Baikal Electronics kompaniyasi Nvidia CUDA bilan ishlaydigan yangi chip ishlab chiqaradi

Rossiyaning "Baikal Electronics" kompaniyasi 2029–2030-yillarga moʻljallangan yangi sunʼiy intellekt chiplari turkumini taqdim etishni rejalashtirmoqda. Ushbu loyihaning asosiy oʻziga xosligi shundaki, chiplar Rossiyada ilk bor Nvidia CUDA ekotizimi bilan toʻliq moslashuvchan boʻladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Kompaniya ikki xil modelni ishlab chiqishni koʻzda tutgan. Birinchisi, Baikal-AI-E1000 modeli sanoat avtomatizatsiyasi, transport va monitoring tizimlari uchun moʻljallangan. Uning quvvat sarfi 30 W dan oshmaydi, chastotasi esa 2 GGs gacha yetadi va oʻz imkoniyatlariga koʻra Nvidia Jetson qurilmalariga yaqin turadi.
Ikkinchi model — Baikal-AI-D1000 serverlar va maʼlumotlar markazlari uchun moʻljallangan kuchli tezlatkich hisoblanadi. U 1000 TFLOPS (FP8) va 500 TFLOPS (FP16) unumdorlikni taʼminlaydi hamda 64 GB gacha xotira hajmiga ega boʻladi. Qurilmaning taxminiy narxi 10 000 AQSh dollari atrofida boʻlishi kutilmoqda.
Ushbu loyihaning asosiy maqsadi sunʼiy intellekt infratuzilmasida mustaqillikka erishish va xorijiy yetkazib beruvchilarga, xususan, bozorda yetakchi boʻlgan Nvidia kompaniyasiga qaramlikni kamaytirishdir. CUDA texnologiyasini qoʻllab-quvvatlash esa dasturchilar uchun mavjud dasturiy taʼminotlardan foydalanish imkonini beruvchi strategik qadam sifatida baholanmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!