O‘zbekiston milliy terma jamoasi Urugvayga qarshi o‘rtoqlik bahsida 2:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi. Bellashuvning 61-daqiqasida jamoamiz yarim himoyachisi Otabek Shukurov jarohat sabab maydonni tark etdi.
Uchrashuvdan keyin Otabek Sports.uz nashriga qisqacha intervyu berib, sog‘ligi va jamoadagi muhit haqida fikr bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi bosh murabbiy Fabio Kannavaro rahbarligida terma jamoada ijobiy muhit shakllanmoqda.
“Yangi bosh murabbiy bilan jamoada ruhiyat juda yaxshi. Har bir o‘yinchida ishonch va motivatsiya bor. Hozircha jarohatlar ko‘paymoqda, lekin bu tabiiy jarayon, chunki jamoa yangi uslubga ko‘nikib bormoqda. Kannavaro va uning murabbiylar shtabi bergan ko‘rsatmalarni asta-sekin tushunyapmiz. In Sho Alloh, tez orada bu tizimni to‘liq o‘zlashtiramiz”, — dedi Shukurov.
Futbolchi shuningdek, o‘z jarohati haqida ham ochiq gapirdi:
“Yozda oyog‘imni operatsiya qildirgandim, u hali ham to‘liq tuzalib ketmadi. Buni avval aytmagan edim, lekin ayrim o‘yinlarda og‘riq sezilyapti. Xudo xohlasa, yaqin vaqt ichida sog‘ayib, formaga qaytaman.”
Terma jamoamizning yetakchilaridan biri bo‘lgan Shukurovning bu so‘zlari muxlislar orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Chunki u nafaqat maydondagi harakatlari, balki jamoa uchun bo‘lgan sadoqati bilan ham ajralib turadi.
Mahalliy futbol ekspertlarining fikricha, Kannavaro rahbarligida jamoa to‘liq yangilanish bosqichiga kirdi. Otabek Shukurov kabi tajribali futbolchilar esa bu jarayonda yoshlarga namuna bo‘lib xizmat qilmoqda.
Shunday qilib, jamoa yangi bosh murabbiy bilan yangi yo‘nalishni boshladi va futbolchilarning ichki muhitida ishonch hamda jipslik yanada mustahkamlanmoqda. Shukurov esa tez fursatda sog‘ayib, yana milliy jamoa markazida ko‘rinishiga ishonch bildirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!