Rim papasi sunʼiy intellektning harbiy maqsadlarda ishlatilishiga qarshi chiqdi

Vatikan 25-may kuni Rim papasi Lev XIV oʻzining «Magnifica Humanitas» («Buyuk insoniyat») nomli ilk ensiklikasini taqdim etishini eʼlon qildi. Hujjat sunʼiy intellektning jadal rivojlanishi davrida inson qadr-qimmatini himoya qilishga bagʻishlangan. Anʼanadan farqli oʻlaroq, pontifik ushbu hujjatni shaxsan oʻzi taqdim etadi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Taqdimotda Anthropic asoschilaridan biri Kristofer Olah maxsus maʼruzachi sifatida ishtirok etadi. Olah kompaniyada neyrotarmoqlarning ishlash mexanizmlarini tushunish va ularning «qora quti» tamoyilini oʻrganish boʻyicha yetakchi mutaxassis hisoblanadi. Tadbirda, shuningdek, davlat kotibi kardinal Pietro Parolin va kardinal Viktor Manuel Fernandes ham soʻzga chiqadi.
Reuters agentligi xabariga koʻra, ensiklikada sunʼiy intellekt algoritmlaridan harbiy maqsadlarda foydalanish keskin qoralanadi. Rim papasi neyrotarmoqlar yordamida olib borilayotgan urushlarni «yoʻq qilish spirali» deb atab, buni insoniyat uchun xavfli evolyutsiya deb baholadi. Shuningdek, hujjatda avtomatlashtirishning mehnatkashlar huquqlariga salbiy taʼsiri haqida ogohlantirishlar mavjud.
Lev XIV ushbu hujjatni 15-may kuni imzoladi. Sana tasodifiy tanlanmagan: bu 1891-yilda sanoat inqilobi davrida ishchilar huquqlarini himoya qilgan «Rerum novarum» ensiklikasining 135 yilligiga toʻgʻri keladi. Pontifik hozirgi sunʼiy intellekt inqilobini XIX asrdagi sanoat inqilobi bilan qiyoslab, cherkovning bu boradagi qatʼiy pozitsiyasini namoyish etmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!