date

Toshkent viloyatida qadimiy zirhlar topildi


Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanidagi Qang‘qa shaharchasida olib borilgan rejalashtirilgan arxeologik tadqiqotlar davomida V–VIII asrlarga oid deb taxmin qilinayotgan ibodatxona majmuasi qoldiqlari va metall zirhlar topildi. Bu haqda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutidan ma’lum qilindi.

Mazkur tadqiqotlar Qang‘qa shaharchasini “ochiq osmon ostidagi muzey” sifatida tashkil etish bo‘yicha davlat dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. 500 gektarga yaqin maydonni egallagan ushbu arxeologik yodgorlik qadimgi Qang‘ davlati va Toshkent vohasining ilk poytaxti hisoblanadi.

Ba’zi tadqiqotchilar Qang‘qani muqaddas “Avesto” matnlarida tilga olingan afsonaviy Qang‘diz va “Shohnoma” dostonidagi Qang‘diz bilan bog‘lashadi. Topilmalar “Harbiy tarix markazi” va “Qadimgi dunyo tarixi” bo‘limi tomonidan shaharcha tsitadelining quyi madaniy qatlamlarini o‘rganish jarayonida aniqlangan.

Dastlabki taxminlarga ko‘ra, zirh qoldiqlari diniy marosim uchun atalgan qurbonlik bo‘lishi mumkin. Qadimda mintaqada zargarlar tomonidan yaratilgan eng qimmatbaho buyumlarni ibodatxonalarga hadya qilish odati bo‘lgan.

Masalan, Boykent ibodatxonasidagi qazishmalar vaqtida ham shunday holatlar qayd etilgan edi. Mutaxassislar bu topilma Markaziy Osiyoda ilk o‘rta asrlarda yashagan turkiy xalqlarning harbiy madaniyati va diniy amaliyotlarini yanada chuqur o‘rganish uchun alohida ilmiy ahamiyatga ega ekanini ta’kidlashmoqda.

Qang‘qa shaharchasi avval ham bu borada muhim ma’lumotlar bergan. Masalan, 2021-yilda mazkur ibodatxona majmuasi kirish qismida ot jabduqlarining elementlari topilgan edi.

Yangi kashfiyotlar o‘sha davr harbiy hunarmandchiligining yuksak darajada rivojlanganini va diniy marosimlar murakkabligini tasdiqlaydi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Madaniyat » Toshkent viloyatida qadimiy zirhlar topildi