Marusa opa

  • 28-03-2018, 16:53
  • 2 214
  • Hayot tarzi
  • Marusa opa
    Kecha Ka’bai Sharifga tikilib o‘tirib, Marusa (Marusya) opa yodimga tushib ketdi...

    2002-2003 yillarda edi adashmasam. Mahallamizda Mohit aka deganning Marusa degan bevasi qolgandi (ikkalasi ham gapira olmas edi). Marusa opa rus tilida yozib, o‘qishni bilardi. Bolalari esli, odobli bo‘lishgan, bulbulday gapirishadi.

    Ishdan qaytishda ularning uyi oldidan o‘taman. O‘g‘illaridan biri yo‘limdan chiqib salom berdiyu, so‘ramoqchi bo‘lgan savolini aytolmay kalovlanib qoldi.

    Nihoyat jur’at qildi, shekilli: “Domla, oyim rus tilida turli kitoblar olib kelib o‘qiyapti. Suratlariyam bor. Bir ko‘rsaniz, o‘zlari yo‘qligida ko‘rsataman...”

    Ko‘rdik. Nasroniy diniga da’vat qiluchi kitoblar ekan. Opa va unga o‘xshagan imkoniyati cheklangan nogironlarni yordam berish niqobi ostida botil dinlariga da’vat qiluvchi yig‘inlarga chaqirishar ekan.

    Men soqovchani bilmasam, o‘zi shu dinni tanlan bo‘lsa, gapimni oladimi-yo‘qmi.

    Ertasiga ishdan qaytayotib, Qur’oni Karimning Krachkovskiy rus tiliga tarjima qilgan nusxasini ola keldim-da, opaning o‘g‘liga berdim. Kitoblarining ustiga qo‘yib qo‘yishini tayinladim. Buyog‘i Allohdan deb, O‘ziga tavakkul qildim.

    Oradan bir necha kun o‘tib, ishdan kelib endi bolalar bilan choyga o‘tirgandim, darvoza taqilladi.

    Chiqib qarasam, Marusa opa. Men berib kelgan Qur’onni ikki qo‘llab mahkam bag‘riga bosib olibdi. Ko‘zlari to‘la jiqqa yosh.

    Uyga kirishga izn so‘radi ishora bilan. Kirdik. Ishora bilan qog‘oz-qalam so‘radi... Berdim. Bir narsalar yozib uzatdi: “Ya uznala, Isus ne bog! On toje prorok kak Muxammad! Ya uznala, chto ya musulmanka...” (Iso Xudo emas ekan, Muhammadga o‘xshagan payg‘ambar ekan. Men musulmon ekanman...) Xazina topgandek quvonib, to‘lib o‘tiribdi.

    Biroz yozishib suhbatlashdik. Ketishdan oldin Marusa opa yana kelsam maylimi, deb so‘radi. Bemalol dedim. Tez-tez kelib turadigan bo‘ldi. Rus tilidagi dinimizni o‘rgatadigan adabiyotlarni topib beraman. Juda tez o‘qib bitiradi. Suhbatlarimizdan birida Baytulloh haqida so‘rab qoldi: u qanaqa narsa? Yozib tushuntira olmasdim. Videomagnitofonda haj arkonlarini ko‘rsatadigan kassetani qo‘yib berdim.

    Hojilar Baytullohni tavof qilayotgan joyiga kelganda Marusa opa ekranga yuzini bosib Ka’bani o‘pa boshladi. U unsiz yig‘lardi, ko‘z yoshlari ekranga suvalib ketdi. Orqaroqda turib, bu manzaraga qaragancha men ho‘ngrab yubordim... Marusa opa ancha qarib qoldi. Mahalla ayollari bilan aralashib yuradi. Opa soqovligi tufayli ko‘p narsani bila olmaydi. Lekin bir narsani – O‘ZINING MUSULMON EKANINI BILADI!
    Rahimjon NIShONOV

    Manba: Azon.uz

    » » Marusa opa