17:56 / 30.10.2021
2 301

Bahodir Jalolov nega jahon chempionatida jang qilishni istamadi?

Bahodir Jalolov nega jahon chempionatida jang qilishni istamadi?
Ayni damda Serbiyaning Belgrad shahrida bo‘lib turgan SPORTS.uz jurnalistlari Tokio Olimpiadasida oltin medalni qo‘lga kiritgan Bahodir Jalolov bilan suhbat uyushtirdi.

- Siz boks bo‘yicha Jahon chempionatiga tashrif buyurgan terma jamoa tarkibida yo‘qsiz, biroq Serbiyaga tashrif buyurdingiz. Buning sababi nima?
- Bu savolni menga vatandoshlarimiz juda ko‘p berdi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham ko‘plab muxlislarimizga javob berib o‘tdim. Ochig‘i, bu quvonarli holat. Men uchun qayg‘uradigan insonlarning bor ekanligidan mamnunman. Serbiyaga AIBA prezidentining taklifiga binoan tashrif buyurdim va turnirning ochilish marosimiga mehmon sifatida keldim.

- Bahodir Jalolov nega Jahon chempionatida bokschi bo‘lib emas, mehmon sifatida ishtirok etmoqda?
- To‘g‘risi, sport formasida emas edim. Olimpiadadan 2,5 oy o‘tib, Jahon chempionati tashkil etilmoqda. O‘ylashimcha, hech bir sportchi bir yilda ikki bor superformaga kirmaydi. Jahon chempionati kichik musobaqa emas. Shu bois, tavakkal qilishni istamadim. Tokiodagi olimpiadaga qadar juda ko‘p mashg‘ulotlar o‘tkazdik. Deyarli dam olmay ishlashga to‘g‘ri keldi. Ruhiy charchoq his etganim uchun, bu safargi turnirni o‘tkazib yubordim. Endi maqsadim faoliyatimni professional boksda davom ettirish.

- Sizning vazningizda Lazizbek Mullajonov ishtirok etmoqda. Uning imkoniyatlarini qanday baholaysiz?
- U hayotda juda ham yaxshi yigit. Sportchi tanlagan yo‘lidan ikkilanmasligi uchun ham tezroq natija ko‘rsatishi shart. Agar Olimpiadani yutib kelib, Jahon chempionatiga ham men borganimda, bu unga nisbatan insofsizlik bo‘lar edi. Lazizbek biz bilan birdek mehnat qilyapti. Shu bois, uning turnirda ishtirok etayotganidan xursandman. O‘ylashimcha, unda chempion bo‘lish uchun barcha imkoniyat mavjud. Nima bo‘lishidan qat’iy nazar unga muxlislik qilaman. Maqsadim, ortimdan og‘ir vazndagi bokschilarimiz dunyo arenalarini zabt etaversin.

- Sport olamida yulduzli juftliklar paydo bo‘lmoqda. Siz bilan ham shunday bo‘lishi mumkinmi? O‘zi to‘y qachon?
- Olloh biladi. Aslida, niyat qilganmiz. Sportchi qizga uylanmasam kerak. Yolg‘iz o‘g‘ilman. Mashg‘ulotlar, yig‘inlar va musobaqalarda yuradigan qiz menga to‘g‘ri kelmaydi. Bo‘lajak turmush o‘rtog‘im, onamlarni oldida o‘tirishi, ularni duosini olishini istayman. Nasib qilgan kuni albatta to‘y bo‘ladi. Bu narsaga shoshilmaslik kerak. Umrimni qolgan qismi u bilan o‘tishini inobatga olsak, "izlash" davom etmoqda. Mana boshimga tushib bildim, o‘zingizga mos turmush o‘rtoq topishning ham o‘ziga yarasha qiyinchiliklari ko‘p ekan.

- Tayson Fyuri bilan munosabatlaringiz qanday?
- To‘g‘risi, u bilan aloqani men o‘rnatmaganman. Promouterim mening nomimdan u bilan suhbatlashgan. Shunga qaramay, hozir tvitterdagi sahifamga u obuna bo‘lgan. Men ham uni barcha ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boraman. Tan olish lozim, hozir Tayson o‘z faoliyatining eng pik darajasiga ko‘tarilgan. Uni bugungi kungi boksning qiroli desak, adashmagan bo‘laman. Men bunday kuchli bokschilarni hurmat qilaman.

- Olimpiyada o‘yinlarida g‘olib chiqqach, dadangiz bilan 30 soniya suhbatlashish imkoni taqdim etilganida, ularga nimalar degan bo‘lar edingiz?
- Bu juda og‘ir hislar. Uni ta’riflash mushkul. Afsuski, otam chempion bo‘lganimni ko‘ra olmadilar. Har safar medalni qo‘lga kiritgach, alohida xonaga kirib ular bilan gaplashishga harakat qilaman. Ba’zan yig‘layman. Buni otasiz o‘sgan yigitlar nima ekanligini yaxshi biladi. Afsuski, 30 soniya suhbatlashish imkoni bizda yo‘q. Bo‘lganida, albatta bundan foydalangan bo‘lar edim.

- Bahodir siz futbolchilik orqali sportga kirib kelgansiz. Aytingchi, hali-hamon Jahon chempionatiga chiqa olmayotganimiz nima bilan bog‘liq?
- O‘ylashimcha, ishni akademiyadagi iqtidorli futbolchilarni tarbiyalashdan boshlash kerak. Kerak bo‘lsa, ularni xorij klublariga pul berib bo‘lsada yuborish, malaka oshirishiga imkoniyat yaratib berish shart. To‘g‘risi, boksdan ko‘ra futbolga bo‘layotgan e’tibor kattaroq. Birinchi navbatda futbolchilarda kuchli xarakter va o‘z kuchiga ishonch kerak. Yakkakurash ustalarimiz ringda juda katta bosimga duch keladi. Har qanday daqiqada kuchli zarba o‘tkazib yuborishi, og‘ir jarohat olishi mumkin. Har holda, futbolda ancha xavfsizroq. Shunchaki, chiqib o‘z kuchiga bo‘lgan ishonch bilan harakat qilish kifoya.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bahodir Jalolov nega jahon chempionatida jang qilishni istamadi?