2005-2014) “Bunyodkor”ga borib qo‘shiladi. 2,5 yil (2015-2017) «Bunyodkor»da ajoyib mavsum o‘tkazib, Rossiya chempionati vakili «Rostov»da faoliyatini davom ettiradi. 3 yil (2017-2020) davomida «Rostov» tarkibida to‘p surib, Yevropa top chempionatiga yo‘l oladi. 2020 yilning sentabr oyidan boshlab Italiya «A» seriyasi vakili «Jenoa»da yarim mavsum davomida ajoyib o‘yin ko‘rsatib «Roma» safiga kelib qo‘shildi.

Bir qaraganda ajoyib va qiziqarli faoliyat, shunday emasmi? Lekin Eldor bu maqsadga erishguncha qanchadan-qancha «tramplin»lar va yillar kerak bo‘ldi. 26 yoshda bunday natijaga erishishning o‘zi ajoyib natija bo‘lsa ham.
Biz bugungi kungi 30 yillik futbol tariximizda atigi bir futbolchimizning bunday natijaga erishganidan faxrlanyapmiz. Faxrlanishga arziydi. Lekin bunday natija 30 yilda bir marotaba emas, keyingi 5-10 yilligimizda kamida 10-20 martagacha ko‘payishini ta’minlash va unga erishish uchun harakat qilish vaqti kelmadimikan?!

Yuqoridagi mavzuga qaytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston UYEFAga qaytishi orqali futbolchilarimizda bunday uzoq muddatli «tramplin»lar kamayib, yangi o‘sib kelayotgan yosh iqtidorlarimiz uchun yevrofutbolga kirish «eshik»larini ochib beradi. Ya’ni yosh iqtidorlarimiz uchun 20-21 yoshda «Roma» kabi Yevropaning kuchli jamoalariga ko‘chib o‘tishga imkon yanada ko‘payadi. Barchangiz yaxshi bilasiz, Yevropa futbolida skautlar barcha muhim musobaqalarni kuzatib borishadi va undagi iqtidorlarni yosh va «qaynoqqina» paytida o‘z klublariga olib ketish uchun barcha imkoniyatlarini ishga solishadi. Osiyo futboli orqali esa bunday natijaga erishishni juda kam sonli futbolchilar uddalashgan xolos. Eldor esa ularning biri.

Jahon chempionati haqidagi farazlarga qo‘shimcha qilib haqiqatga yaqinroq bir jihatga ham e’tibor qilishimiz mumkin. Agarda biz yanada ko‘prof “eldor”lar paydo bo‘lishini istasak, klublarimiz uchun bugungi kunda nufuz va saviya jihatdan mos keladigan yevromusobaqa, ya’ni Konferensiyalar ligasida qatnashish uchun imkon yaratib berish vaqti keldi. Ma’lumot uchun, Konferensiyalar ligasi nufuz va moliyaviy tomondan Chempionlar Ligasi va Yevropa Ligasidan keyingi musobaqa hisoblanadi. Ushbu musobaqada Yevropa chempionatlarining 5-6 o‘rindagi klublari ishtirok etishadi. Yana o‘zimiz yaxshi bilgan Qozog‘iston klublarini misol qilib o‘tsak, Konferensiyalar ligasida “Shaxtyor Karaganda”, “Tobol” va “Astana” klublari ushbu mavsumda ishtirok etishdi. “Qayrat” klubi esa Chempionlari Ligasining 3-bosqichida va Yevropa Ligasining pley-off bosqichlarida mag‘lub bo‘lib, Konferensiyalar ligasining so‘ngi bosqichida ishtirok etishadigan bo‘lishdi. E’tibor qiling, 2 yevromusoqalardan ketma-ket chiqib ketishiga qaramasdan, yevromusobaqalarda o‘ynash va moliyaviy tomonlama foyda qilishga imkoniyat UYEFAda barcha uchun yaratilgan.

