Yandex Muzika xizmatida yangi sunʼiy intellekt funksiyalari ishga tushirildi

Yandex jamoasi oʻzining musiqa servisida tavsiyalar tizimini yangilaganini eʼlon qildi. Endilikda «Moya volna» funksiyasi foydalanuvchining shaxsiy dididan tashqari, uning kayfiyati, kun vaqti, haftaning qaysi kuni ekanligi hamda musiqa tinglanayotgan qurilmani hisobga olgan holda «giperkontekstli» tavsiyalarni taqdim etadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Masalan, ish kunida noutbukdan foydalanayotgan jaz ixlosmandiga «ishlash uchun sokin jaz» musiqalari taklif etiladi. Shuningdek, xizmat foydalanuvchining odatlariga qarab, masalan, «yugurish uchun rok-n-roll» kabi shaxsiylashtirilgan musiqiy stsenariylarni shakllantiradi.
Ushbu yangilanish foydalanuvchi harakatlarini real vaqt rejimida tahlil qiluvchi ARGUS (AutoRegressive Generative User Sequential Modeling) generativ modeli asosida ishlaydi. Shuningdek, «Vstryaxnut Moyu volnu» funksiyasi orqali foydalanuvchilar bir harakat bilan musiqa kayfiyati va kontekstini tezda oʻzgartirishlari mumkin.
Yangi tizimda ijodkorlarga alohida eʼtibor qaratilgan. Endilikda tavsiyalarda nafaqat musiqalarni tinglash, balki sunʼiy intellekt yordamida artistlar haqidagi qiziqarli faktlar bilan tanishish imkoniyati ham mavjud.
Yangi funksiyalar allaqachon Rossiya va Belarusdagi Yandex Plus obunachilariga taqdim etilgan. Yaqin kunlarda yangilanish iOS va Android ilovalari, shuningdek, veb-versiyadagi barcha foydalanuvchilar uchun ochiq boʻladi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!