12:30 / 24.03.2019
3 331

Ostona rasman Nur-Sulton nomini oldi

Ostona rasman Nur-Sulton nomini oldi
Qozogʻistonning yangi prezidenti Qosim-Joʻmart Toʻqayev mamlakat poytaxti Ostonani Nur-Sulton deya qayta nomlash toʻgʻrisidagi farmonini imzoladi. Bu haqda Kun.uz xabar bermoqda.

“Qozogʻiston Respublikasi poytaxti Ostona shahri — Qozogʻiston Respublikasi poytaxti Nur-Sulton deya qayta nomlansin”, — deyilgan farmon matnida. Farmon eʼlon qilinganidan boshlab kuchga kirgan.

U bugunning oʻzida Qozogʻiston Konstitutsiyasiga oʻzgarish kiritish haqidagi qonunga ham imzo chekkan (Qozogʻiston bosh qomusining 2-moddasida mamlakat poytaxti Ostona shahri ekanligi qayd qilingandi, poytaxt nomini oʻzgartirish uchun Konstitutsiyaga oʻzgarish kiritish talab etilardi).

Ostona nomini mamlakatning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev sharafiga qayta nomlash tashabbusi 20 mart kuni yangi prezident Toʻqayev tomonidan bildirilgandi. U shuningdek, birinchi prezident nomini abadiylashtirish maqsadida shaharlardagi markaziy koʻchalarga ham Nursulton Nazarboyev nomini berishni taklif qilgandi.

Parlament oʻsha kuni qoʻshma yigʻilishda mamlakat konstitutsiyasiga tegishli oʻzgartirishlarni qabul qildi.

Qayd etish joizki, Qozogʻiston qonunlari Toʻqayevga Konstitutsiyaga oʻzgartirishlar kiritish taklifini ilgari surish imkonini bermasdi. Shunga qaramay, Ostonani qayta nomlash uchun referendumning oʻrnini parlamentdagi ovoz berish bilan toʻldirishni nazarda tutuvchi koʻp yurishli kombinatsiyadan foydalanildi.

Bu oʻzgarishlar jamoatchilik noroziligini keltirib chiqardi. 20 mart kuni gopetition.com saytida poytaxtni Nazarboyev sharafiga qayta nomlamaslik talab qilingan petitsiya eʼlon qilindi.

21-22 mart kunlari Ostona va Olma-otada poytaxt nomi oʻzgartirilishiga qarshi mitinglar oʻtkazildi. Guvohlarning maʼlumotlariga koʻra, Ostonada huquq-tartibot organlari xodimlari 60 kishini qoʻlga olishgan, Olma-otada esa 20 nafarga yaqin kishi ushlangan. Politsiya departamenti esa bu shaharlardagi mitinglar boʻyicha rasmiy maʼlumot bermadi va odamlar qoʻlga olingani haqidagi xabarlarni izohlamadi.

Maʼlumot uchun, Ostona oʻrnidagi posyolkaga 1830 yilda asos solingan boʻlib, u dastlab Akmolinsk deb atalgan. 1961 yilda esa bu hudud Selinograd nomini olgan. 1992-1998 yillarda shahar nomi Oqmola deb atalgan. 1997 yilda Nursulton Nazarboyev poytaxtni Olma-otadan Oqmolaga koʻchirgan, bir yil oʻtib shaharga Ostona (qozoq tilida poytaxt) nomi berilgan.

Poytaxtni Nazarboyev sharafiga nomlash avval ham bir necha marta siyosatchilar va jamoatchilik vakillari tomonidan taklif etilgandi. Oxirgi marta 2016 yilning noyabrida qozogʻistonlik deputatlar poytaxtni Nursulton yoki Nazarboyev nomi bilan qayta nomlash tashabbusini ilgari surishgan, ammo oʻshanda prezident bunga qarshi chiqqandi.

Qozogʻistonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyev 19 mart kuni oʻz vakolatlarini topshirishini maʼlum qildi. Konstitutsiyaga koʻra, prezidentlik lavozimi Senat spikeri Qosim-Joʻmart Toʻqayevga oʻtdi, 20 mart kuni u davlat rahbari sifatida lavozimga kirishdi. U 2020 yilning apreligacha, keyingi prezidentlik saylovlarigacha davlatni boshqaradi. 20 mart kuni Toʻqayevning oʻrniga Nursulton Nazarboyevning qizi Darigʻa Nazarboyeva Senat spikeri (raisi) sifatida saylandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ostona rasman Nur-Sulton nomini oldi