Shunday qilib, hozirgi paytda bizning klublarga saviya tomonlama bir xil bo‘lgan qozoq klubi, misol uchun “Shaxtyor Karaganda” quyidagi klublar bilan yevromusobaqalarda o‘ynab UYEFAdan quyidagicha moliyaviy foyda ko‘rishga imkoniyati mavjud:
Birinchi saralash bosqichi: UYEFA reytingi 2-bosqichiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma
Ikkinchi saralash bosqichi: “Shaxtyor Karaganda” – “Styaua” (Ruminiya): hisob 5-3
Uchinchi saralash bosqichi: “Shaxtyor Karaganda” – “Kolos” (Ukraina): xisob 3-1
Pley off bosqichi: “Shaxtyor Karaganda” – “Makkabi” (Isroil):

Pley-off bosqichida ham qozoqlar g‘alaba qozona olishsa, “Shaxtyor Karaganda” Konferensiyalar Ligasi guruh bosqichiga yo‘l oladi va 2021-22 yilgi mavsumda yevromusobaqalarda ishtirokini davom ettiradi. Qozog‘iston klubining moliyaviy daromad ko‘rish bo‘yicha ma’lumotlari esa ....

Umumiy qilib hisoblaydigan bo‘lsak, qozoqlarning kamida 1 jamoasi, ya’ni “Shaxtyor Karaganda” 4 million 590 ming Yevro daromad ko‘rishi mumkin. Guruh bosqichidan keyingi bosqichga yo‘l olishsa, bu mukofot pullari 6 yoki 7 million Yevroni tashkil qiladi.

“Paxtakor”ning OFKning 2021 yil mavsumidagi eng nufuzli musosabaqasida, ya’ni Osiyo Chempionlar Ligasidagi foydasi 90 ming AQSH dollari bo‘lganini yana bir bor eslatib o‘tsak.

OFK klublari uchun eng nufuzli musobaqa (OCHL) va UYEFAning nufuz tomonlama 3-o‘rindagi musobaqasi o‘rtasidagi fantastik tafovutni ko‘ring!

Xuddi Qozog‘iston klublaridek bizning 3 yoki 4 klubimiz (Nasaf, Paxtakor, Bunyodkor, AGMK va hokazolar) Konferensiyalar ligasida ishtirok etib, yangi “eldorlar”imizni yevromusobaqalarda ko‘rsatib, shunday moliyaviy daromad ko‘rishlarini O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyadagilar nahotki istashmasa?!

Klublarimiz har yil yevromusobaqalardan qozoq klublaridek moliyaviy daromad ko‘rishsa, davlatimiz tomonidan Superliga klublari uchun ajratilayotgan pullari ham yillar sayin kamayib, o‘zini o‘zi boqa oladigan klublarimiz soni ko‘payishi ta’minlanib, “davlat pulining ko‘kka sovurilishi” haqidagi gaplarga ham chek qo‘yilar edi.

Klub(lar)imiz UYEFA Chempionlar Ligasining guruh bosqichiga chiqa olgan taqdirda esa, klublarimiz uchun “Jahon chempionati”ni O‘zbekistonda o‘tishiga va futbol bayramini o‘zimizning to‘lib-toshgan stadionlarda o‘tkazilishiga imkoniyat yaratilar edi. Klub(lar)imizning moliyaviy mukofotlari ham 1 mavsum uchun 15-16 million Yevrogacha oshishiga imkon yaratilar edi...

Ustiga ustak, UYEFAda yoshlar futboliga juda katta e’tibor berilishini va UYEFA Yoshlar o‘rtasidagi Chempionlar Ligasi uchrashuvlari har yili o‘tkazilishini ham alohida belgilab o‘tish kerak. Bu musobaqa ham yosh iqtidorlar uchun o‘zini ko‘rsatib, kuchli jamoalarga ko‘chib o‘tish uchun yana bir qulay imkoniyat hisoblanadi. Masalan, aynan Yoshlar o‘rtasidagi Yevropa Chempionlar Ligasi shu kungacha Maunt, Joao Feliks, Jota, Gnabri singari bugungi kundagi taniqli futbolchilarni yevrofutbolga taqdim etdi. O‘zbek klub(lar)i yoshlar jamoasining ushbu musobaqadagi ishtiroki etsa, yangi o‘zbek “maunt”larini kelajak futbolimizga taqdim qilishi uchun ajoyib imkoniyat bo‘lishiga ishonamiz.

Qissadan hissa shuki, bugungi kunda O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasida qanday futbol targ‘iboti olib borilayotganidan va kelajagimiz haqida qanday tasavvurlar borligidan xabarimiz yo‘q. Lekin taklif o‘sha-o‘sha: Katta jur’at bilan “Jahon chempionati uchun” degan sarobni unutib, “Futbolimiz rivoji yo‘lida” degan strategiya bilan UYEFAga ko‘chib o‘tish vaqti keldi!

Muslim Mirzajonov

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Jahon chempionatiga chiqsak, futbolimiz rivojlanib ketadimi?!