20:07 / 08.09.2018
7 327

Nomahram... (16-qism)

Nomahram... (16-qism)
Marjonaning koʻrinishi boshqa qizlarnikiga oʻxshamasdi. Oʻrta boʻyli, qomati yangi liboslar namoyish etadigan model qizlarniki kabi bejirim, tirsillagan siynalari har qanday yigitning koʻzini oʻynatadi. Fikru xayoli oʻziga oro berish va qayerlardadir sayr qilish. U ham “zamonaviy” qizlarga oʻxshab tamaki tutatar, goh-gohida sharob ichib turishni xush koʻrardi.

Bularning hammasiga Marjonani Xushvaqt oʻrgatgan. Xufyona uchrashuvlar, kelishgan, boʻydor, kamsuqum yigitning erkalashlari, totli boʻsalariga har daqiqada mushtoq, zor boʻlib yashar, keyingi paytlarda kamnamo boʻlib qolishi shu lahzalarda unga juda alam qilayotgandi…

Otasining yoʻqlatganini eshitib hanuz dili xufton Marjona erta tongda uygʻonib endigina kiyinishga tutingandi.

Shu kuni choʻmilishga bormoqchi va biroz boʻlsa-da, kayfiyatini koʻtarib kelmoqchi boʻlib turgandi.

Kutilmaganda eshik qoʻngʻirogʻi ketma-ket jiringladi.

— Uf-f, kallai saharlab kim keldiykin tagʻin? — Marjona oʻzicha gʻudranib tashqari eshikni ochdi.

Qarshisida Xushvaqt kulimsirab turardi.

— Hm-m, namuncha? Qayoqdan kun chiqdi? — zarda aralash soʻradi Marjona lab burib. — Kelardingiz oʻlganimdan keyin!

— Kechir, otangning xizmatidan sira boʻshay olmadim! — dedi Xushvaqt podyezdga yana bir karra oʻgʻrincha nazar tashlab. — Bilasan-ku, sening oldingga Bek aka qayergadir ketgan paytlardagina kela olaman.

— Boʻpti, kiring! Meni plyajga tashlab qoʻyasiz!

— Plyajda nima qilasan?

— Nima qilardim? Choʻmilaman.

— Bir oʻzing-a?

— Nima qipti? Meni it yermidi?

Xushvaqt eshikni ichkaridan tambaladi-da, javob oʻrniga Marjonani mahkam bagʻriga bosdi.

— Bugun hech qayerga bormaysan, jonim! Seni judayam sogʻinganman! Toqatim toq boʻldi shu kunni kutaverib!

— Nima boʻpti? Qoʻyvoring, sochim buzilib ketadi! E, qoʻyvoring!

— Qoʻyvorib boʻpman! — harsillagancha qizni oʻpa ketdi Xushvaqt. — Shuncha chidab keldim. Bugun faqat ikkalamiz boʻlamiz bu uyda! Hech kim xalal bera olmaydi! Kelaqol, oʻzim seni…

Marjona qaynoq boʻsalardan erib ketganidanmi, ortiqcha qarshilik koʻrsatib oʻtirmadi. Xushvaqt uni dast koʻtarib, yotoqxonaga olib kirdi va karavotga tashlab shosha-pisha oʻzi yechina boshladi…

Aksiga olgandek shu tobda eshik qoʻngʻirogʻi bezovta jiringladi.

Xushvaqt yechgan kiyimlarini jonholatda qaytadan egniga ilib roʻparadagi shkafga berkindi…

— Ha, qizim, nega mening oldimga bormading? — Marjona eshikni ochgani zahoti roʻparasida Bek akani koʻrib ichidan zil ketdi. Javob qilishni ham, qilmaslikni ham bilmay, lol boʻlib qoldi.

— Nega indamaysan? — soʻrashda davom etdi Bek aka sinchkovlik bilan uy ichini koʻzdan kechirarkan. — Nega ranging oqarib ketdi?

— Y-yoʻq… Oqargani yoʻq… — oʻgʻrincha yotoqxonasiga koʻz tashlab zoʻrgʻa javob qildi Marjona. — Boshim ogʻriyapti…

— Shunaqami? Mayli, tungi klubga borganingni qoʻyib turaylik… Bir savolimga javob ber! Mabodo Xushvaqt kelmadimi?

— Xushvaqt? — beixtiyor boshini koʻtarib otasiga qoʻrqinch aralash boqdi Marjona. — Y-yoʻq…

— Qiziq. Men shuncha izladim, yoʻq. Yigitlar negadir shu tomonlarga qarab yurganini aytishgandi…

— Bilmasam… Bu yerda nima qiladi u?

— Yaxshi, — dedi Bek aka qovogʻini uyib. — Kelmagan boʻlsa, kelmagandir. Biroq oʻshanga aytib qoʻy, men uni dala hovlida kutaman!

Marjona indamadi. Bilardi. Otasi hammasidan xabar topgan. Endi Xushvaqtning holiga voy. Baribir jazo topadi. Nima qilsin? Uni qanday qilib jazodan qutqarsin?

