NanoClaw yaratuvchisi 20 million dollarlik taklifni rad etib investitsiya jalb qildi

Xavfsizlikka yoʻnaltirilgan OpenClaw muqobili — NanoClaw loyihasini ishlab chiqqan NanoCo kompaniyasi oʻzining ilk urugʻ (seed) investitsiya raundida 12 million dollar mablagʻ jalb qildi. Mazkur moliyalashtirish bosqichiga Valley Capital Partners boshchilik qildi, shuningdek, Docker, Vercel, Monday.com, Slow Ventures hamda Hugging Face bosh direktori Clem Delangue kabi yirik investorlar ishtirok etdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Loyiha asoschisi Gavriel Cohenning soʻzlariga koʻra, NanoClaw bir necha hafta ichida kutilmagan mashhurlikka erishgan. Dastlabki kodlar yozilganidan soʻng olti hafta oʻtmay, Andrej Karpathy va Singapur tashqi ishlar vaziri kabi nufuzli shaxslar loyihani yuqori baholagan. Bu esa oʻz navbatida oʻnlab investorlarning qiziqishiga va hatto 20 million dollarlik sotib olish taklifiga sabab boʻlgan, biroq aka-uka Cohenlar ushbu taklifni rad etishgan.
NanoClaw loyihasiga boʻlgan qiziqish ayniqsa Andrej Karpathy oʻzining X sahifasida ijobiy fikr bildirgandan soʻng keskin oshib ketdi. Keyinchalik Singapur tashqi ishlar vaziri Facebook tarmogʻida NanoClaw dasturini oʻzining "ikkinchi miyasi" deb atashi loyihaning yanada ommalashishiga turtki boʻldi. Hozirda koʻplab texnologik rahbarlar va startap asoschilari loyihaga sarmoya kiritish istagini bildirmoqda.
NanoClaw dastlab OpenClaw tizimining xavfsizroq muqobili sifatida yaratilgan edi. U kompyuterning barcha resurslariga toʻgʻridan-toʻgʻri kirish oʻrniga, maxsus konteyner ichida (sandboxed) ishlaydi. Bu usul sunʼiy intellekt agentlarini xavfsiz ishga tushirishda zamonaviy va ishonchli yechimga aylanib bormoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!