17:20 / 05.05.2024
393

Tarixdagi eng mashhur ikki tomonlama josuslar

Tarixdagi eng mashhur ikki tomonlama josuslar
Ikkinchi jahon urushidan keyin sotsialistik lager lideriga aylangan SSSR ikkinchi qutb sifatida G‘arb bilan to‘qnash kela boshlaydi. Shunda har ikki tomon josuslik o‘yinlariga zo‘r beradi. Bu raqobatda ko‘proq G‘arb yutib chiqadi. Chunki G‘arb o‘lchovlari bilan baholaganda, arzimagan maoshga ishlovchi KGB xodimlarini katta pul evaziga sotib olish oson edi. G‘arbdan esa faqat sovet targ‘ibotiga uchgan shaxslar KGBga xizmat qiladi.

G‘arb va SSSR o‘rtasidagi josuslik o‘yinlari tarixiga nazar tashlansa, KGB hamda sovet tashqi razvedka boshqarmasi (GRU) xodimlaridan juda ko‘pchiligi AQSH yoki Yevropa davlatlariga qochib o‘tganini ko‘rish mumkin.

Ularning aksariyati AQSH Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) yoki Britaniyaning MI xavfsizlik xizmati bilan hamkorlik qilgan. Shuningdek, aksincha MI va MRB xodimlari sovetlar foydasiga ishlagan.

KGB josuslarining G‘arbga qochib o‘tishlariga ayrim hollarda pul, boshqasida SSSRda zo‘ravonlik va ma’muriy buyruqbozlik ustiga qurilgan tuzum sabab bo‘lgan. G‘arbga qochib ketgan juda ko‘p KGB xodimlari sovet ittifoqidagi adolatsiz va zo‘ravon tuzumda yashashni xohlamaganini aytgan.

Ularning ayrimlari xizmatlari qadrlanmaganini sabab qilib ko‘rsatgan. Yoki nohaq jabr ko‘rgani uchun alamzada bo‘lishgan va G‘arbga qochib o‘tgan. Shunday bo‘lsa-da, ularga MRB yoki MI tomonidan katta miqdorda mukofot pullari to‘langan.

Shuningdek, G‘arb davlatlarida erkin jamiyat va yuqori maosh to‘langaniga qaramasdan ayrim hollarda SSSR foydasiga josuslik qilgan shaxslar ham uchrab turgan.

Ularning ayrimlari sovetlarning «butun dunyoni teng qilish» haqidagi puch g‘oyasiga uchgan bo‘lsa, boshqalari sovetlar tomonidan to‘langan mo‘may pulga qiziqqan.

Har ikki tomon bir-biriga qarshi josuslarni tayyorlar ekan, ular turli usullarda ishlardi. Masalan, “nolegal josuslar” deb ataladigan josuslar boshqa davlatga borgach, tamomila boshqa odamga aylanar va uning amerikalik yoki rus ekanini hech kim bilmasdi.

2020 yilda Rossiya federal xavfsizlik xizmati sovet davrida xorijda ishlagan ana shunday “nolegal josuslar”dan bir guruhini oshkor qildi. Ular G‘arb davlatlarida “ispan”, “fransuz” bo‘lib yashagan.

Yana bir toifa josuslar bor, ular ikki tomonga ham ishlaydi va ikki tomondan pul oladi. Bunday josuslar garchi o‘z davlatining xavfsizlik xizmatida ishlasa ham raqiblar bilan hamkorlik qiladi.

Bunday josuslar “ikki tomonlama josuslar” deb ataladi. Ikki tomonlama josuslikning boshlanishiga ham ba’zida pul, boshqasida esa ma’lumot almashib turish uchun raqib bilan hamkorlik sabab bo‘ladi.

Aslida ikki tomonlama josus bo‘lish juda xavfli ish. Bunda josus istalgan vaqtda tomonlarning biriga qo‘lga tushib qolishi ehtimoli yuqori. Biroq katta pul tufayli josuslar o‘z hayotlarini xavf ostiga qo‘yib bo‘lsa ham ikki tomonlama ishlagan.