Otasini kuzatib orqaga qaytgach, u chopqillagancha yotoqqa kirib shkafni ochdi.

— Men hammasini eshitdim, — Xushvaqt boshini changallagan koʻyi yoʻlakka chiqib qoʻliga portfelini oldi. — Mayli, sen xavotir olma. Peshanaga yozilganini koʻraveramiz.

— Yoʻq, — dedi Marjona uning yoʻlini toʻsib. — Ular sizni oʻldirib yuborishadi. Men bunga yoʻl qoʻya olmayman!

— Xoʻsh, nima qil deysan unda?

— Qochib ketamiz. Uzoq-uzoqlarga.

— Jinni boʻlganmisan? — qoʻl siltab qoʻydi Xushvaqt. — Otangni bilmaysanmi? Bizni yerning tagidan boʻlsayam topadi-ku!

— Mayli, topguncha harakat qilamiz. Men sizni ularning qoʻliga topshirib qoʻymayman.

— Boʻpti, unda narsalaringni ol! Qochish boʻlsa qochish-da! Ketdik!

* * *

Oriyatni unutgan Mardonni shu lahzalarda akasining achchiq qismati mutlaqo qiziqtirmas, qalbida jigarchilik hislari butkul soʻngandek edi. U hamon Marhamatning atrofida girdikapalak. Mahalla-koʻyning gap-soʻzlariga ham beparvo. Oʻzicha toʻy harakatini boshlab yuborgandi. Faqat… Marhamatni uy ichiga yashirgan. Milisalar qidirayotganini bilgani sababli oʻta ehtiyotkorlik bilan ish tutardi…

Mardonning uyda Marhamatni berkitib oʻtirganini qishloqdagilar bilishmasdi, chogʻi. Mana, soat kechki toʻqqizga bong uribdi hamki, tinchlik. Botir doʻkondorning hovlida kuymalanishini, oʻchoq boshida turib olgancha ketma-ket aroq ichib shivir-shivir qilganicha boʻlgʻusi kuyovni tabriklashlarini aytmasa, bu xonadonda xotirjamlik hukmron edi…

Oradan yarim soatcha oʻtib darvoza oldiga mashina kelib toʻxtaganday boʻldi-yu, Mardon Botir doʻkondorga yashirinishni qoʻli bilan ishora qilib oʻzi tashqariga yoʻl oldi.

Bek aka ekan.

— Oʻ, tayyorgarlik zoʻr-ku!.. — xoxolab kulgancha Mardonni bagʻriga bosdi u. — Baribir aytganingdan qolmabsan-da-a, bola?!

— Ha, endi… Koʻngil ketdi-da, aka! — aybdorona bosh egdi Mardon.

— Akangning yuziga oyoq qoʻyib bekor qilding! Buning oqibati yaxshi boʻlmaydi.

— Iltimos, akamdan gap ochmang, aka! — dedi Mardon qovogʻini uyib. — Mening unday akam yoʻq.

— Bekorlarni aytibsan. Endi senam, akangam mening xizmatimda boʻlasanlar. Qarshilik qip koʻr-chi! Men bekorga orqalaringdan halakaning itiday chopib yurganim yoʻq. Agar meni zarracha hurmat qilsang, akang turmadan qaytganidan soʻng oyoqlariga bosh urib kechirim soʻraysan. Hozir esa anovi qanjiqni tezda daf qil! Aks holda oʻzim kirishaman… Undaylarni-chi, xunasalargina xotin qiladi. Albatta… Bu gapning akangga aloqasi yoʻq… U adashgan… Adashgan…

— Nega endi kechirim soʻrashim kerak?

— Unga qancha xiyonatlar qilding? Bu ishlaringni Xudoyam kechirmaydi, bola!

— Koʻnglim… sovib ketgan-da, aka! — dedi Mardon darvoza tomonga hissiz nigoh tashlab. — U meni tashlab ketgan, axir!

— Koʻngilni isitish qiyin ish emas. Shuni bilginki, akang — oʻz ishining ustasi. Haqiqiy professional! Bundaylarni hurmat qilish, qadrlash kerak. Agar uning oʻrnida sen boʻlsang, allaqachon oʻlib ketarding. Shunday ekan, fursat borida undan baʼzi narsalarni oʻrganib qol, xizmatida boʻl!

— Xoʻp boʻladi!

— Mana bu boshqa gap. Qani, endi yur, meni kuzatib qoʻy!

— Ie, osh boʻlyapti… Oʻtirmaysizmi?

— Bu oshingni itlarga tashla! Men qanjiqlarga atalgan oshga qarab ham qoʻymayman. Oshning haqiqiysini akang qaytganidan keyin menikida yeymiz. Yur!

