Deniz Undav: Garri Keynning xotirjamligi menga yetishmayapti

Shtutgart hujumchisi Deniz Undav Bavariya yulduzi Garri Keynning darvoza oldidagi harakatlariga tan berdi. Undavning so‘zlariga ko‘ra, ingliz hujumchisining zarba berishdan oldingi xotirjamligi va aniqligi uning eng kuchli jihati hisoblanadi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
"Men to‘p bilan ishlash va assistentlik qilishda yaxshiman, ammo Keynning darvoza qarshisidagi sovuqqonligi tahsinga loyiq. U har bir zarbadan oldin bir soniya to‘xtab, chuqur nafas oladi va shundan keyingina zarba beradi. Agar menda ham shunday xotirjamlik bo‘lganida, ko‘proq gol urgan bo‘lardim", — dedi Deniz Undav.
Garri Keyn joriy mavsumda barcha musobaqalarda 50 ta o‘yinda 58 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. O‘z navbatida, Deniz Undav ham Bundesligada 19 ta gol bilan to‘purarlar poygasida ikkinchi o‘rinni egalladi va Shtutgartning Chempionlar ligasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritishiga katta hissa qo‘shdi.
Shanba kuni bo‘lib o‘tadigan Germaniya kubogi finalida Undav o‘z jamoasi bilan Bavariyaga qarshi maydonga tushadi. Hujumchi raqibni yaqqol favorit deb bilsa-da, bir o‘yinli bahsda har qanday natija qayd etilishi mumkinligini ta’kidladi.
Agar Shtutgart g‘alaba qozonsa, Undav jamoa bilan birgalikda Berlinning eng yaxshi kabobxonasiga borishni rejalashtirmoqda. U g‘alaba nishonlanishi uchun bu taom eng munosib tanlov ekanligini hazilomuz tarzda qo‘shimcha qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!