Foto: “edupedu.ro”
Diplomat university xususiy oliygohining iqtisodiyot yo‘nalishi 3-bosqich talabasi Muhammad Turniyozovning ushbu maqolasida davlat tomonidan bepul tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimining salbiy oqibatlari sanab o‘tilgan.
Iqtisodiyotdan ma’lumki, bepul narsaning o‘zi bo‘lmaydi. Har bir ishlab chiqarilgan tovar yoki xizmat uchun mehnat, qobiliyat yoki inson kapitali kabi resurslar sarflandimi, demak bu mahsulot qiymatga ega. Chunki insonlar o‘z mehnatini qadrlaydi va uni qiymatga ega deb hisoblaydi. Aslida, odamlar o‘zaro savdo qilayotganda mehnati evaziga kelgan tovarlarini ayirboshlaydi.
Boshqacha qilib aytganda, kimningdir mehnatini sotib olish uchun o‘z mehnati bilan haq to‘laydi. Demak, tibbiy xizmat sohasida ham shifokorlar kasal bemorlarni davolar ekan, kimdir ularning mehnati evaziga haq to‘lashi lozim. Ammo tibbiy xizmat bepul bo‘lgan mamlakatlarda doktorlarning mehnati evaziga to‘lanishi kerak bo‘lgan mehnat manbayi bemorlarga tegishli bo‘lmasa, unda kimga tegishli? Albatta, soliq to‘lovchilarga. Ya’ni tibbiy xizmat “bepul” deb nomlansa ham, aslida u bepul emas. Uni moliyalashtiruvchi manba bo‘lmish davlat budjetiga har bir soliq to‘lovchi o‘z mehnatining bir qismi bilan soliq to‘laydi. Ya’ni, odamlar “biz tibbiy xizmat, ta’lim va pochta xizmati uchun pul to‘lamaymiz” desa-da, aslida, soliqlar orqali to‘layotgan bo‘ladi!
Istalgan tovar yoki xizmatni xarid qilish, jumladan, tibbiy xizmatni sotib olish uchun ham bilvosita (soliqlar bilan) to‘lash, bevosita (to‘g‘ridan to‘g‘ri pul bilan) to‘lashdan ko‘ra qimmatga tushadi. Buning birinchi sababi har bir inson o‘z mehnatini (pulini) biror davlat tashkilotidan ko‘ra samaraliroq sarflashida bo‘lsa, ikkinchisi talon-toroj bo‘ladigan resurslarning kamayishida deyish mumkin.
Foto: funnyart.club
Iqtisodiyot to‘g‘ri ishlashi uchun bozor muvaffaqiyatli ishlaydigan sohalarni bozorga, bozor muvaffaqiyatsizlikka uchraydigan sohalarni esa davlatga topshirish zarur. Tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasi bozor mexanizmi orqali davlat aralashuvidan ko‘ra samaraliroq ishlaydigan soha bo‘lgani uchun uni davlat orqali bepul qilish salbiy oqibatlarni yuzaga keltiradi. Davlat bu ishni ezgu niyatda amalga oshirsa-da, aslida bunday tizim jamiyat uchun foydadan ko‘ra ko‘proq zarar keltiradi. Quyida ana shunday salbiy oqibatlarning 3 xil turini ko‘rib chiqamiz.
Ortiqcha iste’mol
Rivojlangan mamlakatlar qatorida turuvchi Buyuk Britaniyaning davlat sog‘liqni saqlash dasturi NHS (National Health System) hamda Kanadaning Canada Medicare tizimlari bepul bo‘lgani tufayli ortiqcha iste’mol ko‘payib, uzoq muddatli navbatlar yuzaga keladi. Xizmat narxi nolga teng bo‘lgani sababli odamlar arzimagan narsa uchun ham shifokor qabuliga yoziladi. Natijada, aslida shifokor xizmatiga ko‘proq muhtoj bo‘lganlar uzun navbatlarda turishga majbur bo‘ladi. Bozor sharoitida talab va taklif muvozanati orqali shakllanadigan narx mexanizmi to‘g‘ri ishlamagani ortidan shunday muammo vujudga keladi. Yuqorida aytib o‘tilgan NHS davlat tomonidan to‘liq moliyalashtirilgani sababli navbat kutish vaqti oylarni yoki yillarni tashkil etadi.
