NASA kosmosda kriogen yoqilgʻini saqlash va quyish texnologiyasini sinovdan oʻtkazadi

NASA va Eta Space kompaniyasi hamkorlikda LOXSAT (Liquid Oxygen Flight Demonstration Satellite) eksperimental missiyasini ishga tushirishga tayyorgarlik koʻrmoqda. Ushbu loyiha kosmosda, xususan, vaznsizlik sharoitida suyuq kislorod kabi oʻta sovuq kriogen yoqilgʻilarni saqlash va boshqarish texnologiyalarini sinovdan oʻtkazishga qaratilgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Missiyaning asosiy maqsadi orbitada kosmik «zapravka stansiyalari»ni yaratish imkoniyatini oʻrganishdir. Bu kelajakda Oy va Marsga parvozlarni amalga oshiruvchi kemalarni Yer orbitasidayoq yoqilgʻi bilan toʻldirish imkonini beradi, bu esa uzoq masofali kosmik infratuzilmani rivojlantirish uchun hal qiluvchi qadam hisoblanadi.
LOXSAT sunʼiy yoʻldoshi orbitada toʻqqiz oy davomida 11 xil texnologiyani, jumladan, yoqilgʻining bugʻlanishini kamaytirish, bosimni saqlash va suyuqliklarni bir tizimdan ikkinchisiga xavfsiz oʻtkazish usullarini sinovdan oʻtkazadi. Kriogen yoqilgʻilarni kosmosda saqlash murakkab muhandislik vazifasi boʻlib, haroratning biroz koʻtarilishi ham yoqilgʻi yoʻqotilishiga olib keladi.
Ushbu qurilma NASAning Tipping Point dasturi doirasida ishlab chiqilgan boʻlib, uni orbitaga chiqarish uchun Rocket Lab kompaniyasining Electron raketasidan foydalaniladi. Parvoz Yangi Zelandiyadagi kosmodromdan amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Agar sinov muvaffaqiyatli oʻtsa, ushbu texnologiya NASAning Artemis dasturi va kelajakdagi Marsga uyushtiriladigan boshqariladigan ekspeditsiyalar uchun poydevor vazifasini oʻtaydi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!