Quyida G‘arb va sovetlar o‘rtasidagi keskin raqobat paytida ikki tomonlama ishlagan eng mashhur josuslar haqida so‘z yuritamiz.

Dushan Popov

Foto: alamy.com
Haqiqiy ism-sharifi Dushko Popov bo‘lgan Dushanning laqabi “Uch velosiped” edi. Bunday laqab olishiga uning uch tomonlama josusligi sabab bo‘lgan.

Agent 007 Jeyms Bondning prototipi aynan Dushan Popov uzun bo‘yli, xarizmatik va o‘ziga ishongan yugoslaviyalik advokat ikkinchi jahon urushi paytida Britaniyaning MI-6 xizmati uchun muvaffaqiyatli ishlagan.

Dushan nemis tilida ravon gapirgan va Gitlerdan nafratlangan holda u nemis razvedka xizmatlari bilan ham hamkorlik qilgan.

Britaniya razvedkasi Dushanga darhol ishonmaydi. Keyin esa uni yollash uchun ikki tomonlama josus bo‘lib ishlayotgan nemis zobiti Iogann Jebsendan voz kechadi.

Dushan MI-6 bilan shaxsan o‘zi ishlab chiqqan ko‘rinmas siyoh va kodlash yordamida aloqa qiladi. Nemis tomoni Jebsen fosh etilganda va u Dushanni “sotganda” ham u bilan hamkorlikni davom ettirishadi.

1941 yilda Dushan raketa tizimlari haqida ma’lumot olish uchun nemislardan ko‘rsatma oladi va AQSHga bordi. Josus u yerda darhol MRB direktori Edgar Guver bilan bog‘lanib, AQSH foydasi uchun ishlashga ham rozi bo‘ladi.

Shu tariqa u uch tomonlama josusga aylanadi. Biroq amerikaliklar uning nemislar bilan ham hamkorlik qilishini sezib qolishgach, Dushan bilan ishlashni to‘xtatishadi.

Hatto uning yaponlar tez orada amerikaliklarning Pyorl-Harbor bazasiga hujum qilishi haqidagi muhim ma’lumotini ham e’tiborsiz qoldirishadi.

Dushan yugoslaviyaliklar uchun Dushko bo‘lsa, nemis hujjatlarida u “Ivan”, britaniyaliklar uchun “Tritsikl” deb qayd etilgan.

1912 yilda tug‘ilgan Dushan Popov urushdan so‘ng uzoq yillar yashaydi va 1981 yilda Fransiyada vafot etadi.

Hali Dushan hayotlik chog‘laridayoq britaniyalik yozuvchi, Jeyms Bond haqidagi romanlar muallifi Yan Fliming o‘z asarlariga bosh qahramon sifatida aynan yugoslaviyalik josus faoliyatini asos qilib olgan edi.

Artur Ouens

Foto: warhistoryonline.com
Artur Ouens ham Dushan Popov kabi Ikkinchi jahon urushi yillarida bir vaqtning o‘zida Britaniyaning MI-5 va nemislarning Abver razvedka xizmati bilan hamkorlik qilgan.

Artur kemalar uchun akkumlyator ishlab chiqaruvchi kompaniyaga rahbarlik qilgan. U Britaniya flotining asosiy ta’minotchisi bo‘lish bilan birga Germaniya flotiga ham o‘z mahsulotlarini sotgan.

Artur MI-5 bilan hamkorlikni 1936 yildan boshlagan. O‘shanda u inglizlarga o‘zi akkumlyator sotgan nemis kemalari va ularning imkoniyatlari haqida ma’lumot yetkazgan.

Ko‘p o‘tmay nemislar ham u bilan aynan shu masalada aloqaga chiqishadi. Millati valliylardan (Uelsda yashovchi kam sonli etnik guruh) bo‘lgan Artur inglizlarni uncha yoqtirmagani uchun ham nemislar bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘ladi.

Artur ularga Britaniya kemalari haqida ma’lumot bera boshlaydi va shu tariqa ikki tomonlama josusga aylanadi. Nemislar uni “Jonni” va “Birmen” deb atashadi.