Quyidagi grafikda minglab odamlar ortiqcha iste’mol tufayli 12 soatdan ko‘proq vaqt mobaynida navbatda turganini ko‘rishingiz mumkin.
Foto: House of commons library; NHS key statistics: England
2023 yilning sentyabr—yanvar oylarida kasalxonada davolanish uchun navbat kutayotganlar soni 7,8 million kishini tashkil etgan. 2016 yildan keyin kutish vaqtlari 18 haftadan qisqarmagan. Quyidagi grafikda 2023 yil yanvar uchun yo‘llanma olishni kutish vaqti tasvirlangan.
Foto: House of commons library; NHS key statistics: England
2008—2023 yillarda navbat kutayotgan bemorlar sonining o‘sish tendensiyasini ko‘rishingiz mumkin.
Ortiqcha iste’mol muammosi nafaqat tibbiy xizmat tekin bo‘lganda, balki istalgan tovar yoki xizmatning narxi bozor narxidan past qilib belgilanganda yuzaga keladi. Mutlaq davlat aralashuvi bo‘lgan va narxlar butunlay davlat tomonidan belgilangan sobiq ittifoq respublikalari tizimini eslash ortiqcha iste’mol va isrofgarchilik kabi salbiy oqibatlar haqida yaxshiroq tushunishga yordam bera oladi. Chunki SSSRda barcha mahsulot davlat korxonalari tomonidan ishlab chiqarilib, narx tizimi bozor qoidalariga ko‘ra shakllanmas edi. Natijada deyarli barcha mahsulotlarga turnaqator navbatlar yuzaga kelardi.
Inson kapitali sifatining pasayishi
Sog‘liqni saqlash tizimi bepul mamlakatlarda doktor bo‘lishga intiladigan odamlarning inson kaptali sifati pastroq bo‘ladi. Buning sababi doktorlarning xizmatini sotib oluvchi xaridor bir nechta emas balki bitta — davlatning o‘zigina bo‘lganidir. Bunday holatda raqobatsiz muhit yuzaga keladi va natijada oylik maosh past etib belgilansa ham doktorlar o‘z mehnatini arzon narxda ayirboshlashga majbur bo‘ladi. Bu holatni iqtisodchilar monopsoniya deb ataydi. Monopsoniya tufayli aqlli shifokorlar yuqori maosh to‘laydigan davlatlarga ko‘chib ketishi mumkin.
Muammoni bartaraf etish sifatida xususiy klinikalarni ochishga va davlat klinikalari bilan parallel ravishda faoliyat olib borishiga ruxsat berish yetarlicha yechim bo‘lmasligi mumkin. Mamlakatda xususiy shifoxonalar mavjud bo‘lgan taqdirda ham, inson kapitali darajasi yuqori doktorlar xususiy klinikalarda, pastroqlari esa davlat klinikalarida faoliyat yuritishni boshlaydi, bu esa yana boshqa muammoni vujudga keltiradi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillarining xususiy klinikalardan xizmat sotib olishga qurbi yetmaydi. Bu esa, tabiiyki, boylar va kambag‘allar o‘rtasida iqtisodiy tabaqalanishni kuchaytirib yuboradi.
Foto: funnyart.club
Sky News nashrining 2023 yilgi “NHS inqirozi: nega ko‘plab xodimlar tibbiy xizmatni tark etmoqda” nomli maqolasida maoshlarning bozor narxidan past etib belgilanishi sohadagi inson kapitali sifatiga ko‘rsatgan salbiy ta’siri haqida yozilgan. Unga ko‘ra, maoshlarning past ekanligi tibbiy xizmat sohasining jozibadorligiga shikast yetkazgani tufayli yangi xodimlarning ishga kirish oqimi sustlashgan. Shifokor qabuliga kelayotganlar soni juda ko‘p va 133 000 ish o‘rni bo‘sh bo‘lgani uchun ayni vaqtda faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlarda doimiy kognitiv charchoq, og‘ir bosim va depressiya kuzatilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina 2022 yilda 10000 nafar xodim ishdan bo‘shash uchun ariza bergan. Bulardan 203 tasi shifokorlar, 2800 tasi hamshiralar va 4100 dan ortig‘i yordamchi xodimlar bo‘lgan.
