Baxtli boʻlishni istaysizmi?

  • 04 mart 2019, 14:30
  • 2 216
  • Hayot tarzi
  • Baxtli boʻlishni istaysizmi?
    Inson yaralibdiki, yaxshilikka, baxt-saodatga intilib yashaydi. Odamlarni birlashtirib turgan yakkash orzu bu - shubhasiz baxtli boʻlish orzusidir. Biroq inson oʻzini baxtli his qilishi uchun taqdirdan sovgʻa kutish emas, baxtni oʻz qoʻllari bilan yaratishi lozim. Zotan har birimiz oʻzimizni toʻla baxtli his qilishimiz uchun yetarli asosimiz bor. Bu shunchaki balandparvoz gap emas, aksincha ruhshunoslar, faylasuflar va butun insoniyat amin boʻlgan gap. Keling, siz bilan bugun oʻzini baxtli his qilishning juda oddiy va biz ilgʻamayotgan besh jihatini muhokama qilamiz.

    1. Yaqinlaringizga minnatdorchilik maktublari yoʻllab turing
    Yaqinlaringizga dil izhoringiz bitilgan joʻnatilmalar (Sms xabarchalar, ijtimoiy tarmoqlar orqali xabarlar yoki qogʻozga bitilgan maktublar) joʻnatib turing. Buning uchun qandaydir sabab, bayram yoki tugʻilgan kun boʻlishi shart emas. Hol-ahvol soʻrashish, koʻnglingizga xush yoqqan sheʼriy misralarni yoʻllashingiz mumkin. Ota-onangizga sizga gʻamxoʻrlik qilayotganlari uchun minnatdorchilik bildirishingiz, juftingizga muhabbatingizni izhor qilishingiz yoki u bilan kechayotgan baxtiyor hayotingiz uchun tashakkur aytishingiz, farzandlaringizga ularni juda yaxshi koʻrishingizni, doʻstlaringizga ularga istagan paytingizda maʼnaviy suyanishingiz mumkinligidan mamnunligingizni yozishingiz mumkin. Va aynan ana shunday mayda-chuyda, koʻz ilgʻamas, ammo munosabatlarni mustahkamlovchi holatlar kishi oʻzini baxtiyor his qilishi uchun muhim ahamiyat kasb etadi.

    Minnatdorchilik shunday tuygʻuki, u insonga kimgadir kerakligini anglatadi va oʻzini atrofidagilarga kerak deb bilgan kishi oʻzini mamnun his qiladi. Kaliforniya psixologiya Universitetining professori Robert Emmons oʻzining “Tashakkur” nomli kitobida atrofidagilardan minnatdorchilik hissini olgan inson boshqalarga nisbatan oʻzini bir necha barobar baxtiyor his qilishi haqida yozadi. Olim bir guruh koʻngillilar yordamida 10 hafta mobaynida oʻtkazgan tadqiqotida aynan minnatdorchilik xabarlarini joʻnatish, qabul qilish va uning taʼsiri natijasini kuzatishni yoʻlga qoʻyadi va uning tadqiqoti ijobiy samara beradi.

    2. Kun mobaynida roʻy bergan 3 ta qiziqarli holatni esda tuting
    Baxtni juda katta narsalar bilan belgilamang. Kundalik hayotingizdagi oddiy va joʻn holatlar zamirida ham sizning nechogʻli saodatli ekaningiz yotishini unutmang. Tongda sogʻ-salomat uygʻondingiz, juftingiz siz uchun tansiq taom hozirladi yoki bugun anchadan beri xarid qilishni moʻljallab yurgan narsangizni sotib oldingiz. Bular oʻzingizni baxtli his qilishingizga asos emasmi? Axir tongda uyqusidan uygʻonmagan yoki sogʻ-salomat kunni qarshilay olmaydigan, yegisi kelayotgan yegulikka ogʻzi tegmayotgan, yillar davomida oʻzi orzu qilgan narsani xarid qilolmay yurgan kishilar kammi? Agar eʼtibor bilan sanasangiz, bir kunda atigi uch martagina emas, balki koʻp marotaba bizga baxt hadya etadigan holatlarga tushamiz.

