date

Ravshan Irmatov FIFA qo‘mitasiga tayinlandi: O‘zbekiston uchun katta yutuq

Ravshan Irmatov FIFA qo‘mitasiga tayinlandi: O‘zbekiston uchun katta yutuq

So‘nggi yillarda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) xalqaro miqyosdagi nufuzini sezilarli darajada oshirib kelmoqda. FIFA bilan samarali hamkorlik natijasida mamlakatimiz nafaqat yirik musobaqalar mezboniga aylandi, balki tashkilotning muhim tuzilmalari ichida ham o‘z vakillariga ega bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilda O‘zbekiston ilk bor FIFA darajasidagi futzal bo‘yicha Jahon chempionatiga mezbonlik qildi. Shuningdek, 2027 yilda yoshlar o‘rtasidagi mundial ham yurtimizda o‘tkaziladi. Bu O‘zbekistonning futbol sohasidagi nufuzi va xalqaro ishonch darajasining yaqqol ko‘rsatkichi sanaladi.

FIFAning Futbolda texnologiyalar, innovatsiyalar va raqamli rivojlanish qo‘mitasi — bugungi kunda eng muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. U VAR tizimi, golni aniqlash texnologiyasi, yarimavtomatik ofsayd, raqamli monitoring va sun’iy intellekt kabi ilg‘or yechimlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish bilan shug‘ullanadi.

FIFA Kengashining qaroriga ko‘ra, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov 2025–2029 yillar davomida ushbu qo‘mitaning rais o‘rinbosari sifatida faoliyat olib boradi. Qo‘mitaga esa FIFAning futbol texnologiyalari bo‘yicha direktori Yoxannes Xoltsmyuller rahbarlik qiladi.

Bundan tashqari, O‘FA bosh kotibi Avaz Maksumov FIFAning sohil futboli qo‘mitasiga, ayollar futboli bo‘limi rahbari Yuliya Panina esa ayollar milliy terma jamoalari musobaqalari qo‘mitasiga a’zo etib tayinlandi.

Bu tayinlovlar nafaqat shaxsiy yutuq, balki O‘zbekiston futboli uchun xalqaro maydondagi yangi bosqich hisoblanadi. Mamlakatimiz endilikda FIFA ichida ham innovatsiyalar va zamonaviy futbol rivojiga hissa qo‘shadigan muhim markazlardan biri sifatida ko‘rilmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Ravshan Irmatov FIFA qo‘mitasiga tayinlandi: O‘zbekiston uchun katta yutuq