Yana bir tadqiqotga ko‘ra, tibbiy xizmat bepul bo‘lganda absenteizm muammosi yuzaga keladi. Ya’ni, xodimlar mehnat motivatsiyasining pastligi sababli ishga chiqmaydi. O‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra Hindistonning janubidagi tumanlarda (so‘rovnoma o‘tkazilgan kunda) shifokorlarning 30 foizi ishda yo‘qligi aniqlangan. Ushbu ko‘rsatkich Janubi-sharqiy Osiyoning rivojlanayotgan mamlakatlarida (Hindiston, Bangladesh, Indoneziya) 40 foizdan 50 foizgacha o‘zgargan.
Korrupsiya
Istalgan tovar yoki xizmat bepul bo‘lgan joylarda korrupsiya darajasi yuqori bo‘ladi. Buning sababi asl bozor narxi 0 (nol) dan yuqori ekanligida. Davlat aralashuvi bilan narxlar sun’iy ravishda 0 (nol) qiymatda belgilansa-da, iste’molchilar tomonidan xizmatning qiymati uning tannarxidan yuqori baholangani uchun narx muvozanati korrupsiya orqali tiklanadi. Monopsonik holat sababli doktorlarda ham o‘z xizmatini bozor narxidan past narxda sotayotgani uchun kim qo‘shimcha pul to‘lasa, ya’ni kimda-kim xizmat uchun to‘lanmagan qismni qoplab bersa o‘sha odamga yaxshiroq xizmat ko‘rsatishga rag‘bat paydo bo‘ladi.
Sog‘liqni saqlash xodimlarining ish haqi past bo‘lganligi sababli bu odat buzilgan tizimning tushunarli qismi bo‘lishi mumkin. Biroq norasmiy to‘lovlarning katta qismi eng kambag‘allarga to‘g‘ri kelishi kattaroq ijtimoiy muammoni yuzaga keltiradi. Afrikaning 33 mamlakatida norasmiy to‘lovlarni o‘rganish bo‘yicha tadqiqot ularning juda regressiv bo‘lishi mumkinligini, norasmiy to‘lovlar talabi va haqiqiy to‘lovlar aholining eng kambag‘al qatlamiga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatadi.
Foto: “dgmk.de”
Davlat ishlarida xususiy biznesdan farqli ravishda korrupsiyani nazorat qilish deyarli imkonsiz. Negaki nazorat qiluvchi shaxslar yoki tashkilotlar bilan ham korrupsiya orqali kelishuvga erishish mumkin. Buning sababi hech bir davlat xizmatchisi barchasi yaxshi bo‘lishidan odatda yetarlicha manfaatdor emas. Xuddi shuningdek, barchasi yomon bo‘lsa ham davlat xizmatchisiga to‘g‘ridan to‘g‘ri iqtisodiy zarar yetmaydi. Xususiy biznesda esa xodimlar va biznes egasida stimullar mutlaqo boshqacha tuzilgan. Byurokratiya deyarli bo‘lmagani uchun xususiy biznes xodimlarining korrupsiya qilishi haqidagi ma’lumot biznes egasiga yetib borishi osonlashadi. Biznes egasi davlat tashkilotidan farqli ravishda xodimni pul evaziga ishda qoldirishni va’da qilmaydi. Chunki u korrupsiya biznesni bankrotlikka olib borishini juda yaxshi biladi. Ya’ni biznes egasining korrupsiyadan topadigan zarari uning foydasidan bir necha barobar ko‘proq bo‘ladi. Davlat tashkilotlarida esa buning aksi kuzatiladi.
Ma’lum bir sohada, jumladan, tibbiy xizmat sohasida ham davlat xarajatlarining ko‘payishi o‘sha sohada pulning talon-toroj bo‘lishiga hamda samarasiz sarflanishiga olib keladi. Nima uchun talon-toroj bo‘lishi ko‘pchilikka tushunarli bo‘lsa-da, samarasiz sarflanishining sababi ko‘p hollarda tushunarli bo‘lmasligi mumkin. Boisi istalgan shaxs yoki davlat tashkiloti tovar yoki xizmatning haqiqiy qiymatini har bir iste’molchi kabi aniq baholay olmasligida. Boshqacha qilib aytganda, tovar yoki xizmat iste’molidan olingan foyda qiymatini iste’molchidan boshqa hech kim aniq baholay olmaydi. Shu nuqtayi nazardan iste’molchilarning har biri o‘z iste’moli uchun o‘zi (o‘z mehnati bilan) haq to‘lasa talab va taklif muvozanati orqali shakllangan narx mexanizmi qaysi xizmat turini ko‘proq ishlab chiqarish kerag-u, qaysini kamroq ishlab chiqarish kerakligi haqida ma’lumot beradi.