Keyinroq, Yevropada siyosiy vaziyat keskinlasha boshlagach Artur nemislarga pul evaziga Britaniya qurollari, aerodromlar, harbiy bazalar va omborlarning joylashuvi haqida ma’lumot beradi.

1939 yilda Germaniyaning Polshaga bostirib kirishi ortidan Britaniya bu davlatga urush e’lon qiladi. Shungacha Artur nemislardan olgan pullari hisobidan ancha mablag‘ ishlab olgan edi. U elektr jihozlari sotuvchisi niqobi ostida mamlakat bo‘ylab erkin sayohat qilardi va ma’lumot to‘plardi

Urush boshlangach Artur MI-6 bilan bog‘laydi va salmoqli miqdordagi mukofot pullari evaziga inglizlar bilan ham hamkorlik qila boshlaydi. O‘sha payda inglizlar uning nemislar bilan hamkorligi haqida bilmasdi.

Artur inglizlarga eng avval o‘zi ma’lumotga ega bo‘lgan nemis josuslarini “sotadi”. Uning yordami bilan Britaniya razvedkasi 120 dan ortiq nemis josuslaridan iborat tarmoqni fosh etishga muvaffaq bo‘ladi.

Artur juda ehtiyotkorona ishlardi. Shu sababli urush tugagach MI-6 uning nemislar bilan hamkorlik qilganidan bexabar qoladi. Artur esa urushdan so‘ng britaniyaliklardan salmoqli mukofot pullarini oladi va nafaqaga chiqadi.

Artur Ouens 1957 yilda 58 yoshida vafot etadi. Uning nemislar bilan hamkorlik qilgani o‘limidan so‘ng oshkor bo‘ladi.

Oldrich Eyms

Foto: alamy.com
Oldrichning otasi MRB xodimi edi. U maktabni bitirgach MRBga otasining yoniga boradi va markaziy idorada arxiv xizmatida ishlaydi. 1960-yillarda Oldrich universitetda o‘qish bilan birga MRBning u yerdagi “qulog‘i”ga aylanadi. 1969 yilda u MRB xodimi bo‘lgan Nensi Segebartga uylanadi. Bu paytda u MRBning to‘laqonli xodimiga aylanib ulgurgandi.

Oldrich KGB bilan hamkorlikni 1985 yilda boshlaydi. O‘shanda u SSSRning Vashingtondagi elchixonasiga borib, pul evaziga o‘z xizmatini taklif etadi. Boshlig‘iga esa sovet elchixonasi xodimlarini o‘z tomoniga og‘dirish payida bo‘layotgani haqida aytadi.

Oldrich KGB bilan 9 yil (SSSR parchalanguncha 6 yil, Rossiya mustaqil bo‘lgach 3 yil) hamkorlik qiladi. Shu davr mobaynida u MRB foydasiga ishlab kelayotgan 12 nafar (boshqa manbalarda 25, hatto 40 nafargacha ham deyilgan) KGB va FSB xodimlarini ushlab beradi.

Natijada SSSRda KGB va GRUning o‘ndan oshiq yuqori lavozimli zobitlari qo‘lga olinadi. Ularning 10 nafari o‘lim jazosiga hukm qilinadi. Qolganlar uzoq muddatga qamaladi.

Bu davr mobaynida avvaliga sovetlar, keyin esa ruslar unga millionlab dollar to‘lashadi. Ma’lumotlarga ko‘ra sovet razvedkasi tarixida eng katta pul aynan Oldrichga to‘langan.

Oldrich anchayin ochko‘z va hashamatga o‘ch inson bo‘lgan. Shu tufayli u MRB tomonidan fosh etiladi. MRB Oldrichdan shubhalanib tekshirganda uning yarim million dollarga Vashington yaqinida uy olgani, qimmatbaho Yaguar mashinasida yurishi, shuningdek, xotinining nomida ikkita kvartira borligi aniqlanadi.

