11:33 / 21.05.2019
3 289

U hamon kutardi...

U hamon kutardi...
Jazoir.

– Xavotirlanma, xotin. Men, albatta, qaytaman. Bu shunchaki anglashilmovchilik…

Uni olib ketishdi.
Xotin esa ag‘dar-to‘ntar bo‘lib yotgan uyni yig‘ishtirishga tushdi.
Shundan so‘ng ayol erini intizorlik bilan kuta boshladi.

Kunlar, oylar o‘tdi. Birinchi qishdan chiqish ancha qiyin kechdi. Eri tashlab ketgan ozgina pulning ham tagi ko‘rindi. O‘g‘lining ishtahasi juda yaxshi edi. Allohga shukurki, yigitcha ancha baquvvat chiqdi. “O‘g‘limga ko‘z tegmasa bo‘lgani”, – ona ichida o‘z-o‘ziga takrorlardi.

U sabrli edi. Axir, eri unga ketishidan avval: “Qaytaman…” demaganmidi? Bekorga bunday demaydi-ku. Eri hech qachon hech kimni aldamas edi. Uni rostgo‘yligi uchun ham qo‘shnilari hurmat qilishardi.

U erini soat sanab kuta boshladi. Erini olib ketishga hech qanday asos yo‘q edi. Hatto eng hasadgo‘y qo‘shnilar ham, hech kimga gap bermaydigan, hammomda uchrashib qolishsada doim fisqu fasod gap sotadigan, o‘taketgan g‘iybatchi xotinlar ham bu odam haqida hurmat bilan gapirishardi.

Albatta, u tez orada qaytib keladi…

Ikkinchi qish yana ham og‘ir keldi. Ayol birin-ketin zeb-ziynatlarini sota boshladi, har bir buyumi bilan yuragining bir parchasi qo‘shilib ketganga o‘xshardi. Chunki bu taqinchoqlarni eri hayotining eng baxtli kunlarida: nikoh to‘ylarida, suyukli o‘g‘li tug‘ilganida sovg‘a qilgandi. Ayol ham bu qimmatbaho buyumlarni farzandining to‘yiga asrab qo‘ygandi. Biroq nima ham qila olardi, axir, yashash kerak! O‘g‘li ham katta bo‘lib qoldi, o‘qishini tashlamasligi lozim. Tag‘in unga kitob sotib olish kerak.

Tez orada eri qaytib keladi va hammasi o‘z o‘rniga tushadi, yana taqinchoqlar olib beradi. Olib bermasa ham mayli, o‘ylab qarasa, zeb-ziynatsiz ham bemalol baxtli yashasa bo‘ladi. “Mendayin qari ayolni bezak yashartira olmaydi.”, deb o‘z-o‘ziga taskin beradi.

U chidam bilan kutardi. Ba’zida eshikni kimdir ohista taqillatganday bo‘lar, shunda ayolning yuragi qinidan chiqib ketayozardi. Chunki faqat erigina shunday eshik qoqardi. Biroq u har safar yanglishar, bu boshqa birov bo‘lib chiqardi. Nega eri bunchalik hayallab qoldi ekan? Harchand o‘ylasa ham sababini topa olmasdi.

Uyi uning uchun butun bir olam edi. Hammomga borsa xotinlar bilan laqillab qolib ketmas, do‘konga kirsa, shoshib xarid qilgancha chiqib ketardi. Tanish-bilishlari esa barmoq bilan sanagulik edi.

“Tartibli ayol oilasi va uyiga qarashi kerak!”, – eri doimo shunday derdi va u haq edi. Xotini esa miq etmay unga itoat qilardi…

Birinchidan, savodi yo‘q, ikkinchidan, o‘g‘li yarim tungacha eshitadigan radiodan nimani gapirishayotganining farqiga bormasdi.
Keyingi qishda o‘g‘li ham ketdi. Ona hech narsani bilmasdi. Qayoqdan ham bilsin?

Oxirgi paytlarda o‘g‘li o‘zgarib qoldi: o‘rtoqlari bilan uchrashmas, avvalgidek kulmasdi (avvallari o‘g‘li doimo onasining ko‘nglini ko‘tarish uchun hazil qilardi), onasi tayyorlagan mazali taomlarga bazo‘r qo‘l urardi.

O‘g‘li xonasida o‘tirib, radio tinglar va mutolaa qilardi; gazetalarning shitirlashi quloqqa chalinardi. “O‘g‘limga nimadir bo‘ldi, – o‘ylardi ona, – balki, sevib qolgandir? Rostdan ham, balog‘atga yetib qoldi, tezroq uylantirish kerak…” Ona shunday o‘y bilan uyquga ketar, tushiga nevaralariga enagalik qilayotgani kirardi.

Bir kuni o‘g‘li uyga turli yeguliklar bilan qaytdi. O‘zida yo‘q xursand edi.
– Kitoblarimni sotdim, – dedi u, – endi ularning menga keragi yo‘q. O‘qishni tashladim…

Ona o‘g‘lini biroz koyidi. Axir kitoblar uning uchun qanchalik qadrli edi-da. Keyin ovqat tayyorlashga tutindi. U shunday baxtiyor ediki, hatto bir zumgagina erini yodidan chiqardi!

