18:37 / 26.01.2019
4 868

Himmat va illat

Himmat va illat
Oʻng tarafiga yangi qoʻshni koʻchib keldi-yu, bu ayolning tinchi buzildi. Erkak qoʻshni tish doʻxtiri, xotini esa uy bekasi ekan. Ayol qoʻshni deyarli koʻchaga chiqmas, mehmondorchilik yoki qarindosh-urugʻlarinikiga borsa ham oilasi, bolalari bilan borib kelardi. Bir-ikki marta kunduzi “bir gʻiybatlashay”, deb kirganida uni Qurʼon oʻqiyotgani ustidan chiqdi. Roʻparasida bir muddat poylab oʻtirdi.

– Uzr qoʻshni band edim, biror kun bemalol choylasharmiz-a, – dedi qoʻshnisi kitobdan bosh koʻtarib.

Ayolning achchigʻi chiqdi. Oradan bir-ikki kun oʻtkazib, bir nimani bahona qilib kirganida esa suhbatlari qovushmadi. Bir hamsoyasidan shikoyat qilib: “Men uni Xudoga soldim”, deya gap boshlagan edi, qoʻshni ayol: “Har bandaning hukmi Allohning qoʻlida. Birovning aybu nuqsonini muhokama qilib oʻtirish siz bilan bizning ishimiz emas, undan koʻra bolalaringizga yaxshilik, oilangizga baraka soʻrab duo qiling. Musulmonlik farzlaringizni bajaring, namoz oʻqing, keng feʼl boʻling”, deya nasihat qildi.

“Kechagina mahallamizga koʻchib kelib, bugun menga aql oʻrgatyaptimi bu xotin”, degan oʻy ich-etini tirnab, uyiga qaytdi. Oʻzini bosishga harchand urinmasin, sira eplay olmadi. Ustiga ustak “Nega uning roʻzgʻori badastir, nimaga u boy-badavlat kishiga turmushga chiqqanu, mening erimni ishi yurishmaydi”, degan xayollar, “Ha, hamma narsasi yetarli, boy-da, bu kambagʻalga nima desam ham boshini egib oʻtiradi, deb oʻylayapti shekilli”, degan oʻylar unga tinchlik bermasdi. Toʻrtinchi kuni “Bir adabini beray, sira esidan chiqmaydigan saboq boʻlsin, oʻz-oʻzidan boʻyni qisilib qoladi hali”, deya reja tuza boshlagan ham ediki, darvozasi taqillab, qoʻshni ayol kirib keldi.

– Assalomu alaykum, opa, yaxshi oʻtiribsizlarmi? Qoʻy soʻygandik, goʻshtidan sizlarga ham ilindik, – dedi qoʻlidagi xaltani uzatib.
Shaytoniy oʻy uning ich-etini tirnab oʻtdi: “Endi sadaqamga muhtoj deb oʻylayaptimi?”

– Kerakmas, bekorga ovora boʻlibsiz.
– Nega unaqa deysiz, qoʻshni haqi bu, olmasangiz xafa boʻlaman.

– Biz qoʻy goʻshti yemaymiz, – tilidan shu gap uchdi-yu, oʻzi ham xursand boʻlib ketdi: – Ha, qoʻy goʻshti yemaymiz, bolalarim hidi bor deyishadi, oʻzimning qon bosimim oshib turadi. Boshqalarga beraqoling. Buni yeb tagʻin “Tez yordam” chaqirib oʻtirmaylik...

– Sizga atab olib chiquvdim, oʻzingiz yemasangiz boshqa birovga berarsiz, oling endi shuni, – qoʻshni ayol qoʻlidagi goʻshtni ayvondagi muzlatkich ustiga qoʻymoqchi boʻldi.
– Yoʻ-yoʻ-yoʻ, kerakmas dedim-ku, obketing buni, qoʻymang bu yerga! Boʻlmasa hidi hamma yoqni tutib ketadi hozir!

