08:49 / 23.08.2021
2 300

Mourino g‘alabadan so‘ng, Shomurodov va Abraxamni solishtirdi!

Mourino g‘alabadan so‘ng, Shomurodov va Abraxamni solishtirdi!
UYEFA Konferensiyalar ligasi ortidan uzoq davom etadigan A Seriya o‘yinlari ham “Roma”, Joze Mourino va Eldor Shomurodov uchun omadli boshlandi.

Portugaliyalik mutaxassis o‘ziga xos usulda hammani hayron qoldirdi. Ketma-ket uchta uchrashuvda gol urib, asosiy hujumchiga aylanib borayotgan Eldor Shomurodovni zaxirada qoldirib, hali umumiy guruh bilan birorta mashg‘ulotda qatnashmagan va nazorat o‘yinida ham to‘p tepmagan Temmi Abraxamni boshlang‘ich tarkibda maydonga tushirdi.

Ta’kidlash lozimki, angliyalik hujumchi ham maqtashganicha bor ekan. U xuddi azaldan “Olimpiko” stadionida futbol o‘ynab yurgandek to‘p tepdi, uchrashuv boshidanoq raqib himoyachilariga bosim o‘tkaza boshladi. Mourino yana futbolchi tanlash mahoratini namoyish etib qo‘ydi.

Aynan Abraxam uchrashuvning 17-daqiqasida tezkor hujumga o‘tib, raqib darvozabonini o‘ziga nisbatan qoida buzishga majbur qildi. Buning oqibatida hakam mehmonlar posbonini maydondan haydadi. Adolatli qaror bo‘ldi. Futbolchilar sonidagi ustunlik tezda samara berdi. Vaziyat qahramoni yana Temmi. U uch raqibni o‘ziga qaratib, Genrix Mxitaryanga golli pas oshirdi.

Ikkinchi bo‘limda hakam futbolchilar sonini tenglashtirib qo‘ydi. “Roma” yetakchisi Nikolo Dzanolo ikkinchi ogohlantirishni olib, 52-daqiqada maydonni tark etdi. “Fiorentina” qisqa fursatda Nikola Milenkovich hisobdagi farqni yo‘qqa chiqardi.

Oradan besh daqiqa o‘tib, Temmi Abraxam bu gal Jordan Veretuni golli pas bilan ta’minladi va mezbonlar yana hisobda oldinga chiqib oldi.

Shomurodov o‘yinga uchrashuvning 69-daqiqada qo‘shildi. U Temmi Abraxam o‘rniga maydonga tushdi. Oradan o‘n daqiqa o‘tib, aynan o‘zbek hujumchisi o‘z harakatlari bilan uchrashuv g‘olibi masalasiga oydinlik kiritdi. Eldor raqib maydonchasi tomonida Igordan to‘pni olib qo‘ydi va uning aqlli to‘p uzatishi o‘qiy olgan Jordan Veretu dubl qayd etib, g‘alabani mustahkamlab qo‘ydi - 3:1.

Eldor o‘ziga taqdim etilgan qisqa vaqt davomida ham gol urishi mumkin edi. Legionerimizning darvoza tomon aniq borayotgan zarbasini “Fiorentina”ning ikkinchi posboni Petro Terrachiano mahorat bilan to‘sib qoldi.

Debyut uchrashuvidagi g‘alabadan so‘ng, Joze Mourino o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

- Yetarli darajada yaxshi harakat qila olmaganimizga qaramay, o‘yin juda ajoyib bo‘ldi. Biz 11 ga 11, 10 ga 10 o‘ynaganda zo‘r ko‘rindik, lekin bir kishi ko‘p bo‘lib to‘p tepganimizda bunday bo‘lmadi.

Ana shu vaziyatda mo‘ljalimizni yo‘qotib qo‘ydik va pressing qo‘llashga qiynaldik. Dzanoloni yo‘qotganimizdan keyingina o‘yinga qayta oldik va ikkita gol urganimizdan keyin o‘yinni o‘z nazoratimizga oldik.

Kimnidir zaxira o‘rindig‘ida qoldirish oson emas. Lekin Shomurodov chap qanotda ham, Abraxam bilan jutflikda hujumda ham o‘ynashga qodir. Eldor bo‘sh hududlarda raqib uchun juda katta xavf soladi, Temmi esa ko‘pincha “ustun” vazifasini bajarib beradi. U charchab qolmagan taqdirda ham, bir necha daqiqadan keyin o‘rniga Shomurodovni baribir tushirardim.

Hozircha, ulardan hech biri mavsumoldi yig‘inlarining ilk kunidan boshlab ishlagan futbolchilarday yetarli darajada jismoniy tayyorgarlikka ega emas. Shu bois, hujumchi ortida Lorenso Pellegrinini o‘ynatdim.

Hakamlar har bir qarorda adolatli bo‘ldi. VAR ba’zan hal qiluvchi ahamiyatga ega kichkina xatolarni topishga yordam bermoqda.
Uchrashuvdan so‘ng, raqiblar ustozi Vinchenso Italyanoning yoniga borib, “Fiorentina” zo‘r murabbiy topganini aytdim
, - dedi Joze Mourino.

Shunday qilib, “Roma” A Seriyadagi birinchi uch ochkosini qo‘lga kiritdi. Endi Joze Mourino shogirdlari 29 avgust kuni yuqori liga debyutanti “Salernitana” jamoasi mehmoni bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Mourino g‘alabadan so‘ng, Shomurodov va Abraxamni solishtirdi!