22:06 / 23.10.2019
2 232

Turkiya Suriyadagi amaliyot to‘xtatilganini e’lon qildi

Turkiya Suriyadagi amaliyot to‘xtatilganini e’lon qildi
© REUTERS / Murad Sezer
Turkiyaning Suriyadagi «Tinchlik bulog‘i» nomli harbiy amaliyoti to‘xtatildi. Bu haqda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li e’lon qildi.
U Anqara va Moskva tomonidan anglashuv memorandumi imzolanganidan keyin harbiy amaliyot to‘xtatilganini qo‘shimcha qilgan.

Shu bilan birga, Chovusho‘g‘lining aytishicha, «agar zarurat tug‘ilsa» armiya kurdlarga zarba berishga tayyor turadi.
«Agar terrorchilar qayerdadir paydo bo‘lsa, bizning harbiylarimiz ular bilan jangga kirishadi. Qurollar, qopqon-minalar qolgan - bularning barchasini tozalash kerak. Shuning uchun biz maydonda qolamiz», degan vazir Anadolu uchun bergan intervyusida.

Shuningdek, Turkiya Mudofaa vazirligi AQSh va Rossiya bilan tuzilgan kelishuvlardan keyin Suriya shimoli-sharqida qayta amaliyot boshlanmasligini ma’lum qildi.

«Kelgusida hozirda nazorat o‘rnatilgan hududdan tashqarida yangi harbiy amaliyotlar o‘tkazishga zarurat yo‘q», deya vazirlik bayonotidan parcha keltiradi Associated Press nashri.

Qayd etilishicha, AQSh mintaqadan kurd harbiy bo‘linmalarini to‘lig‘icha olib ketgan.
O‘z navbatida, vazirlik Turkiya chegaralarida terrorchilar uchun yo‘lak qoldirilmasligini ta’kidlagan.

Putin va Erdo‘g‘an nimalarga kelishdi?

Foto: Mixail Metsel/TASS
22 oktyabr kuni Sochi shahrida Rossiya va Turkiya prezidentlarining 6 soatlik uchrashuvi o‘tkazildi. Vladimir Putin va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an quyidagi masalalarda kelishib oldi:

- Turkiyalik harbiylar 9 oktyabr kunidan buyon «Tinchlik bulog‘i» amaliyoti davomida egallangan hududlar ustidan noma’lum vaqtga qadar nazoratni saqlab qoladi (kelishuvda bu «status-kvo saqlanishi» deb atalgan).

- Chegaradagi boshqa barcha hududlar suriyalik chegarachilar va Rossiya harbiy politsiya tomonidan egallanadi. Turkiya armiyasi bu hududga kirishi mumkin emas, ammo turkiyalik harbiylar chegaradan 10 km ichkarigacha bo‘lgan hududda Rossiya bilan hamkorlikdagi patrul ishlarida qatnashish huquqiga ega bo‘ladi.

- Erdo‘g‘an terrorchilar deb atagan kurd harbiy bo‘linmalari bir hafta mobaynida chegara hududini tark etishi kerak bo‘ladi. Kelishuvda ularning taqdiri haqida hech narsa aytilmagan, ammo tomonlar «barcha shakllarda terrorizm bilan kurashishi» qayd etilgan.

- Hujjatda kurd muxtoriyati ham tilga olinmagan: Suriyaning siyosiy tuzilmasiga oid barcha masalalar keyinroq Rossiya, Turkiya va Eron ishtirokidagi konstitutsion qo‘mitada ko‘rib chiqiladi va hal qilinadi.

- Turkiyadan suriyalik qochqinlar kurdlar yerlariga ko‘chirilishi haqida ham hech narsa aytilmagan: faqat tomonlar qochqinlar Suriyaga «xavfsiz va o‘z ixtiyori bilan qaytishi» choralari ko‘rilishiga kelishib olingan.

Bu nimani anglatadi?
Erdo‘g‘an murakkab o‘yinda yutqazdi, ammo obro‘sini saqlab qoldi. Turkiya Suriyadagi amaliyotidan ko‘zlangan maqsadlaridan voz kechishiga to‘g‘ri keldi. «Fotih» Erdo‘g‘an o‘z rejalarining ko‘pi bilan beshdan bir qismiga erishish bilan cheklandi. U kurdlar yashaydigan hududning bir qismigina ustidan nazorat o‘rnatdi, bu hududni kengaytirish uchun imkoniyatlarini yo‘qotdi, holbuki, amaliyot boshlanganida uning harbiylari butun chegara bo‘ylab 30 km ichkaridagi hududni egallashi ko‘zda tutilgandi. Turkiyada Suriyaning shimoli-sharqidagi hududlarini to‘liq egallash muhokama qilingandi.

Erdo‘g‘anning bu mag‘lubiyati u zamonaviy «gibrid urush» qoidalariga rioya etmaganidadir — u kerakli diplomatik va media qo‘lloviga ega bo‘lmadi, o‘ziga yomon ittifoqchilar tanladi.

Suriya hukumati va Rossiya deyarli hech ish qilmasdan Suriya hududining uchdan bir qismi ustidan nazorat o‘rnatdi, bu hududlar fuqarolik urushi vaqtida kurdlarga va ularning ittifoqchilari bo‘lgan — AQShga o‘tib ketgandi. Bu amerikaliklar va yevropaliklar hududni tark etishi evaziga bo‘ldi, Damashq va Moskva ko‘p yillar davomida bunga erisha olmagandi, ammo Erdo‘g‘an erishdi.

Turkiya o‘zi egallab olgan hududni o‘z nazoratida qoldirdi, rasmiy Anqaraning hisoblashicha, bu hudud faqat Suriyaning yangi hukumatiga qaytarib berilishi mumkin, Turkiya hozirgi hukumatni qonuniy deb bilmaydi. Mamlakatning yangi hukumati qachon tuzilishi noma’lum, chunki unga asos bo‘lishi kerak bo‘lgan yangi konstitutsiya ham hali yozilmagan.

Putin bilan yangi kelishuvda Suriyaning chegaradagi boshqa hududi — Idlib — muxolifatchi jangarilarga tegishli bo‘lgan hudud, hukumat almashishini talab qilib isyon ko‘targan kuchlar taqdiri ham ko‘zda tutilmagan. Asadga muxolif bo‘lgan ortyadlar Turkiya bilan hamkorlik qiladi. Anqara kurdlarga qarshi amaliyotida idliblagilar bilan ittifoqda harakat qilgandi. Suriyadan kelgan xabarlarga ko‘ra, Damashq Rossiya qo‘llovida kelgusida Idlibga hujum boshlaydi, bu boradagi so‘nggi yurishlar avgust oyi oxirida Anqara talabi bilan to‘xtatilgandi. Shu tariqa, Turkiya va Rossiyaning Suriyadagi yashirin kurashi 22 oktyabr kungi kelishuv bilan yakuniga yetmaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turkiya Suriyadagi amaliyot to‘xtatilganini e’lon qildi