1994 yilda Oldrich va uning xotini Mariyani Vashington shahar chetida joylashgan uyida hibsga olishadi. Qo‘llariga kishan taqilayotganda Oldrich “Sizlar juda katta xatoga yo‘l qo‘yyapsizlar. Sizlar boshqa odamni ushladinglar”, deb baqiradi.

Tergovda Oldrich barcha ayblarini tan oladi. 1994 yilda sud Mariyaga 5 yil, Oldrichga umrbod qamoq jazosini beradi. Hozir u Indiana shtatidagi qattiq rejimli Terre-Xot qamoqxonasida jazo o‘tayapti.

Kim Filbi

Foto: alamy.com
Kim Filbi uzoq yillar davomida MI-6 da tashqi razvedka boshlig‘i bo‘lib ishlagan. Xizmatlari uchun Britaniya imperiyasi ordeni bilan taqdirlangan.

Biroq o‘sha davrda u “hammani teng huquqli qilish” haqida da’vo qilayotgan sovetlar ta’siriga tushib qoladi va NKVD bilan ham hamkorlik qila boshlaydi.

Ikkinchi jahon urushi paytida u “Kembrij beshligi” deb atalgan, sovetlarga “sotilgan” britaniyalik josuslar tarmog‘iga rahbarlik qiladi. Bu guruh a’zolari urush paytida sovetlarga juda ko‘p maxfiy ma’lumotlarni berishadi. Ma’lumotlarga ko‘ra ular 914 ta maxfiy hujjatni Moskvaga topshiradi.

Urush tugagandan so‘ng britaniyaliklar Kim Filbi va uning guruhidan shubhalana boshlashadi. Natijada 1950-yillar boshlarida guruh a’zolaridan ikki kishi SSSRga qochadi.

Guruh a’zosi bo‘lgan Entoni Blant SSSRga qochishni rad etadi. Unga Moskvaga qochish taklif etilganda shunday deb javob beradi:

“Men sovet xalqi qanday og‘ir ahvolda yashayotganini juda yaxshi bilaman. Men unday hayotni o‘zimga ravo ko‘rmayman. Shu sababli men uchun SSSRda yashash ma’nisiz va mantiqsiz bo‘ladi”.

Kim Filbi 1963 yilda AQSHda yurganida fosh bo‘ladi va u ham SSSRga qochib keladi va shu yerda sovet fuqarosi bo‘lgan ayolga uylanadi.

Kim Filbi SSSRda yashar ekan, bu yerdagi hayot Londondagidan keskin farq qilishini ko‘radi. Oddiy sharoitga ko‘nikishi qiyin bo‘ladi. Biroq ortga yo‘l yo‘q edi.

Kim Filbi 25 yil Moskvada yashaydi va 1988 yilda 76 yoshida vafot etadi.

Oleg Penkovskiy

Foto: soft-commander.net
SSSR Qurolli kuchlari bosh shtabiga bo‘ysunuvchi Tashqi razvedka xizmati polkovnigi bo‘lgan Oleg Penkovskiy Britaniyaning MI-5 va MI-6 razvedka xizmati bilan hamkorlikni 1950-yillar oxirida boshlagandi.

Sovuq urush davrida G‘arbning eng muhim josuslaridan biri bo‘lgan Oleg SSSRning yadroviy kuchlari (jumladan, Kubadagi) va Xrushchevning rejalari haqidagi 5 500 ta hujjatni MI-6ga yuborgan.

Aksariyat tarixchilar va boshqa mutaxassislar uning bu ishi yadro urushi boshlanishining oldini olgan deyishadi.

Gap shundaki, o‘shanda Olegning “sotqinligi” evaziga AQSH SSSRda qancha yadro qurollari va qanday turdagi raketalar borligi haqida to‘liq ma’lumot oladi. Shundan so‘ng prezident Kennedi sovetlar bilan to‘qnashish og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkinligini o‘ylab tiyiladi.

KGB Penkovskiydan 1961 yilda gumon qila boshlagan. U 1962 yil oktyabr oyida hibsga olingan va rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1963 yilda otib tashlangan.