U shosha-pisha paketni olib qoʻshnining qoʻliga tutqazdi. Ayol muztar bir ahvolda qaytib chiqib ketdi. “Gʻururim oʻlsin, olaversam boʻlmasmidi, bu yoqda erimning ishlari oʻlda-joʻlda boʻlib yotibdi. Roʻzgʻorimda tishga bosadigan bir boʻlak goʻsht ham yoʻq aslida”, degan oʻyda oshxonasiga kirdi. Yarim kilo kartoshka, ikki dona piyoz, uch-toʻrtta bujmaygan sabzidan boshqa hech narsa yoʻq. “Ochimdan oʻlsam ham bu xotinning qoʻlidan narsa olib yemayman”, deya yana oʻzini oʻzi ovutdi. Piyozni jizillatib, ustidan kartoshkani tashlab apil-tapil qovurdi-da, suv quyib, bir siqim guruch bilan mastava qilib qoʻya qoldi. Shu mahal qoʻshnining hovlisidan chiqqan qovurdoq isi dimogʻiga urildi. Birdan yana jahli chiqib ketdi. “Qoʻy soʻydim deb maqtanishinichi, hali men ham senlar kabi boy boʻlib qolarman”...

Ertasi kuni mahalla oqsoqoli eshik qoqib keldi.
– Mahalladan yordam puli soʻragandingiz, uning ilojini qilolmadik, lekin oilangiz uchun bir homiy topdik. Faqat kimligini aytishimizni istamayapti, – oqsoqol shunday deya mashinasi yukxonasini ochdi: – Manavilarni tushirib oling. Mahalladan yordam...

Ayolning roʻzgʻori anchadan beri bunchalik but boʻlmagan edi. Qanday badavlat odam ekan-ki, sabzi-piyozidan, sovunidan tortib, yogʻi, lahm goʻshtu unigacha unutmabdi. Yana bozordagi eng sarxil meva-sabzavotlardan olganini aytmaysizmi?
– Raisbuva, mana shu arizani bir koʻrsangiz, – dedi u oqsoqolni kuzatayotib.

Turgan joyida arizaga koʻz yugurtirgan mahalla raisi unga taajjublanib qararkan:
– Esing joyidami? Bu qoʻshning tish doʻxtiri boʻlsa, mahallada hammaga yaxshilik qilsa, sizlargayam... – rais birdan jim boʻldi-da, e hayf senga, degandek qoʻl siltadi.

– Boy boyga boqar boʻlmasin oqsoqol, – dedi ayol. – Agar arizamni eʼtiborga olmasangiz yuqoriga yozaman, yuqoriga... Oʻz koʻzim bilan koʻrdim xotini eskicha kitob oʻqiydi, meniyam namoz oʻqigin deb daʼvat qildi.

– Yomon yoʻlga yur demabdi-yu...
– Ho-o-o, ertadan keyin roʻmol oʻra deydi, keyin birorta oqimga roʻpara qilib qoʻysa, boshimni qaysi toshga uraman.

Koʻzlari chaqchayib-chaqchayib gapirayotgan ayolning soʻzlarini jimgina eshitgan rais, boshini egib, ogʻir xoʻrsinganicha arizani papkasiga soldi.
Uni kuzatgan ayol sergoʻsht, seryogʻ palov, goʻshtli somsa pishirdi-da katta chinni kosaga oshdan bosib hamsoyasining eshigini taqillatdi.

– Bizniyam roʻzgʻorimiz butun, qoʻshni, mana yogʻliqqina palov qildim, sizgayam ilindim, qoʻshni haqi! – dedi biroz iddao aralash ohangda.
– Baraka toping, Alloh rozi boʻlsin sizdan. Roʻzgʻoringizga baraka bersin.

Qoʻshni ayol oʻzgacha bir mamnunlik bilan uning qoʻlidan kosani oldi. Alqay-alqay idishini boʻshatdi, meva-chevalar bilan oʻrnini toʻldirdi.
– Bolalarga olib chiqing, qoʻshni, biram suyuntirdingiz meni...

