Xitoyda yangi AUDI E7X elektr krossoverining narxlari eʼlon qilindi

Xitoy bozorida yangi AUDI E7X elektr krossoveri uchun rasmiy narxlar maʼlum boʻldi. Modelning bazaviy Pioneer versiyasi 289 900 yuan (taxminan 42 600 dollar) baholanmoqda. Ushbu avtomobil 100 kVt/soat sigʻimli akkumulyator bilan jihozlangan boʻlib, CLTC sikli boʻyicha 705 km masofani bosib oʻtish imkonini beradi. Orqa oʻqqa oʻrnatilgan 402 ot kuchiga ega elektr dvigateli mashinani 100 km/soat tezlikka 5,82 soniyada chiqaradi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Qatorning oʻrta pogʻonasidan oʻrin olgan Pioneer Pro versiyasi 319 800 yuan turadi va pnevmatik osma tizimi bilan boyitilgan. Shuningdek, 109 kVt/soatlik akkumulyatorga ega uzoq masofaga moʻljallangan orqa uzatmali model 349 800 yuan etib belgilangan.
Eng yuqori koʻrsatkichlarga ega toʻliq uzatmali modellar 670 ot kuchi quvvatiga ega. Ularning narxi 349 800 yuandan boshlanib, 109 kVt/soatlik akkumulyatorli top-versiya uchun 379 800 yuanni tashkil etadi. Ushbu modifikatsiya 660 km masofani bosib oʻtishga qodir.
AUDI E7X oʻlchamlari boʻyicha Audi Q7 dan kattaroq boʻlishiga qaramay, narx siyosati jihatidan ancha raqobatbardosh hisoblanadi. Taqqoslash uchun, AQSH bozorida Audi Q3 2026 modelining boshlangʻich narxi 43 700 dollardan, Audi Q6 e-tron esa 64 500 dollardan boshlanadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!