Xiaomi yangi avlod avtomobil tizimini tayyorlamoqda

Digital Chat Station insayderi maʼlumotlariga koʻra, Xitoy sertifikatlashtirish bazalarida 26109VP30C model indeksiga ega yangi Xiaomi mahsuloti paydo boʻldi. Gap brendning kelgusi elektromobillari va gibrid avtomobillari bilan bogʻliq boʻlgan navbatdagi avlod aqlli avtomobil tizimi — «aqlli kokpit» haqida ketmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Insayder ushbu qurilma uzoq vaqtdan beri muhokama qilinayotgan Kunlun loyihasiga tegishli boʻlishi mumkinligiga ishora qilmoqda. Ushbu model bozorga Xiaomi YU9 nomi ostida chiqishi kutilmoqda. Avtomobil uch qatorli oʻrindiqlarga ega yetti oʻrinli yirik krossover formatida ishlab chiqilmoqda.
Olingan josuslik suratlariga koʻra, avtomobil yopiq old qism, oʻtkir burchakli optika, tom qismida LiDAR datchigi, yashirin eshik tutqichlari va massiv gʻildirak arkalari bilan jihozlangan. Mashinaning uzunligi taxminan 5,2 metrni tashkil etishi kutilmoqda.
Texnik jihatdan avtomobil 70 kVt·soatdan ortiq quvvatga ega akkumulyatorli EREV gibrid tizimi bilan taʼminlanadi. CLTC sikli boʻyicha hisoblanganda, uning sof elektr rejimida yurish masofasi 400 kilometrdan oshishi rejalashtirilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!