Jamal Musiala haydovchilik guvohnomasidan mahrum qilindi

Bavariya jamoasining yulduzli yarim himoyachisi Jamal Musiala avtomagistralda sodir etilgan yuqori tezlikdagi yoʻl-transport hodisasi sababli haydovchilik guvohnomasidan mahrum etildi. Germaniya terma jamoasi aʼzosi oʻzining yuqori quvvatli elektr sport avtomobilida toʻqnashuv sodir etgan va bu jiddiy huquqiy oqibatlarga olib kelgan. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Voqea 2025-yil 13-aprel kuni Musiala A8 avtobanida Zalsburg yoʻnalishi boʻylab harakatlanayotganida yuz bergan. Bavariya yarim himoyachisi 600 ot kuchiga ega Audi RS e-tron GT rusumli avtomobilni boshqargan. Myunxen prokuraturasi vakili Florian Lindemannning soʻzlariga koʻra, futbolchi quvib oʻtish manevrini amalga oshirayotganda oʻng tomondagi mashinani payqamay qolgan va toʻqnashuv yuzaga kelgan.
Tekshiruvlar natijasida Jamal Musiala soatiga 120 km cheklov oʻrnatilgan hududda 194 km/soat tezlikda harakatlangani maʼlum boʻldi. Toʻqnashuv oqibatida VW Golf rusumli avtomobildagi ikki nafar yoʻlovchi yengil jarohat olgan. Hodisa natijasida yetkazilgan umumiy moddiy zarar miqdori qariyb 200 000 yevroga baholanmoqda.
Myunxen tuman sudi 23 yoshli futbolchiga nisbatan ehtiyotsizlik oqibatida yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid solish va tan jarohati yetkazish aybi bilan jazo chorasini belgiladi. Chelsi akademiyasi tarbiyalanuvchisi hisoblangan Musiala nafaqat katta miqdorda jarima toʻlaydi, balki uning haydovchilik huquqi ham bekor qilindi.
Prokuratura vakilining aniqlik kiritishicha, Jamal Musiala kamida toʻqqiz oy davomida rulga oʻtira olmaydi. Yangi haydovchilik guvohnomasi unga faqat kuz fasliga kelibgina berilishi mumkin. Hozircha futbolchining vakillari ushbu holat boʻyicha rasmiy izoh berishgan va sud qarori qonuniy kuchga kirganini tasdiqlashgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!