    3. Atrofingizdagilarga muruvvatli boʻling
    Baʼzan yechilishi qiyin moliyaviy muammolaringiz tuguni kutilmaganda doʻstlaringizning yordami bilan yechilsa, oʻzingizni nihoyatda baxtiyor, himoyada his qilasiz. Shuni unutmangki, sizga yordam berib mushkulingizni oson qilgan doʻst yo yaqiningiz bu muruvvati bilan sizdan-da koʻproq oʻzi mamnunlik tuyadi. Vaqt-vaqti bilan yaqinlaringizga, doʻst-yorlaringizga, boring-ki, yetti yot begonalarga yordam qoʻlini choʻzish ham oʻzingizni baxtiyor his qilishingizga koʻmaklashadi. Buning hech qiyin joyi yoʻq va bunday xayrli ishlar uchun qandaydir sabab kutish shart emas. Ehtiyojmand tanishingiz yo hamkasbingizga biroz miqdorda moddiy yordam qilish, biror yaqin insoningizni bejirim sovgʻa bilan yoʻqlash yoki doʻstlaringizni tushlikka taklif qilish bilan siz oʻzingizni baxtli his qilish imkoniyatiga egasiz. Shu oʻrinda, ruhshunoslarning “Qancha koʻp bersang, shuncha koʻp olasan” degan iborasi yodga tushadi.

    4. Orzu qilishdan toʻxtamang
    Gʻarb falsafasida shunday ibora bor: “Biz - oʻzimiz kutgan narsalarda yashaymiz”. Sharq falsafasi esa, “... Ne istarsan oʻzingda bil”, “Niyatingda taqdiring aks etadi” deydi. Demak, ezgu orzu-niyatlarimiz qancha koʻp boʻlsa, baxt ham bizni shu qadar koʻp chulgʻaydi. Orzularga berilgan sari, biz hayotimizni oʻsha orzularimizga qarab moslashtirib boraveramiz, jumladan xatti-harakatlarimizni ham. Harakat qancha dadil boʻlsa, orzu ushalishi ham shunchalik tezlashadi. Faqat orzu qilishda ehtiyot boʻling; orzuingizni muammoingizga aylantirmang, shunda siz kutgan baxt qushi boshingizga qoʻnishi oson boʻladi.

    5. Sevgan ishingiz bilan shugʻullaning
    Ishingizni, kasbingizni sevasizmi? Unda sizdan baxtli inson yoʻq ekan! Koʻp yillik tadqiqot va kuzatuvlar inson oʻzini baxtiyor, mamnun va xursand his qilishi uchun oʻzi sevgan ish bilan shugʻullanishi kerak, degan fikr haqqoniyligini isbotlagan. Agar ishingizni sevmasangiz va undan faqat pul topish, tirikchilik manbai sifatida foydalanayotgan boʻlsangiz-u, hanuzgacha biror bir yutuqqa erishmagan boʻlsangiz, zudlik bilan ishingizni almashtirishingiz va oʻzingiz yoqtirgan mashgʻulot bilan mashgʻul boʻlishingiz tavsiya etiladi. Bundan tashqari, xobbi - sevimli mashgʻuloti bor kishilar ham boshqalarga nisbatan oʻzlarini koʻproq baxtiyor his qilishlari tasdiqlangan.

    Eng muhimi, siz baxtli boʻlishni astoydil istang va oʻz-oʻzingizni seving, oʻzingizni, atrofingizdagilarni baxtli qilishga intilib yashang. Esingizda boʻlsin, inson nimanidir qattiq xohlasa, unga butun borliq niyatiga erishishida yordam beradi.

    » » Baxtli boʻlishni istaysizmi?