Bolaga mehribonlik

  • 27 avgust 2018, 11:58
  • 3 973
  • Hayot tarzi
  • Bolaga mehribonlik
    Bolaga mehribonlik koʻrsatish ota-onaning vazifasi va bolaning haqqidir.

    Inson zoti doimo mehr-muhabbatga ehtiyojli boʻladi. Ayniqsa, bolalar bu narsaga juda ham muhtojlar. Aslida, mehr-muhabbat dini boʻlmish Islom, shuning uchun ham, bolalarga mehr-muhabbat koʻrsatishni ota-onalarga vaziyfa etib yuklagan.

    Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻz huzurlarida Aqraʼ ibn Hobis Taymiy oʻtirganda Hasan ibn Aliyni oʻpdilar. Shunda Aqraʼ: “Mening oʻnta bolam bor. Ulardan birortasini oʻpganim yoʻq”, – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga nazar soldilar-da, soʻng: “Rahm qilmaganga rahm qilinmas”, – dedilar”. Buxoriy, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilishgan.

    Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oʻta bolajon zot edilar. Ul zot bolalar ichida nabiralari Hasan va Husaynni juda ham yaxshi koʻrar va ularga mehribonlik koʻrsatar edilar.

    Ushbu rivoyatda u zot sollallohu alayhi vasallamning Hasan roziyallohu anhuga koʻrsatgan mehrlari, sahobalardan birining bunga boʻlgan munosabatlari va bu munosabatning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tomonlaridan baholanishi haqida soʻz ketmoqda.

    Usoma ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni olib, sonlariga oʻtqazar edilar. Hasanni esa boshqa sonlariga oʻtqazar edilar. Soʻngra sonlarini bir-biriga qoʻshib turib: “Allohim! Ikkisini rahm qilgin, men ularga rahm qilurman”, – der edilar”. Buxoriy rivoyat qilgan.

    Oisha roziyallohu anhadan rivoyat qilinadi: “Bir aʼrobiy Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keldi va: “Sizlar bolalarni oʻpasizlarmi? Biz ularni oʻpmaymiz”, – dedi. Shunda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh qalbingdan rahmatni sugʻurib olgan boʻlsa, men nima ham qila olar edim”, – dedilar”. Ikki Shayx rivoyat qilishgan.

    Shaʼbiydan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, kishi bolasining boshini silaganiga va ayoliga yaqinlik qilganiga ham ajr oladi”, – dedilar”. Husayn Marvaziy rivoyat qilgan.

    Musulmon odam oʻz bolasiga mehr koʻrsatib, uning boshini silab, koʻnglini ovutib, tarbiya maʼnosida qilgan harakatlariga ham albatta ajr oladi.

    Demak, bola tarbiyasi uchun qilinadigan har bir harakat ajrsiz, savobsiz qolmas ekan. Bolaning boshini silashda odamning oʻzi rohat topadi. Lekin shu narsa bolaga ham yaxshi taʼsir qilganidan, Alloh taolo buning uchun ota-onaga ajr-savob berar ekan. Ota-ona bolasining boshini silagani uchun ham ajr olar ekan, uni yedirib-ichirgani, kiydirgani, oʻqitgani, Qurʼon yodlatgani, odob-axloqdan tarbiya berib qiynalgani uchun oladigan savoblari qancha boʻlishini oʻzingiz tasavvur qilavering.

    Demak, ota-onaning bola uchun qiladigan hech bir harakati savobsiz, ajrsiz ketmas, dunyoyu oxiratning baxtu saodatiga sabab boʻlmay qolmas ekan.

    Qizlarga alohida hurmat va mehr bilan munosabatda boʻlish haqida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning koʻrsatmalari ham bor. Chunki, qizlar mehrga muhtoj, oʻzlari ojiza boʻlishadi. Shu bois ular tarbiyasida eʼtibor, mehr-muruvvat va ehtiyotkorlik koʻproq zarur boʻladi.
    Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

    Manba: Azon.uz

    Facebook орқали авторизация
    Ma'lumot

    Посетители, находящиеся в группе Гости, не могут оставлять комментарии к данной публикации.
    » » Bolaga mehribonlik