“Tavba, uyida hamma narsasi yetarli boʻlsayam, koʻzi och ekanmi buning, bir kosa oshga shuncha suyunadimi odam”, deb oʻyladi ayol...
– Arizam nima boʻldi raisbuva, bu qoʻshnimning uyini hech kim tekshirmayapti-ku. Mahalla bedarvozami endi? Yoki sizniyam ogʻzingizni moylab qoʻyishdimi bular?

– Baraka topgur, bundan yaxshi qoʻshnini topolmaysiz, – dedi oqsoqol. – Kerakli joydan kelishdi, surishtirishdi. Bir yaxshi odamlar ekan. Bekorga tuhmat qilyapsiz qoʻshningizga. Ustiga-ustak ular sizga... – rais yana jim boʻlib qoldi.

Ayolning oqsoqoldan hafsalasi pir boʻldi. Arizasini koʻtarib tuman markaziga bordi. Viloyatga chiqdi... Bu orada qoʻshnisining uyiga besh-olti marta poʻrim kiyingan, papka koʻtargan kishilar kelishdi. Qoʻshni ayolni allaqaysi idoraga suhbatga chaqirishgani haqida mahallada shivir-shivirlar kuchaydi. Ikki marta “Tez yordam” mashinasida uni kasalxonaga olib ketishdi. Buni koʻrib: “Mana shunaqa boʻladi qoʻshnini mensimaslik, hali boyliging ham senlarga yordam berolmaydi”, degan oʻyda ayolning koʻngli koʻtarilaverdi...

– Eshitdingizmi, tish doʻxtirimiz koʻchib ketayotgan ekan, qoʻshni ayol kasalxonadan toʻgʻri yangi uyiga ketganmish, – degan gapni qoʻshnilaridan eshitganida koʻngli yana bir gaz oʻsdi.
– Ajab boʻpti, oliftagarchiligini boshqa joyga borib qilsin, oʻzi bizni mahallamizga bop odamlar emasdi ular, allambalo eskichami...– dedi tirjayib.

Bu gapdan koʻngli koʻtarilib, oʻz-oʻzicha xirgoyi qilib, yogʻliqqina osh qilay degan oʻyda oshxonasiga kirdi-yu, bir yarim yil ichida birinchi marta goʻshti qolmaganini, roʻzgʻorining barakasi uchganini koʻrdi.

Bir kun poyladi, ikki kun poyladi, har oyda ikki marta xabar oladigan oqsoqolning qorasi koʻrinmadi. Oxiri “Raisbuva homiyning menga ajratgan narsalarini oʻzi uyiga olib ketgan boʻlmasin tagʻin, chiqib bir poʻstagini qoqib kelay”, degan oʻyda vajohat bilan mahalla idorasiga otlandi.

– Sizlarga homiylik qilayotgan odam yon qoʻshningiz edi, – dedi oqsoqol. – Baraka topishsin imonli-insofli kishilar edi ular. Er-xotin: “Biz yaxshi yeb-ichib, qoʻshnimiz yovgʻon shoʻrva bilan kun koʻrmasin, oʻzimga roʻzgʻor qilganimda ularga ham qoʻshib olaman, faqat biz berayotganimizni aytmang, tagʻin koʻngli oʻksimasin”, deb qattiq tayinlashgan edi. Siz esa ularga sira tinchlik bermadingiz. Qoʻshnilar hamma yomonligingizni koʻrib-bilib turib ham sizga yaxshilik ilinaverishdi. Gʻiybat qilganingiz yetmagandek, tuhmat ham qildingiz. Unday qilmang, degan gapimizga sira quloq solmadingiz. Oxir-oqibat bechora qoʻshnilaringiz mahalladan koʻchib qutilishdi... Hayot shunaqa, Alloh bizga kimni vosita qilib rizqu nasiba berayotganini unutib, baʼzida shunday noshukrlik qilamiz...

Ayol rais yana nimalar deganini eslolmaydi, u nima deyarini bilmay qolgandi. U karaxt bir ahvolda edi.
Hamroxon MUSURMONOVA

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Himmat va illat