Rizq beruvchi Alloh (ibratli rivoyat)

  • 18-03-2018, 19:50
  • 3 509
  • Hayot tarzi
  • Rizq beruvchi Alloh (ibratli rivoyat)
    Rivoyat qilishlaricha, Hotim Asom rahmatullohi alayh bir kuni farzandlariga: “Men hajga borishni niyat qildim”, dedi. Shunda ular: “Bizni kimga tashlab ketasiz, otajon?” deb yig‘lay boshlashdi. U zotning taqvoli, oqila qizi esa: “Otamni o‘z holiga qo‘ying, ketaversinlar. Allohning O‘zi rizq beruvchi Zot”, deya opa-ukalariga nasihat qildi.

    Hotim Asom haj safariga jo‘nab ketdi. Oilasi esa och-nahor edi. Opa-ukalari oqila qizni malomat qila boshlashdi. Ularning so‘zlarini eshitgan oqila qiz: “Yo Alloh, meni ularning oldida sharmanda qilma. O‘zing ahvolimizni biluvchisan”, deb duo qildi.

    Shu payt shahar hokimi o‘z a’yonlari bilan Hotim Asomning uyi oldidan o‘tib qoldi. Hokim chanqab, xizmatkorlariga suv keltirishni buyurdi. Xizmatkorlar o‘zlariga eng yaqin uy bo‘lmish Hotim Asom xonadonidan suv so‘rashdi. Ichkaridan chiroyli ko‘zada muzdek, tiniq suv uzatildi. Hokim suvni ichib bo‘lgach, bu xonadon kimnikiligi bilan qiziqdi. “Hotim Asomniki”, deb javob berishdi. Hokim qo‘lidagi ko‘zaga kattagina oltin parchasini soldi. Keyin a’yonlariga qarab: “Kim meni yaxshi ko‘rsa, men bilan hamfikr bo‘lsa, mana shu ko‘zaga ataganini tashlasin!” dedi. Ular shosha-pisha yonlaridagi bor boyliklarini ko‘zaga tashlay boshlashdi.

    Ko‘za oltin, kumush tangalar bilan liq to‘latib berilganini ko‘rgan oqila qiz yig‘lay boshladi. Onasi: “Qizim, nega yig‘layapsan? Axir Alloh taolo bizga kenglik berdi-ku?” deb so‘raganida u shunday javob qildi: “Onajon, banda qilgan bir iltifoti tufayli shuncha narsaga ega bo‘ldik. Agar Xoliq iltifot ko‘rsatsa, qanday bo‘lar ekan, deb o‘ylab ko‘zimga yosh keldi”.

    Manba: Azon.uz

    » » Rizq beruvchi Alloh (ibratli rivoyat)