Biroq boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, Oleg KGB xodimlari tomonidan krematoriy pechida tiriklayin yoqib yuborilgan. Jarayon kinokameraga yozib olinib, keyinchalik KGB va GRU xodimlarini qo‘rqitish uchun ularga ko‘rsatib turilgan.

Xuan Garsiya Pujol

Foto: xlsemanal.com
Xuan Pujol 1912 yilda tug‘ilgan Barselonada tug‘ilgan. Keyinchalik u Ispaniya fuqarolar urushi boshlanganda do‘konda sotuvchi bo‘lib ishlaydi.

Ikkinchi jahon urushi boshlangach Xuan Britaniya va Amerika razvedkasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga harakat qiladi. Ammo oddiy sotuvchining ma’lumotlari ularga qiziq tuyulmaydi.

Shundan so‘ng Xuan o‘z xizmatlarini nemis razvedkasiga taklif qiladi. Nemislar hamkorlikka rozi bo‘lishadi va unga Buyuk Britaniyada josuslik tarmog‘ini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berishadi.

Ingliz tilini bilmagani uchun Xuan Londonga emas, Portugaliya poytaxti Lissabonga boradi. Biroz vaqt o‘tgach u yerdan nemislarga go‘yoki Angliyadan olingan ma’lumotlarni topshiradi.

Xuan bu ma’lumotlarning bir qismini ochiq manbalardan (qo‘llanmalar, gazetalar va reklamalardan) olgan, qolganlarini o‘zi o‘ylab topgandi.

Shu tariqa Xuan soxta josuslar tarmog‘ini o‘ylab topadi va nemislarga uzuq-yuluq ma’lumotlar jo‘natishda davom etadi. Nemislar Londondan Xuan bilan ishlayotgan josuslarni qidira boshlashganda Britaniya razvedkasi u bilan qiziqib qoladi.

Iste’dodli firibgar bundan ham foydalanib qoladi va o‘z faoliyatini davom ettirib, endi inglizlarga ham uncha muhim bo‘lmagan ma’lumotlarni bera boshlaydi.

U nemislarga yuborayotgan ma’lumotlarni Axborot vazirligida ishlovchi nazoratchi (senzor), ofis xodimi, Britaniyadagi amerikalik askar, gollandiyalik styuardessa va fashizmga hamdard bo‘lgan uelslik josuslar nomidan yuborib turgan.

Garchi Xuanning yolg‘on yoki muhim bo‘lmagan ma’lumotlari va hisobotlari biroz kechikib borsa ham nemislar bu fidoyi ispaniyalik va u yollagan josuslarning “Angliyada bajarayotgan ishlaridan” shubhalanishmaydi.

Bu orada Xuan yuborgan noto‘g‘ri ma’lumotlar tufayli nemis qo‘mondonligi ikkita operatsiyada katta talafot ko‘radi. Birinchisida, josusning maslahatidan so‘ng nemis qo‘shinlari noto‘g‘ri joyga joylashadi.

Ikkinchisida Germaniya rahbariyati 1944 yilda ittifoqchilarning Normandiyaga bostirib kirish vaqti va joyi haqida noto‘g‘ri ma’lumot oladi va oqibatda jiddiy yo‘qotishlarga uchraydi.

Xuan ikki tomonlama josus rolini qoyillatib o‘ynar ekan, inglizlar uni Britaniya imperiyasi ordeni bilan, nemislar esa Temir xoch bilan taqdirlashadi. Biroq urush davom etayotgani uchun Xuan ularning ikkalasini ham olishga muvaffaq bo‘lmaydi.

Urush tugar ekan, Xuan o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun 1945 yilda o‘z o‘limi haqida soxta hujjatlar qildiradi. So‘ng ism-sharifini almashtirib Venesuelaga ko‘chib o‘tadi.

Xuan Janubiy Amerikada kitob do‘koni ochadi va yana 40 yil yashab, 1988 yilda vafot etadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tarixdagi eng mashhur ikki tomonlama josuslar