Apple kompaniyasi nuqsonli chiplardan qanday foyda ko‘rmoqda

Apple kompaniyasi ko‘p yillardan buyon ishlab chiqarish jarayonida nuqsoni bor yoki to‘liq quvvatda ishlamaydigan protsessorlarni utilizatsiya qilish o‘rniga, ularni cheklangan imkoniyatlar bilan arzonroq qurilmalarda qo‘llash strategiyasini amalga oshirib kelmoqda. Bu usul iPhone 4 va birinchi iPad davridan boshlab joriy etilgan bo‘lib, unda grafik yoki hisoblash yadrolaridan biri nosoz bo‘lgan SoC (tizim-kristalda) bloklari o‘chiriladi va ular byudjet modellariga o‘rnatiladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu strategiyaning yaqqol namunalaridan biri MacBook Air M1 bo‘lib, unda 8 yadroli GPU o‘rniga 7 yadroli versiya ishlatilgan. Shuningdek, 2026-yilda chiqarilgan iPhone 17e smartfoni ham qimmatroq iPhone 17 modellari uchun mos kelmagan, biroq ishlash qobiliyatini saqlab qolgan protsessorlar bilan jihozlangan. Bu yondashuv Apple kompaniyasiga ishlab chiqarishdagi yo‘qotishlarni kamaytirish va mahsulotlar tannarxini pasaytirish imkonini beradi.
Yaqinda taqdim etilgan MacBook Neo noutbuki ham ushbu strategiyaning samaradorligini ko‘rsatdi. 600 dollarlik qurilma iPhone 16 Pro'dagi A18 Pro protsessori bilan jihozlangan, biroq unda bitta grafik yadro o‘chirilgan. Natijada, ushbu noutbuk o‘z narx segmentida Windows-qurilmalarga nisbatan yuqori unumdorlik ko‘rsatib, bozorga katta ta’sir o‘tkazdi.
Garchi yarimo‘tkazgichlar sanoatida bunday usul odatiy hol hisoblansa-da, Apple uni o‘zining biznes modeliga mukammal singdirgan. Bu kompaniyaga nafaqat ishlab chiqarish hajmini oshirish, balki turli narx toifasidagi qurilmalar o‘rtasida unumdorlikni moslashuvchan tarzda taqsimlash imkonini beradi. Natijada foydalanuvchilar arzonroq narxda sifatli texnologiyalarga ega bo‘lishadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!