Mardon dahliz tomon bir qur nazar tashlab oldi-da, Bek akaning ortidan ergashdi…

* * *

Dunyoda tasodiflar koʻp. Lekin Mardon bugungiday kutilmagan uchrashuv taqdirida borligini bilganida…

U Bek akaning oldiga tushib qorongʻilikda koʻchadagi oynalari qoraytirib tashlangan oppoq “Mersedes”ning eshigini ochdi. Bu uning boʻlgʻusi xoʻjayinga ilk xushomadi edi…

Ochdi-yu…

Bek aka negadir shu gal oʻzi bilan hech kimni olib kelmagandi. Bir oʻzi yoʻlga chiqqandi.

Aksi boʻladi, shekilli?..

Mashinada oʻtirgan tanish chehrani koʻrib, bazoʻr oʻzini tutib qoldi…

Orqaga tislangan koʻyi yetib kelib mashina eshigiga qoʻl choʻzgan Bek akaning yelkasidan tutdi…

— Ha, qoʻrqib ketdilaringmi?.. — epchillik bilan mashinadan tushib kelgan Matnazar qoʻlidagi toʻpponchani ukasining tomogʻiga tiradi. — Toʻyga aytay ham demaysan, ukajon! Nahotki, goʻdakligingdan seni katta qilgan akangni toʻyga aytmasang? Bu adolatdan emas…

— Hoy, bola, oʻzingni bos, oʻzingni bos, — qoʻrqib ketgan Bek aka xiyla orqaga tislanib oʻng qoʻlini Matnazar tomon choʻzdi. — Ahmoqlik qilma! Ahmoqlik qilma!

Unga javoban Matnazar toʻpponchani Mardonning tomogʻidan olib bir qoʻli bilan uni mahkam boʻgʻib olgancha Bek akaga oʻqtaldi…

* * *

— Vey, ahmoqlik qilma! Oqibati yaxshi boʻlmaydi! Matnazar, qoʻy! Qoʻlingdagini choʻntakka sol!

Peshanasiga qurol oʻqtalganda odamning qay ahvolga tushishi yolgʻiz oʻziga ayon. Bek akaning miyasidan ne oʻylar kechayotganini bilmaydi-yu, Matnazarning oʻzi shu tobda bir ahvolda qolgandi. Na tepkini bosishni, na toʻpponchani qaytarib choʻntakka solishni bilar, tinimsiz titrar, hansirardi.

Bir mahal u kimningdir qattiq turtkisidan yerga agʻdarilib tushdi. Nimalar boʻlayotganiga fahmi yetmay, ustiga kelib tushgan kimsaning yoqasidan boʻgʻib oldi. Ammo shu zahoti boʻshashib uni qoʻyib yubordi. Mahalla oqsoqoli Haydar aka ekan.

Matnazar uni qachonlardan beri koʻrmagandi. Keksayib, soqoli oqaribdi.

— Esingni yeganmisan? — ovozini xiyla pasaytirib urisha ketdi oqsoqol. — Bir marta odam oʻldirib it azobini koʻrganingni unutdingmi? Tagʻin… Onang rahmatli oʻtgan yerda qon toʻkmoqchisan… Jinni boʻlma!

— Bu odam meni sotgan, — dedi Matnazar yerda dumalab yotgan toʻpponchani arta-arta choʻntagiga joylab. — Shu yaramasning dastidan it koʻrmagan kunlarni koʻryapman.

— Sen yanglishyapsan, — uning soʻzini boʻldi Bek aka sal oʻziga kelgandek u yoq-bu yogʻini toʻgʻrilarkan. — Agar haqiqatni anglab yetsang, bu gaplarni gapirganingga ming pushaymonlar yeysan. Kel, ginalarni unutaylik! Hozir menikiga boramiz-u, hammasini obdon gaplashib olamiz.

— Manovi goʻrsoʻxta nima qilib yuribdi bu yerda? — Mardonga ishora qildi Matnazar. — Nima ishi bor ekan?

— Ie, nega haqorat qilasan? Bola sal yoshlik qip qoʻydi. Koʻrib turibsan-ku, oʻziyam xijolatda… Nima boʻlgandayam jigaring. Haqorat qilmagin. Mana koʻrasan, bu yigit hali shunday ishlarni qilsinki, koʻrib oʻzingam xursand boʻlasan. Xoʻsh, boramizmi menikiga?

— Menga baribir. — dedi Matnazar qoʻl siltab. — Turma nima-yu, sizniki nima?!. Bari bir goʻr!

— Mayli, hozircha nima desang deb tur! Keyin oʻzingga kelasan. Ketdik!

— Men keyinroq borsam boʻladimi? — mashina tomon yoʻnalgan Bek akaga shivirladi Mardon. — Haligiday…

— Boʻpti, faqat men aytganday qilgin! Haddingdan oshma! Bir soat ichida hammasini risoladagiday hal qilgin-da, tez yetib borgin!

Mashina oʻrnidan qoʻzgʻalgach, Haydar oqsoqol chopqillagancha uyiga kirib ketgan Mardonning ortidan hayrat va vahima aralash qarab qoldi.

Biroq orqasidan kirmadi.
(davomi bor)

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nomahram... (16-qism)