Anchadan beri bunday lazzatli taomni tatib ko‘rishmagandi. Ovqatdan so‘ng o‘g‘il onasidan choy damlab berishini va u bilan birga o‘tirishini so‘radi. Ona o‘g‘li mahbubasi haqida gapirsa kerak, deb o‘yladi. Negaki faqat sevib qolgan o‘smirgina shunday jiddiy bo‘lib qoladi, sevgan kishininggina ko‘zlari shunday chaqnaydi…

O‘g‘lining gaplaridan uning yuragi qinidan chiqqudek bo‘ldi. U jimgina tinglardi. Yo‘q, to‘g‘rirog‘i, o‘g‘lining og‘ziga shunchaki termulib turardi. Chunki bu og‘izdan chiqayotgan so‘zlar go‘yo anhorga quyilayotgan toshqinday notanish va begona edi.

– Tushuning, oyi, shunday qilish kerak. Ozodlik… Jazoir mustaqilligi…
O‘g‘il zavq-shavq bilan to‘xtovsiz gapirar, tushuntirgandek bo‘lardi. Ayol uni sira bunday holatda ko‘rmagandi.

– Tushuning, oyi. Vatan mustamlakachilikdan qutulishi kerak. Agar otam hozir shu yerda bo‘lganida bizga qo‘shilgan bo‘lardi.
Lekin ona bu narsalarni tushunishga qodir emasdi.

Ko‘ngli chilparchin bo‘lgan bir alfozda o‘yga tolardi: otasi qaytsagina hammasi joy-joyiga tushib ketadi. Eh, faqat tezroq qayta qolsaydi! Quloqlarida erining xotirjam tovushi hamon yangrardi: “Xavotirlanma, men qaytaman”. Axir, shunday deganidan keyin…

Ertalab, odatdagidek, o‘g‘liga qahva olib kirdi. Xona bo‘m-bo‘sh edi. Onaning ko‘ngli chil-chil bo‘ldi. Eri, farzandini intiq kutayotgan yolg‘iz ona uchun endi kunlar bir-biriga o‘xshaydi: sovuq, rangsiz, bo‘m-bo‘sh…

U doim o‘g‘liga atab biror bir shirinlik olib qo‘yar, unga qanday taom tayyorlasam ekan, deya o‘ylanib qolardi. “Bugun kechasi, albatta, uyga qaytadi”, – derdi o‘ziga o‘zi dasturxon tuzayotgan mahali yoki o‘choq boshida kuymalanayotib. Ammo tayyorlagan taomlari qanday qo‘ygan bo‘lsa, shundayicha qolib ketardi.

Begona kishilarnikida xizmat qilishga, kir yuvishga, supur-sidir qilishga to‘g‘ri keldi. Baribir tirikchilik qilish kerak, axir, bitta o‘zi bo‘lsa-da, jig‘ildonini tikib qo‘yib bo‘lmaydi-ku.

Shu zaylda yashashda davom etdi, go‘yo soyadek, jimgina. Yillar esa bir-birlari bilan quvlashmachoq o‘ynardi. Goho qulog‘iga uzuq-yuluq gap-so‘zlar chalinib qolardi: “Bechora… yolg‘iz qoldi… o‘ylab ko‘rgin, axir, eri ham, o‘g‘li ham… ulardan biron bir xabar yo‘q…”.

U keksayib, kuchdan qoldi. Kechalari isinish uchun qimir etmay o‘choq yonida o‘tirar, qalbida birgina miltillab turgan kuchsiz umid uni hayotga bog‘lab turgan ilinj edi: u hanuz eri va o‘g‘lining qaytishini kutar, agar shu umid bo‘lmaganida, hayot uning uchun o‘z ma’nisini yo‘qotgan bo‘lardi.

Bir tong shahar aholisi hayajon bilan uyg‘ondi. Pastak tomlardan ayollarning shod-xurram qiyqiriqlari yangradi. Tinmay kuylab, butun shaharni boshlariga ko‘tarishdi. Har yoqdan olomonning: “Ular qaytishdi! Bizning jasur qahramonlarimiz! Yashasin, ozod Jazoir! Alloh shahidlarni rahmatiga olsin!..” degan xitoblari eshitildi.

Keyin hammasi suv quygandek tinchidi.

… Yana kumush qish oppoq to‘shagini yoydi. Endi u ayol emas, ko‘zlari xiralashgan, serajin kampir edi. U hamon kutardi.
Onalar doim kutishadi. Onalarning qismati shunday. Kutishdan charchaydigan ona topilarmikin?!

Quloqlari ostida hanuz erining ovozi jaranglaydi. O‘g‘liga nasihat qilayotganlari yodida: “Ko‘chada boshingni tik ko‘tarib yur, bu yerning asl egasi sensan, o‘g‘lim’’. O‘g‘li esa diqqat bilan tinglaydi. Axir, otalar doimo haqiqatni gapiradilar…

Qaysidir oqshom ko‘chadan, deraza tagidan kampirning qulog‘iga tanish qadam tovushlari chalindi, balki, shunday tuyulgandir.

“Bu aniq ikkovining qadam olishlari… men bilaman-ku… Mana, otasining og‘ir, bir maromda qadam bosishi, mana o‘g‘limniki… Ha, albatta, ularniki, boshqa kimniki ham bo‘lsin! Qodir egam, o‘zingga shukur, ichimdagi o‘t so‘nay deb qolgandi-ya…”

– Endi u g‘am-anduh bo‘lmaydigan maskanda, – deyishdi tongda kampirning vafotidan xabar topgan qo‘shnilari. – Nihoyat, yaqinlarining yoniga boradigan bo‘ldi…

Rus tilidan Saidjalol SAIDMURODOV tarjimasi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » U hamon kutardi...