Gʻaroyib hodisalar izidan: “Yomonlardan asrovchi dogʻ”

  • 12-10-2018, 13:10
  • 914
  • Hayot tarzi
  • Gʻaroyib hodisalar izidan: “Yomonlardan asrovchi dogʻ”
    — “Bilagimda uchburchak shaklidagi gʻalati dogʻ paydo boʻlganda, — deydi anapalik Vadim Grachev. — Juda qoʻrqib ketdim. Uni qanday boʻlmasin, yoʻqotish harakatiga tushdim. Ammo keyinchalik dogʻ oʻz yoʻlimni topishimga koʻmak berdi…”

    ZAIF VRACHLAR

    — Yordam bera olmayman, — qoʻl siltadi vrach. — Fikrimcha bu dogʻ unchalik qoʻrqinchliga oʻxshamaydi. Vaqti kelib bir kun oʻzi yoʻqolib ketadi…

    Doʻxtirning gapini eshitib, Vadimning jon-poni chiqib ketdi. Axir, mana, beshinchi marotaba poliklinikaga qatnashi. Har safar shu gap…

    Dogʻ kunlarning birida toʻsatdan paydo boʻlgandi. Vadim koʻrdiki, bilagida uchburchak shaklidagi dogʻ hosil boʻlibdi. U yana yaxshiroq tikilib qaralsa, qandaydir mifologiyaga oid suratni ham eslatib yuboradi. Eng yomoni, har kuni ertalab bilagini dogʻ qattiq kuydirardi. Vadim chiday olmas, tishlarini tishlariga bosgancha to ogʻriq oʻtib ketmaguncha qotib oʻtirishga mahkum edi. Doʻxtirlar boʻlsa, analiz olishar va qoʻl siltashdan nariga oʻtishmasdi.

    Shunday kunlarning birida doʻxtirlardan biri kutilmaganda shunday deb qoldi:

    — Uka, bu dogʻ Skandinaviya miflariga tegishliga oʻxshaydi. Bilasizmi, qadimda alohida odamlar xuddi shunga oʻxshash uchburchaklarni bilaklariga chizib yurishgan…

    — Men ham ilgari mifologiya bilan biroz shugʻullanib koʻrganman. — dedi Vadim. — Lekin bunaqangi narsalar haqida eshitmagan ekanman…

    SIRLI BЕLGI

    Vadim tinchini yoʻqotdi. Toʻgʻri-da, haqiqatan afsonaviy dogʻ boʻlib chiqmasin bu narsa…

    Kutubxonaga bordi-da, skandinaviya afsonalariga oid barcha kitoblarni uyiga olib keldi. Erinmasdan ularni birma-bir varaqlay boshladi. Nihoyat topdi. Xuddi bilagidagi dogʻlarga oʻxshab ketadigan alohida belgilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarga koʻzi tushib toʻlqinlanib ketdi. Baʼzan dogʻning qattiq kuydirib qoʻyayotganini ham unutdi…

    Ana, uchburchak shaklidagi dogʻ surati…

    Maʼlum boʻlishicha, bu dogʻ negadir “Aard” belgisi deb nomlangan ekan. Maʼnisini tushunmasa-da, dogʻ bilan yaqindan tanishishda davom etdi. Bu belgi ilgari faqat turli yomon niyatli odamlar, tirik murdalar hamda vampirlar bilan bemalol kurasha oluvchi kimsalargagina qoʻyilgan. Belgi qoʻyilgan odam yuqoridagi majburiyatlarni boʻyniga olishi lozim boʻlgan. Albatta, Xudoning oʻzi unga koʻmak berib turgan. Garchi, Vadimning nazarida bu gaplar afsonaga oʻxshab tuyulsa-da, haqiqatmi-yoʻqmi, shuni oʻzida sinab koʻrmoqchi boʻldi.

    — “Koʻraman, — dedi oʻziga oʻzi. — Agar rostakamiga men begunoh odamlarni yomonlar hamlasidan qutqara olsam, demak, kitobdagi yozuvlar haqiqat boʻlib chiqadi…”

    Vadim bir necha kun kuzatib yurdi. Dogʻ uni qay payt va qayerlarda kuydira boshlashini tekshira boshladi.

    Bir kuni yoʻlda ketayotib, birdan bilagini dogʻ kuydira boshladi. U bazoʻr chidab yon atrofiga razm soldi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, tor koʻchalardan birida uch barzangi yoshgina qizni oʻrtaga olib doʻqlayapti. Birining qoʻlidagi pichoq qizchaning tomogʻiga qadalgan.

    — Ana endi oʻzingdan koʻr, — dedi ulardan biri qizga. — Onang aytganimizga koʻnmadimi, endi seni tinchitib ketamiz…

    Vadim qanday tezlikda yigitlarning oldiga borib qolganini oʻzi ham sezmay qoldi. Shu tobda bilagida paydo boʻlgan nomaʼlum kuch qizchani qutqarishga yordam berdi. Barzangilarni birma-birerga dumalatib, qizning qoʻlidanetaklagancha uyiga olib bordi. Onasi prokuror ekan. U juda qaltis jinoiy ishni koʻrayotganda, kimlardir uni qoʻrqitib, agar aytganlariga koʻnmasa, qizidan ayrilishi muqarrarligini taʼkidlashgan ekan…

    Ana oʻsha voqeadan soʻng dogʻ oddiy emasligiga amin boʻldi. Har kuni yoʻl-yoʻlakay yomon odamlarni oʻzicha qidiradigan, begunohlarni qutqarishga oshiqadigan boʻldi.

    Oradan bir haftacha oʻtib, avtobus bekatida tursa, yana bilagi kuya boshladi. Shoshib atrofni kuzatdi. Qarasa, katta yoʻlni oʻn uch yoshlar atrofidagi bolakay kesib oʻtyapti. Qoʻlida kitob. Oʻqishga shu qadar berilib ketganki, mashinalar bilan umuman ishi yoʻq. Vadim hovliqib qarama-qarshi tomonga koʻz tashladi. Uzoqdan bir mashina juda katta tezlikda uchib kelardi. Jonholatda bola tarafga qarab chopdi. Bu orada mashina hametib kelib qattiq tormoz berdi. Xayriyatki, Vadim bolani qutqarib qolishga ulgurdi. Mashina boʻlsa, yoʻl chetiga chiqib agʻdarildi.

    Xullas, Vadim endi ogʻriqlarga ham eʼtibor bermay qoʻydi. Qanchalik joni ogʻrimasin, bu dogʻ bilan ichida faxrlanadigan, koʻngilsizlik kutayotgan odamlarga yordam berish uchun oshiqadigan boʻldi.

    U ajdodlari qoldirib ketgan bunday qimmatbaho merosga ega boʻlganidan juda baxtiyor edi.
    Anna BONDARЕNKO
    Rus tilidan Olimjon HAYIT tarjimasi

    Manba: Hordiq.uz

    » » Gʻaroyib hodisalar izidan: “Yomonlardan asrovchi dogʻ”