Bu bizga cheklanmagan ehtiyojlarimizni cheklangan resurslarimiz bilan eng optimal variantda qondirishimizga imkoniyat beradi. Davlat aralashuvi esa narx mexanizmi shakllanishiga yo‘l qo‘ymaydi va ma’lumotni yo‘qqa chiqaradi, natijada, qandaydir xizmatni qancha ishlab chiqarish eng optimal miqdorda amalga oshmaydi. Bunday vaziyatda aslida ishlab chiqarilishi kerak bo‘lgan tovar yoki xizmat qolib, unchalik kerak bo‘lmagan tovar yoki xizmatni ko‘proq ishlab chiqarishimiz va resurslarni nooqilona sarflashimiz mumkin. Ortiqcha iste’molning yuzaga kelishi, inson kapitali va xizmat sifatining pasayishi, korrupsiya, nepotizm va favoritizm kabi muammolar bozor mexanizmi davlat aralashuvi tufayli ishdan chiqqanining natijasi hisoblanadi.
Foto: “medprime-clinic.ru”
Xulosa
Sog‘liqni saqlash sohasida davlat xarajatlarining kamayishi har bir soliq to‘lovchiga tushayotgan soliq yukini ham kamaytiradi. Har bir soliq to‘lovchi o‘zida ortib qolgan pulni o‘ziga kerak bo‘lgan tovar va xizmatlarni sotib olishga sarflaydi. Iste’moldan olingan foyda qiymatini har bir iste’molchining o‘zi, alohida individ sifatida to‘g‘ri baholay olgani uchun jamiyat sifatida bizga qadrli bo‘lgan resurslarimiz samarali sarflanadi.
Tushunganingizdek, davlat aralashuvi mutlaq yoki bir oz bo‘lganda ham salbiy oqibatlar yuzaga kelaveradi. Ammo tibbiy xizmatning narxi qimmat bo‘lgani tufayli kambag‘al va nogironligi bo‘lgan insonlarga ijtimoiy himoya sifatida tibbiy xarajatlarni jamiyat to‘lab berishi lozim deyishimiz mumkin. Shundan kelib chiqib, yuqoridagi salbiy oqibatlarni hisobga olgan holda, davlat barcha tibbiy xizmat ko‘rsatish muassasalarini xususiylashtirishi, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillariga esa tibbiy xizmat sotib olish vositasini vaucher ko‘rinishida taqdim etgani maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ana shunda davlat tibbiy xizmat bepul bo‘lganda sarflayotgan pullarni, faqat kambag‘al qatlam vakillariga vaucher berish uchun sarflaydi.
Bu yo‘l bilan iqtisodiy tabaqalanish yuzaga kelishining oldini olish va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillarini himoya qilish mumkin. Qolaversa, tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasida davlat aralashuvining minimallashuvi bilan ortiqcha iste’mol, aqlli insonlarning ko‘chib ketishi (brain drain), sohadagi inson kapitali sifatsizligi, samarasiz xarajat hamda korrupsiya kabi muammolar ham o‘z yechimini topadi. Xulosa sifatida bozor mexanizmi tibbiy xizmat ko‘rsatish sohasining imkoniyatlar chegarasini maksimal darajada tartibga sola oladi deyishimiz mumkin. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Xalqaro jinoyat sudi Isroil bosh vaziri Netanyaxuni hibsga olishga order berdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
Putin Ukrainadagi obyektga ballistik raketa zarbasi berilganini e’lon qildi
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
Shavkat Mirziyoyev Rossiya bosh prokurori bilan uchrashuv o‘tkazdi
Diniy qo‘mita Umra ziyoratini tashkil qilish uchun 12 ta turfirmaga litsenziya berdi