Hotamul Asomning qizi nega yig‘ladi?

  • 13-08-2018, 00:39
  • 1 760
  • Hayot tarzi
  • Hotamul Asomning qizi nega yig‘ladi?
    Hotamul Asom buyuk solihlardan edi. Bir kuni qalbi haj qilishni istadi, ammo hajning sarf-xarajatlariga yetarli molga ega emasdi. Farzandlarining nafaqasini bermay turib, ularni rozi qilmay turib hajga borishi joiz emasdi. Unga haj vojib emasdi. Haj vaqti yaqinlashganda uning qizi otasini mahzun, yig‘lagan holda ko‘rdi. Qizi soliha edi. Qiz bilan otasi o‘rtasida quyidagicha suhbat bo‘lib o‘tdi:

    – Ey otajon, sizni nima yig‘latdi?

    – Haj mavsumi yaqinlashdi.

    – Nega haj qilishga urinmayapsiz?

    – Nafaqa yo‘qligi sababli.

    – Alloh sizni nafaqa bilan rizqlantirsin.

    – Sizlarni nafaqalaringiz yo‘qligi sababli.

    – Alloh bizni nafaqa bilan rizqlantirsin.

    – Lekin ish onangga borib taqaladi.

    Oxirida ayoli va farzandlari Hotamul Asomga: “Hajga boravering, Allohning O‘zi bizga rizq beradi”, deyishdi.

    Hotamul Asom oilasiga uch kunlik nafaqani qoldirib, hajga jo‘nadi. Ammo o‘zi uchun yetarli hech narsa olmadi. U karvonning ortida borardi. Yo‘lga chiqishgandayoq karvonboshini chayon chaqib oldi. Odamlar unga Qur’on o‘qib dam soladigan va unga muolaja qiladigan kishini surishtirishdi. Izlab-izlab, Hotamul Asomni topishdi. Hotamul Asom karvonboshiga Qur’on o‘qib dam soldi. Alloh taolo unga tezda shifo berdi. Karvonboshi:

    – Uning hajga borish va qaytish nafaqasi mening zimmamda, – dedi. Shunda Hotamul Asom:

    – Yo Alloh, bu Sening men uchun qilgan tadbiring. Endi menga, ahlim uchun qilgan tadbiringni ko‘rsat, – dedi.

    Oradan uch kun o‘tdi. Oilaga qoldirilgan nafaqa ham tugadi. Ochlik ularni qiynay boshladi. Ular otani hajga jo‘natishga uringani uchun qizni malomat qila boshlashdi. Qiz esa ularning malomatidan kuldi. Ular:

    – O‘zimiz ochlikdan o‘lay deb turibmiz-u, sen nega kulyapsan? – deb so‘rashdi. Qiz:

    – Otamiz rizq beruvchimi yoki rizq yeyuvchimi? – dedi. Ular:

    – Rizq yeyuvchi. Rizq beruvchi Zot Allohdir, – deyishdi. Qiz:

    – Rizq yeyuvchi ketdi va Rizq beruvchi Zot qoldi, – dedi.

    Qiz ularga gapirib turgan ham ediki, shu payt eshik taqqillab qoldi. Ular:

    – Kim u? – deyishdi. Eshik qoqqan kishi:

    – Amirul mu’miniyn. Sizlardan suv so‘raydi, – dedi.

    Qiz meshni suvga to‘ldirdi va mo‘minlarning amiriga uzatdi. Rahbar suvni ichib, ajib bir halovatni tuydi. U Hotamul Asomning oilasidan:

    – Bu suvni qayerdan olib kelgansizlar? – deb so‘radi. Ular:

    – Hotamning uyidan, – deb javob berishdi. Mo‘minlarning amiri:

    – Hotamni chaqiringlar, uni mukofotlay, – dedi. Ular:

    – U hajda, – deyishdi.

    Shunda mo‘minlarning amiri qimmatbaho toshlar qadalgan, qimmat va sifatli matodan tayyorlangan belbog‘ini yechdi va “Bu sizlarga”, dedi. Keyin:

    – Kim meni yaxshi ko‘radi, kim meni qo‘llab quvvatlaydi? – dedi. Yonidagi barcha vazirlar va savdogarlar ham belbog‘larini yechib, ularga uzatdilar. Belbog‘lar ustma-ust bo‘lib, bir uyum bo‘lib to‘plandi. Ularni savdogarlardan biri uy to‘la tillaga sotib oldi. U tillalar oila a’zolarining vafot etgunlariga qadar yetardi. Keyin savdogar sotib olgan belbog‘larni yana oilaga qaytarib berdi.

    Ular kulib, xursand bo‘lib taom sotib oldilar. Qiz esa yig‘ladi. Ona hayron bo‘lib:

    – Ey qizalog‘im, sening ishing juda ajoyib. Biz ochlikdan yig‘laganimizda sen kulayotgan eding. Endi Alloh taolo bizga keng rizq bergani uchun hursand bo‘lib turganimizda sen nega yig‘layapsan? – deb so‘radi. Shunda qiz:

    – Bu mo‘minlarning amiri o‘zi uchun zararga ham, foydaga ham ega bo‘lmaydigan bir maxluq bo‘lib, bizga mehribonlik ko‘zi bilan qaragani uchun bizni o‘lgunimizcha boy badavlat holda yashashimizga sabab bo‘ladigan molu mulk berdi. Endi Molikul muluk (Podshohlarning Podshohi) bo‘lgan Zot haqida nima deysiz?! – dedi.

    Ha, azizlar! Bu – Allohga bo‘lgan kuchli ishonchdir. Rizq beruvchi Zotga bo‘lgan kuchli ishonchdir. Bu iymonning kuchliligidan, Allohga bo‘lgan tavakkulning quvvatliligidan darakdir. Bizning ahvolimiz qanaqa? Biz ham o‘sha qizga o‘xshab kuchli iymon, kuchli tavakkul sohiblarimizmi?!

    Agar Alloh senga bir ne’matini ato etgan bo‘lsa, sening mumtoz bandaliging yoki qilgan toating uchun bermaydi. Balki seni o‘rab olgan Uning rahmati sababli beradi. U Zot sendan o‘sha ne’matlarni xohlagan paytda olib qo‘yishi mumkin. Shuning uchun amaling bilan, ibodating bilan g‘ururlanma. Yo‘lidan adashgan kimsaga past nazar bilan boqma. Agar Allohning rahmati seni o‘rab olmaganda sen ham o‘sha bandaning o‘rnida bo‘larding.

    Bizga iymon ne’matini, tavakkul ne’matini, ixlos ne’matini, ishonch ne’matini bergan va bizlarni keng rizq bilan rizqlantirgan Alloh taologa beadad hamdu sanolar bo‘lsin!
    Nozimjon HOShIMJON tarjimasi

    Manba: Azon.uz

    » » Hotamul Asomning qizi nega yig‘ladi?