Google sunʼiy intellektga ega yangi aqlli koʻzoynaklarini taqdim etdi

Google kompaniyasi yana aqlli koʻzoynaklar bozoriga qaytmoqda. Google I/O konferensiyasi doirasida texnologiya giganti Warby Parker va Gentle Monster brendlari bilan hamkorlikda sunʼiy intellekt imkoniyatlariga ega yangi koʻzoynaklar turkumini ishlab chiqarishini eʼlon qildi. Qurilmalar Samsung bilan hamkorlikda loyihalashtirilgan boʻlib, Android va iOS operatsion tizimlarida ishlovchi smartfonlar bilan toʻliq moslashadi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Kompaniya ushbu qurilmalarni “audio koʻzoynaklar” deb atamoqda. Foydalanuvchilar ularga ovozli buyruqlar berish orqali Google ekotizimidagi ilovalar va xizmatlar, jumladan Gemini yordamchisi bilan muloqot qilishi mumkin. Taqdimot davomida koʻzoynak yordamida onlayn tarzda qahva buyurtma qilish jarayoni namoyish etildi.
Google avvalroq ham aqlli koʻzoynaklar sohasida tajribalar oʻtkazgan. Xususan, koʻpchilikka maʼlum boʻlgan Google Glass loyihasi oʻz vaqtida katta shov-shuvlarga sabab boʻlgan edi. Biroq, hozirgi kunda aqlli koʻzoynaklar bozori sezilarli darajada oʻzgardi va Meta kabi yirik kompaniyalar hamda koʻplab startaplar ushbu yoʻnalishga katta sarmoya kiritmoqda.
Yangi qurilmalar joriy yilning oxiriga qadar sotuvga chiqarilishi kutilmoqda. Google ushbu mahsulot orqali kundalik hayotda sunʼiy intellekt bilan oʻzaro aloqani yanada qulaylashtirishni maqsad qilgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!